Oliy ta’lim tizimidagi tub islohotlar, o‘qitish sifatini ko‘tarishga qaratilgan o‘zgarishlar, mamlakatda birinchi marotaba davlat OTMlarga moliyaviy va akademik mustaqillik berilgani, ilm ahli, xususan, o‘qituvchilarning majburiy mehnatdan ozod etilgani, sha’ni, qadr-qimmati Konstitutsiyamiz darajasida mustahkamlangani, byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, ilm uchun keng ijodiy muhit yaratilgani samara bermoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik yoshlarni astoydil o‘qish, ishlash, yangiliklar qilish, marrani baland olish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga undayapti.
Tizimda sifat va samara uchun mustahkam ustun yaratildi. Eng muhimi, har bir oilaning farzandi oliy ma’lumot olishi uchun keng imkoniyat mavjud. Yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi keskin oshdi. Natijada har yilgidan ko‘ra ancha ko‘p yoshlarning yuragidagi talaba bo‘lish orzusi ro‘yobga chiqmoqda. Birgina misol: bundan olti yil avval Farg‘ona davlat universiteti talabalari soni 10 mingga ham yetmasdi. Ayni paytga kelib, OTMda 32 mingdan ziyod yigit-qiz ta’lim olyapti.
OTMlar faoliyatidagi islohotlar natijasi Farg‘ona davlat universiteti faoliyatida ham yaqqol ko‘rinadi. Yaqinda Ispaniyaning Webometrik, Avstraliyaning UniRank, Gruziyaning RUR kabi nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari ro‘yxatida yuqorilayotgan universitetimiz kuni kecha Buyuk Britaniyaning mashhur va nufuzli “THE” (Times Higher Education) agentligi reytingidan 14 indikator bo‘yicha yuqori o‘ringa ega bo‘ldi.
Mamlakatimizdagi qator OTMlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani professor-o‘qituvchilar uchun erkin ilmiy-ijodiy muhitning qaror topishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu orqali oliygohlarda moliyaviy va akademik barqarorlik ta’minlandi. Mustaqil ravishda yangicha, jahon standartlari asosida o‘quv rejalar, innovatsion dasturlar ishlab chiqildi. Fan ahlining ilmiy yondashuvlari butkul yangilana boshladi. Tizimdagi barcha yo‘nalishlar mustahkam ilmiy va moddiy asosga ega bo‘ldi. Zero, ilmning o‘zi ham konseptual asosga ko‘chirildi. Natijada samaradorlik ortib, oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligi ko‘rina boshladi va ilmning tijoriylashuviga imkon yaratildi.
Magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan xotin-qizlar shartnoma pulining davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi qanchadan-qancha singillarimizga katta mmoddiy-ma’naviy yordam bo‘ldi. Bu xalqimiz orasida yuradigan bir hikmatli gapga aynan mos tushdi: “Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, o‘zingga yaxshilik qilgan bo‘lasan. Agar qizingni o‘qitsang, millatga yaxshilik qilgan bo‘lasan”. Demak, birgina shu tashabbus orqali millatga, kelajak egalariga ezgulik ulashildi.
Oliygohlar o‘quv jarayoniga xalqaro yangi metod — kredit-modul tizimi joriy etildi va har bir talaba uchun o‘zini-o‘zi ijobiy tarafga o‘zgartirish, shaxsiy rivojlantirishga erishish strategiyasi amalga oshirilmoqda. Ya’ni shaxsni o‘z izlanishi bilan faollashtirish orqali sifatli ta’limga erishish yo‘li belgilandi. Bu aniq strategiyaga asoslangan tizim orqali ko‘plab korrupsion holatlar yo‘q qilindi. Faoliyatimizga tatbiq etilgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi jamoamiz kuchiga kuch qo‘shib, salmoqli ilmiy izlanishlarga undamoqda. Natijada o‘tgan yili universitetda 85 ta dissertatsiya yoqlangan bo‘lsa, joriy yilda 100 taga yetishi kutilmoqda. Quvonarlisi, tadqiqotchilarning aksariyati yoshlar. Demak, islohotlar kuch berib, yoshlarimiz ilmga qaytdi. Ayniqsa, iqtidorli yigit-qizlar bilan ishlash tizimi, ularni to‘g‘ri seleksiyalash, individual tartibda ishlash jonlandi. Buning natijasida Farg‘ona davlat universitetidan 18 nafar stipendiant yetishib chiqdi.
Inklyuziv ta’limga qaratilgan e’tibor ko‘plab yoshlarning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolat bo‘lmoqda. Universitetimizda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, to‘liq davlat ta’minotidagi chin yetimlar, “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari qatori nogironligi bo‘lgan yigit-qizlar ham ta’lim olib, moddiy rag‘batlantirilmoqda.
Bugun Farg‘ona davlat universitetining sirtqi ta’lim shaklida ham o‘qib, ham ishlab daromad topayotgan talabalar soni 5 ming nafardan oshdi. Ular oliy ta’lim muassasamizda — yonimizda ishlamoqda. Aksariyati oliygohga ajratilgan “Oqbilol”, “Do‘stlik” o‘quv-tajriba agrouchastkalarida ishlab, chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Hududiy integratsiya ishlari samarali davom etib, mahalliy korxona va yirik agrokompaniyalar, viloyatdagi sanoat markazlari, zavodlar, fermer xo‘jaliklari, klasterlarda ishlab kelayotgan yuzlab talabalar haqiqiy amaliyotni ko‘ryapti va tajriba to‘plamoqda.
Insonparvar qonun va qarorlar talabalarni har tomonlama suyab, ilm olishida kuchli tirgak bo‘layotir. Aynan shu imkoniyatlar asosida oliygohimizda 1,5 mingdan ortiq yoshga mo‘ljallangan qo‘shimcha shinam va zamonaviy talabalar turar joylari barpo etildi. Yana yangi qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
Mamlakatimizning intellektual qiyofasini namoyon etayotgan yoshlar bugun oliygohni o‘z uyi, ota-onasidek qadrlashni o‘rgandi, bilimga astoydil mehr qo‘ydi. Bu o‘zgarishlar ta’limning qaysi bo‘g‘inida sodir bo‘lmasin, tizimdagi ko‘rsatkichlar hali O‘zbekistonda ma’rifat, ilm-fan uchun uchun Renessans davrining ibtidosi ekani va kelgusida yoshlarimizni bundan-da katta imkoniyatlar kutayotganini bugun hamma teran anglab yetmoqda.
Bahodirjon ShЕRMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor