Yangi o‘quv yili oldidan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan maktablar atrofida xavfsizlikni oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Piyodalar o‘tish joylaridagi “zebra” chiziqlari yangilandi, svetofor obyektlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ishlash rejimlari tartibga keltirildi.
Poytaxtda 170 ta avtobus yo‘nalishi bo‘yicha har kuni 24 mingdan ortiq rejali qatnov amalga oshiriladi. Yoz mavsumida avtobus jadvallari soni o‘rtacha 1 622 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan ular 1 707 taga yetkaziladi.
Metropolitenda ham tig‘iz vaqtlarda poyezdlar oralig‘i qisqartiriladi: Chilonzor yo‘nalishida 1,5–2 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 3–3,5 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4–4,5 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida 7–8 daqiqa. Joriy yilda keltirilishi ko‘zda tutilgan 14 ta yangi tarkibning 11 tasi liniyalarda ishlamoqda, yana 3 tasi ishga tushirilishi kutilmoqda.