“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boshlandi

    Mamlakatimizda 19 Noyabr 2023 1201

    Poytaxtimizda 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi qabul qilingan kunga bagʻishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boshlandi.

    Mazkur ommaviy yugurish musobaqasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Asaka bank” ATV, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ va Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etildi.

    Koʻp tarmoqli “Humo Arena” majmuasi maydonida boshlangan ommaviy yugurish musobaqasida ishtirokchilar 3 km va 10 km masofaga yugurmoqdalar. Ushbu masofalarga yugurish boʻyicha gʻoliblar 18 yoshdan 35 yoshgacha, 35 yoshdan 55 yoshgacha va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar oʻrtasida yosh toifalari boʻyicha aniqlanadi hamda ommaviy yugurish musobaqasining eng yosh va eng keksa ishtirokchilari ham alohida sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Yuguruvchilar “Absolyut” va “Havaskor” toifalarida sovrinlar uchun kurash olib boradi.

    Eslatib oʻtamiz, “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi respublikamizning barcha hududlarida bir vaqtda, ertalab soat 07:30 da boshlandi. Poytaxtimizdagi musobaqada birinchi oʻrin olganlar – 3 million, ikkinchi oʻrin esa 2 million va uchinchi oʻrin sohiblari 1 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

    Taqdirlash marosimi 11:00 da “Paxtakor” sport majmuasi Yengil atletika federatsiyasi stadioni hududida boʻlib oʻtadi. Viloyatlarda pul mukofoti tashkiliy qoʻmitalar tomonidan shakllantiriladi.