“Yangi O‘zbekiston fotojurnalistlar nigohida — 2023” fotoko‘rgazmasi o‘tkazilishi eʼlon qilinadi

    Voqea-hodisalar 20 Noyabr 2023 1396

    O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi “PressPhoto.Uz” foto agentligi bilan hamkorlikda  “Yangi O‘zbekiston fotojurnalistlar nigohida — 2023” fotoko‘rgazmasi o‘tkazilishini eʼlon qiladi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini fotosuratlar orqali ommaga keng namoyish etish, fotojurnalistikaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, jurnalistikaning mazkur yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilayotgan fotoko‘rgazmada mahalliy va xorijiy OAV fotomuxbirlari, mustaqil fotojurnalistlar hamda talabalar ishtirok etishi mumkin.

    Anʼanaviy tarzda tashkil etilishi rejalashtirilgan mazkur fotoko‘rgazma uchun taqdim etiladigan ijodiy ishlarda yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, voqeliklar, xalqimiz madaniy va ijtimoiy turmush tarzi kabi jihatlar aks ettirilgan bo‘lishi talab etiladi.

    Ijodiy ishlar 2023 yilning 20 noyabridan 2024 yilning 5 yanvarigacha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining (99 466-10-25) raqamiga ochilgan (O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi) telegrami orqali qabul qilinadi. Suratlar 3 megabaytdan kam bo‘lmagan, 5000x3600 mm, 300 dpi hajmda bo‘lishi, o‘n donadan oshmasligi, har bir fotosurat uchun qisqa izoh yozilishi va barcha materiallar bitta zip papkaga joylashtirilishi zarur. Shuningdek, ishtirokchilardan maʼlumotnoma, pasport yoki ID karta nusxasini yuborishi ham so‘raladi.

    Taqdim etilgan ijodiy ishlar nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan ko‘rib chiqilib, ko‘rgazmada namoyish etish uchun saralanadi.

    Fotoko‘rgazma 2024 yilning yanvar oyida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Unga keng jamoatchilik, OAV xodimlari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan chet davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ham taklif etiladi.

    ☎️ Murojaat uchun telefonlar:
    🔹 (71) 244-64-62
    🔸 (71) 244-37-87.

    O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi