Bugun Samarqand shahariga qarashli boʻlgan 50 gektarlik hududda yangi Qorasuv massivi qad rostladi. Qisqa muddatlarda keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Samarqand shahar sessiyasida taʼkidlanishicha, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida joriy yilda Qorasuv massivida “Oʻzshaharqurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan jami 3 ta 16 qavatli uy-joylar, harbiy xizmatchilar uchun “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan 3 ta 5 qavatli uy-joylar, “Agromir Bildings” MCHJ tomonidan 26 ta 12 va 16 qavatli koʻp xonadonli turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirish bosqichida.

“Oʻzshaharqurilish invest” tomonidan qurilgan 3 ta uy-joylardagi 240 ta xonadon imtiyozli ipoteka kredit mablagʻlari hisobidan fuqarolarga ajratilgan boʻlsa, “Agromir Bildings” MCHJ tomonidan qurilgan uy-joylardan 577 ta xonadon uchun 577 ta fuqaroga subsidiyalar ajratilib berildi.

Kelgusi yilda massivda yangi 10 ta 16 qavatli 960 ta xonadonli turar-joy binolarini qurish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga shaharning turli hududlarda xususiy sektorlar tomonidan 70 da ortiq koʻp xonadonli turar-joy binolari qurish ishlari amalga oshiriladi.

Hokimlik tomonidan mazkur massivdan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan uy-joyga oʻta muhtoj oilalarni va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida bepul, begʻaraz tarzda 40 ta xonadon, shuningdek, uy-joyga muhtoj viloyat tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarga 60 ta xonadon ajratildi.

– Bir necha yil davomida uysiz, ijarama-ijara sarson yashadim, – deydi Nasiba Ulugʻmurodova. – Uch nafar farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim nogiron. Oʻzim ishsiz edim, juda qiynaldik. Joriy yil mart oyida hokimlik tomonidan bizga mana shu xonadon sovgʻa qilindi. Oʻzimni ishga joylashishimda yaqindan yordam berishdi. Oilamizni ogʻir damda qoʻllab-quvvatlagani, uyli qilgani, bizni ham koʻpchilik qatori baxtli yashashimizga sababchi boʻlgan uchun Prezidentimizga ming rahmat.

Turkiya texnologiyasi asosida barpo etilgan zamonaviy uylar 9 balli zilzilaga bardosh bera oladi. Har bir xonadonda zamonaviy isitish moslamasi, gaz uskunasi, oshxona mebeli mavjud.

Massivda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayni paytda bu yerda 235 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi hamda 540 oʻrinli 80-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilar taʼlim olish uchun barcha sharitlar yaratilgan.

Shuningdek, 120 oʻrinli davlat va 3 ta jami 270 nafar bolajonlarni qamrab oluvchi davlat va xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etilyapti. Shuningdek, 1 ming 680 oʻquvchini qamrab oluvchi umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 150 oʻrinli oilaviy poliklinika hamda 330 oʻrinli shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish muassasasi uchun binolar qurish ishlari olib borilmoqda.

Massivda yaqinda oʻz faoliyatini boshlagan “Bahora fly” tikuvchilik sexi bugun shu yerda yashovchi 60 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminladi. Sexda buyurtma asosida xotin-qizlar milliy liboslari, bolalar kiyim-kechaklari hamda maxsus formalar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari bu yerda maktab oʻquvchilari uchun ingliz tili, rus tili, matematika boʻyicha oʻquv markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

– Shu paytgacha uyda oʻtirgandim, – deydi Lobar Boltayeva. – Uyimiz yaqinida tikuvchilik sexi faoliyat boshlagani bizday ayollar uchun ayni muddao boʻldi. Sexda ishga tushushishi bilan ishga kirdim. Tikuvchilik hunarini oʻrganganim asqatdi. Yangi uyimizni ipotek kreditiga olganmiz. Uch nafar farzandim bor. Oilam byudjetiga hissa qoʻshayotganimdan baxtiyorman.

Samarqand shahrining yangi massivida amalga oshirilayotgan bunday ishlar, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, aholini ertaga emas bugunidan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilayapti, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

L.Suvonov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri