Ayniqsa, ushbu marosimda davlatimiz rahbarining soʻzlagan nutqi juda sermazmun va keng qamrovli boʻldi, deyish mumkin. Unda Oʻzbekiston oʻz oldiga juda katta maqsadlarni, yangi marralarni qoʻyganligini koʻrish mumkin. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda sharoit ham, imkoniyat ham, yetarli intellektual va maʼnaviy salohiyat ham mavjudligi davlat rahbari tomonidan taʼkidlab oʻtildi.
Eʼtiborimizni tortgan jihati shuki, davlat rahbari nutqidagi fikr-mulohazalar, belgilangan vazifalar butun xalqimiz uchun tushunarli tilda bayon etildi. Chunki, Prezidentimiz tomonidan kelgusi 7 yilga moʻljallab ishlab chiqilgan Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim strategik yoʻli mohiyati ochib berildi. Unda har bir soha chuqur tahlil qilinib, alohida eʼtibor qaratilganligiga guvoh boʻldik.
Davlatimiz rahbari ayniqsa, yoshlar masalasiga keng toʻxtalibgina qolmay, shu yerni oʻzida ularga Yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida murojaat qildi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, qadriga yetib, doim intilish va izlanishda boʻlishlariga chaqirdi.
Bu fikrlar mamlakat taraqqiyot yoʻlida yoshlar masalasi, taʼlim, ilm-fan masalasining oʻrni juda muhim ekanligini koʻrsatadi. Muhtaram Prezidentimiz doim “Najot – taʼlimda, najot –tarbiyada, najot – bilimda”, – degan fikrni bildiradilar. Chunki, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, hozirgi ziddiyatli, murakkab zamonda toʻgʻri yoʻl tutish uchun aql, ilm kerak. Bu esa raqobatbardosh va vatanparvar kadrlarni tayyorlashga bogʻliq.
Bu borada Prezidentimiz “Biz nafaqat mohir paxtakor va bogʻbonlar oʻlkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʻlishimiz kerak”, – degan fikrni bildirdilar. Albatta, buning tag zamirida bir tomondan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad va kutilayotgan natijalar yotibdi, ikkinchi tomondan Al-Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy, kabi ulugʻ ajdodlarimizga munosib vorislik masʼuliyati yotibdi.
Sanjarbek Davletov
Urganch davlat universiteti
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha birinchi prorektori,
tarix fanlari doktori, professor