“Nomoddiy madaniy meros” tushunchasi urf-odatlarni, oʻziga xoslikni ifodalash shakllari, bilimlar va koʻnikmalarni, shuningdek, ular bilan bogʻliq jihozlar, predmetlar, artefaktlar va madaniy makonlarni aks ettiradi.

Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan bunday nomoddiy madaniy meros doimo muayyan hamjamiyatlar va guruhlar tomonidan ularning atrof-muhitga, tabiatga va oʻz tarixiga bogʻliq holda yaratiladi va bu ularda oʻziga xoslikni, vorislik tuygʻusini shakllantiradi. Insoniyat ijodini va madaniy turli-tumanlikning hurmat qilinishiga koʻmaklashadi.

–Folklorshunos olimlar, tarixchilar va bir qator koʻngilli ziyolilar jalb qilingan loyihamizga start berildi, –deydi “Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi direktori Lutfiya Mirzayeva. –Biz ilk tashabbusni Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidan boshladik. Hozir bir guruh faollarimiz hududdagi nomoddiy madaniy meroslarni oʻrganyapti. Ularni audio, video va matn koʻrinishida yozib olib, keng jamoatchilikka taqdim etishni maqsad qilib olgan. Loyihamiz aʼzolari bir yil davomida hududlarda boʻlishadi. Uch bosqichda amalga oshiriladigan ekspeditsiyalarda yurtimizdagi eʼtibordan chetda qolayotgan, unutilib borayotgan qadriyatlarimizni oʻrganadi.

Loyiha mamlakatda nomoddiy madaniy meros elementlarini inventarizatsiya qilish, maʼlumotlar bazasini yaratish, hujjatlashtirish hamda milliy va ularni xalqaro darajada kengroq targʻib qilishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan.