Vaholanki, bugun mana shu kengliklarda chinakam jamol ochgan navqiron shahar va tumanlar, obod qoʻrgʻonu qishloqlar, manzilu ovullar joylashgan. Tabiiyki, ushbu goʻshalarning oʻz anʼanasi, qadriyati, sanʼati hamda ustozlari izidan kelayotgan yosh iqtidorlari bor. Ularni yuzaga chiqarish, ragʻbatlantirish va elga tanitishda “Qizilqum ohanglari – 2025” anʼanaviy ijrochilik koʻrik-tanlovining oʻrni beqiyosdir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan joriy yilgi anʼanaviy festival “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi tasarrufidagi barcha madaniyat maskanlari ijrochilarini, ijodiy jamoalar, yosh isteʼdodlar va mohir ustozlarni bir sahnaga jamladi. Tanlov koʻlami, undagi ijodiy kayfiyat va sanʼatkorlar mahorati – bularning barchasi tanlovning yil sayin nufuzli musiqiy anʼanaga aylanib borayotganidan darak beradi.

“Qizilqum ohanglari – 2025” IV anʼanaviy ijrochilik koʻrik-tanlovining birinchi bosqichida anʼanaviy cholgʻular ansambllari va sozandalarning 10 ta, shuningdek, katta va kichik yosh toifasidagi xonandalarning 15 ta chiqishi koʻrib chiqildi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar bastakorlar ijodidan bittadan asar ijro etib, mahoratlarini namoyish etishdi.

– Ushbu tanlovda hakamlar hayʼati raisi sifatida ishtirok etib, hududlarda anʼanaviy ijrochilik sanʼatiga berilayotgan eʼtibordan juda mamnun boʻldim, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova. – Isteʼdodlarni koʻrib quvondik, baʼzan tanlovning masʼuliyatli daqiqalarida qiynaldik. Har bir ishtirokchi oʻziga xos chiqishlari bilan yodda qoldi. Mazkur tanlov misolida kombinat tizimidagi madaniyat muassasalari nafaqat sanʼat anʼanalarini asrab kelayotgani, balki yangi avlod ijodkorlarini tarbiyalash borasida ham ulkan yutuqlarga erishayotganiga guvoh boʻldik. Ayniqsa, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ijrochilarning sahnadagi ishonchi, mahorati va milliy kuy-qoʻshiqqa mehrida ustozlar mehnatining samarasi yaqqol sezildi.

Festival davomida yakkaxon ijrochilar, ansambllar, sozandalar va ularga hamrohlik qilgan ustoz-murabbiylar uchun barcha qulayliklar yaratilib, jarayonning mazmunli va unutilmas oʻtishiga zamin hozirlandi. Tanlov ishtirokchilari oʻrtasida doʻstlik va ijodiy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida NKMK kasaba uyushmasi kyengashi tomonidan “Doʻstlik oqshomi” ham tashkil etildi.

Anʼanaviy cholgʻular ansambli yoʻnalishida Farhod madaniyat saroyining “Saraxbor” maqomchilar ansambli gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Buni jamoaning uzo yillik izchil mehnati, ijro madaniyati va oʻziga xos talqinining munosib eʼtirofi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Ushbu jamoa sahnadagi uygʻunlik, kuylarning nafis talqini va milliy ijrochilik maktabiga xosligi bilan tomoshabinlar va hakamlar hayʼatining yuksak bahosiga sazovor boʻldi.

Kichik yosh toifasida Uchquduq madaniyat saroyidan ishtirok etgan Azizbek Isomiddinovning gʻalabasi esa yosh isteʼdodlar safi kengayib borayotganidan dalolatdir. Uning jarangdor ovozi, kuyga boʻlgan sezgirligi va sahnadagi erkinligida porloq kelajak hamda yorqin umidlar borligi koʻrinib turdi.

Katta yosh toifasida Zafarobod hududiy boshqarmasiga qarashli Paxtachi tumani Qarnabota qoʻrgʻonidagi “Shodlik” klubi aʼzosi Marjona Otaqulovaning gʻalabasi yillar davomida shakllangan mahoratning yorqin ifodasi boʻldi. U ijro etgan qoʻshiqlarda kuy ohangi, soʻz mazmuni va sahna madaniyati oʻzaro uygʻunlashib, tomoshabinlarga chinakam maʼnaviy zavq ulashdi.

Tanlovda ishtirok etgan barcha jamoalar va yakka ijrochilar oʻziga xos ijro uslubi, mahorati hamda sahna madaniyati bilan alohida eʼtirof etildi. Hakamlar hayʼati tomonidan bildirilgan fikrlarda ham tanlovning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasi va sanʼatga boʻlgan ixlosi alohida taʼkidlandi.

Ushbu koʻrik-tanlov anʼanaviy ijrochilik xalqimizning koʻhna musiqiy merosi, milliy oʻzligimizning eng yorqin ifodasi sifatida bugun ham bardavom yashayotganini amalda yana bir bor namoyon etadi. Yurtimizda milliy sanʼatni rivojlantirishga xizmat qilayotgan bunday tanlovlarning davomli boʻlishi yosh avlodni sanʼatga oshno etishi va ustozlar maktabini yanada mustahkamlashi shubhasiz. “Qizilqum ohanglari” jarangi esa yana koʻplab isteʼdodlar qalbiga ilhom va quvonch bagʻishlayveradi. Zero, anʼanaviy sanʼat maktabi yoʻqolmaydi, aksincha, yangidan yangi isteʼdodlar bilan boyib boraveradi. Umidli yoshlar, tajribali ustozlar va fidoyi ijodiy jamoalarning bir sahnada jam boʻlishi nafaqat musiqiy madaniyatni yuksaltiradi, balki milliy ruh va qadriyatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri