Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Yevropaning ilgʻor 12 ta akademik va oliy taʼlim muassasalari hamda 1 ta ishlab chiqaruvchi korxonasi ishtirokida “HYDRO4U” konsorsiumi tashkil qilingan.

Taʼkidlash joizki, ikki kun davom etadigan mazkur yigʻilishda konsorsium aʼzolari tomonidan oʻtgan 2021-yilda loyiha doirasida amalga oshirilgan keng koʻlamli faoliyatning natijalari hamda kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilinadi.

Bu borada, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “HYDRO4U” konsorsiumi tomonidan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida, Fargʻona viloyatining soʻlim Shohimardon qishlogʻiga quvvati 2,2 MVtlik, umumiy qiymati 2 million yevroga teng GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining 1,0 million yevrolik grant mablagʻlarining jalb etilishiga erishildi.

Shuningdek, jahonda ushbu yoʻnalishda yetakchi boʻlgan Avstriyaning “Global Gidro” kompaniyasi bilan texnologik uskunalar keltirish uchun shartnoma imzolanadi. Hozirda mazkur kompaniya tomonidan texnologik uskunalarni ishlab chiqarishga kirishildi.

Loyihadagi qurilish-montaj ishlari, elektr energiyasini uzatish va mexanik uskunalarni keltirish uchun “Oʻzbekgidroenergo” AJning qariyb 12 milliard soʻmlik oʻz mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Ushbu GESning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga qoʻshimcha oʻrtacha 12 800 ming kilovat/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi taʼminlanishi kutilyapti.

Bu esa, Shohimardonda yashovchi qariyb 7 000 nafar aholi yoki 2 100 ta xonadonning elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻligʻicha uzluksiz qondirish hamda ushbu hududda ishlab chiqarish va turizmni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida qoʻllanilayotgan blok-modulli mikroGES uskunalari qurilish xarajatlarini qariyb 500 ming yevroga tejash imkonini yaratdi, deb xabar beradi Energetika vazirligi “Oʻzbekgidroenergo” AJ maʼlumotiga tayanib.

Shartnoma grafigiga muvofiq, Shohimardon GESining 2023-yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.