Bugun Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev hamda Chirchiq shahar hokimi Davron Xidoyatov mazkur massivda bo'lib, bunyod etilayotgan ko'p qavatli uylarning qurilishini tizimli tashkil etish ishlari bilan tanishdilar.

Bu yerdagi ichimlik suvi ta'minoti, elektr energiyasi, kommunal xizmatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, rahbarlar qurilish ishlarini amalga oshirayotgan mutasaddilar bilan suhbatlashishdi. Ular mazkur massiv Prezidentimiz topshirig'i bilan kompleks rivojlanish tamoyili asosida bunyod etilishini, bunday islohotlardan ko'zda tutilgan maqsad aholiga munosib turmush sharoiti yaratib berish ekanligiga e'tiborni qaratdilar.

Shu sababli ham qurilish sifati, iqtisodiy, ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari har tomonlama aholi istaklariga mos va xos bo'lishi kerakligi, zamonaviy innovatsiya va investitsiyalarni jalb etgan holda massivda bunyodkorlik ishlari ko'lamini yanada kengaytirish shu kun talabi ekanligi ta'kidlab o'tildi.

Suhbat davomida uy-joy qurilishida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan kamchiliklarni bartaraf etib, ob'yektlarni rejaga asosan foydalanishga topshirish zarurligi ham ta'kidlandi.

Shuningdek, Zoyir Mirzayev shaharda bunyod etilayotgan yangi ko'prik qurilishini ham ko'zdan kechirdi.

Mazkur noyob loyiha O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, "O'zbekiston Temir yo'llari" AJ va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, u Chirchiq shahriga olib kiruvchi 4R12 magistral yo'li orqali Chirchiq daryosi ustidan o'tuvchi muhtasham ko'prik inshootini o'z ichiga oladi.

Yetuk muhandis va loyihachilar tomonidan ko'plab muhokamalar orqali yanada takomillashtirilgan loyiha o'zining qulay yo'l o'tkazgich yechimiga egaligi, unda to'xtash hududlari, sug'orish va irrigatsiya tizimlari, tashqi yoritish qurilmalari e'tiborga olinib, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlariga ham katta ahamiyat berilgani e'tiborlidir.