Toʻgʻri, bunda ushbu tamoyillarning oʻrni muhim. Ammo, taraqqiyotning asl mohiyatini belgilab beruvchi boshqa omillar juda koʻp. Mazkur omillardan biri – jamiyatda keng jamoatchilikni belgilangan ulugʻvor maqsad sari yetaklay oladigan, xalqning asrlar mobaynidagi orzu, istak va umidlari bilan uygʻun boʻlgan, xalq ishonch bilan intiladigan gʻoyaning mavjudligidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va har tomonlama ilmiy-falsafiy asoslab berilgan – Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bugungi kunda xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi, umummilliy harkatga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Taniqli jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning respublika nashrlarining birida joriy yil 21-may kuni eʼlon qilingan chuqur tahlil va boy kuzatuvlarga asoslanib yozilgan “Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman!” maqolasini mutoalaa qilib, muallif oʻz tahliliy fikr va mulohazalarini qogʻozga koʻchirishga nima undaganini anglab olish mumkin:
“Prezidentning yaqinda Jizzax viloyati faollari bilan uchrashuvdagi maʼruzasida bir nuqta koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi: “Xudo menga sogʻliq berib, umr bersa, bizda kambagʻallik va ishsizlik boʻlmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli boʻlsin, nevaralari sogʻlom tugʻilsin, maktabi ishlasin, yoʻllari ravon boʻlsin deb ishga keldim”, deb yozadi muallif.
Ushbu iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp bora aylandi. Nega? Sababi ushbu soʻzlar samimiy va chin qalbdan aytilgan edi.
Soʻnggi yetti yil vaqt davomida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, barcha jabhalarda hayotimizdan oʻrin olgan yangilik va oʻzgarishlar, eng muhimi oddiy odamlarning ham koʻksiga tekkan qadr shamoli ushbu mushohadalarning tamal toshidir.
Bugungi kunda tub islohotlar samarasi eng chekka hududlarga ham, qishloq va ovullarga ham yetib bordi. Yillar davomida odamlarni tashvishga solib kelgan ichimlik suvi, elektr energiya taʼminoti, yoʻl, tibbiy xizmat, taʼlim va boshqa sohalarga qaratilgan eʼtibor aholi maskanlari, jumladan, tuman markazlari qiyofasini tubdan misli tanilmas darajada oʻzgartirib yubordi.
Buni xalqimiz koʻrib, bilib turibdi. Shu sabab, oʻzgarish va bunyodkorlik bugun qayerlarda boʻy koʻrsatdi, deb soʻrashsa, birinchi navbatda odamlarning qalbida, dunyoqarashida, tushunchalarida aks etdi degan boʻlar edik. Buning sabablari, barcha eʼtirof etayotgan ulkan bunyodkorlik jarayonlari bilan bir qatorda, bir qarashda yaqqol koʻzga tashlanmaydigan, biroq turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan oʻzgarishlarda ham mujassam.
Har yaxshining bir yomoni bor, deganlaridek, afsuski, nima boʻlsa “davlat berishi kerak”, degan boqimandalik kayfiyatida yashayotgan fuqarolarimiz ham yoʻq emas. Davlatimiz rahbari koʻrsatayotgan fidoyilikdan oʻrnak olish, “Vatan menga nima berdi, deb emas, men Vatan nima berdim”, degan tushuncha bilan yashash vaqti esa allaqachon kelgan.
Bugun ishlayman degan, daromad topaman degan odam uchun mahallalarda barcha sharoitlar yaratilmoqda. Toʻgʻri yechimini kutib turgan muammolar ham yoʻq emas. Ularning eng asosiysi – aholi bandligini taʼminlash, ularning doimiy daromad manbalarini shakllantirishdan iboratdir. Ahamiyatli tomoni, bu muammolar ham bir paytlardagidek, yashirilayotgani yoʻq. Oshkora aytilmoqda va yechim tizimli ravishta tashkil etilmoqda.
Yurtimizda boʻlayotgan ushbu oʻzgarish va aholi faravonligi uchun tashkil etilayotgan ishlar bardavom boʻlishi siz-u bizga, Vatan taqdiriga, xalqimiz kelajagiga befarq boʻlmagan barcha yurtdoshlarimizga bogʻliq.
Umidaxon BOʻRANOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangihayot tuman boʻlinmasi rahbari,
Oliy Majlis Senati xuzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi