Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ilgʻor xalqaro tajriba asosida “Milliy oʻquv dasturi”ni tuzish, mazkur dastur asosida 2021–2022-oʻquv yilining 1-sentyabrigacha 1–2-sinf oʻquvchilari uchun yetti tilda yangi avlod darsliklarini, ushbu sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilarga metodik qoʻllanmalar, oʻquvchining mashq daftari, multimedia ilovalarini yaratish va nashr etish sohasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Aytish joizki, amaldagi darsliklar kamchiliklari boʻyicha aholidan, ota-onalardan bir qator takliflar kelib tushmoqda va ushbu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Jumladan, darslikda oʻquv dasturining bob va mavzulari toʻlaligicha oʻz ifodasini topmagan, darslikdagi mavzularning oʻquv rejadagi dars soatlariga nomutanosib, mavzularni yoritishda materiallar ilmiy jihatdan toʻgʻri berilmagan, darslik mavzularini oʻzlashtirish uchun berilgan mashq, topshiriq va amaliy mashgʻulotlar pedagogik texnologiyalar asosida tuzilmagan.
Deputatlar tomonidan hududlarda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqitiladigan darsliklarni oʻrganishda nafaqat darsliklardagi xatoliklar, balki ayrim maktablarda darsliklarning yetarli emasligi, ayrim maktablardagi kutubxonalar ham talab darajasida emasligi koʻzga tashlandi. Xususan, Andijon viloyatida maktab oʻquvchilari 96, Buxoro viloyatida 97 foizga darsliklar bilan taʼminlangan, Qorakoʻl tumanidagi 23, 50-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida va Olot tumanidagi 4, 35-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida alohida kutubxona yoʻq, kutubxona oʻqituvchilar xonasida joylashgan.
Deputatlar Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markaziga tashrifi davomida “Milliy oʻquv dasturi”ning joriy etilishi holati, oʻquv adabiyotlarning yaratilishi va nashr etilishi, “Milliy oʻquv dasturi”ning xalqaro ekspertlar, amaliyotchi oʻqituvchilar ishtirokida sinovdan oʻtkazilgani, ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarning inobatga olinganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining “Milliy oʻquv dasturi” asosida yaratilgan oʻquv adabiyotlar bilan taʼminlanganlik holati hamda ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanganligi masalalari ham xalq vakillarining diqqat markazida boʻldi.
Muloqotlar davomida Davlat dasturining 225-bandidan kelib chiqib yangi avlod darsliklarini oʻqituvchining metodik qoʻllanmasi, oʻquvchining mashq daftari va multimedia ilovasi bilan birga kompleks tarzda yaratish va nashr etish, oʻquvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash, ularga oʻz bilim va koʻnikmalaridan amaliyotda foydalanishni oʻrgatuvchi malaka talablarini sinflar kesimida ishlab chiqish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Tegishli soha mutasaddilari ishtirokida yigʻilish tashkil etilib, sohani yana-da rivojlantirishda yoshlarni mamlakat kelajagi deya qarash tamoyili doirasida ish olib borish lozimligi taʼkidlandi.