Aslida, davlatimiz rahbarining xalqaro sammitlar, uchrashuvlar, muloqotlarda aytayotgan barcha takliflari, fikrlari zamirida umuminsoniyat manfaatlariga xizmat qiluvchi daʼvat, tinchlik, barqarorlik, farovon hayot yoʻlidagi gʻoyalar mujassam. Bu soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekiston yuritayotgan doʻstona tashqi siyosat samarasidir. Shu bois, galdagi sammitda ham Oʻzbekiston tomonidan bildirilgan tashabbuslar ishtirokchi davlatlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi.
TDT turkiy dunyo birdamligining institutsional ifodasi boʻlib, tarixiy bosqichlar orqali rivojlandi. Tashkilot bugungi kunda umumiy tarix, til va madaniyat asosida hamjihatlikni mustahkamlayotgan, mintaqaviy barqarorlik hamda taraqqiyotga xizmat qilayotgan nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi.
Har gal TDT sammiti xalqlar taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi yoʻlida birlashishga intilishni namoyon etmoqda. Bu borada 2024-yil 6-noyabr kuni Bishkek shahridagi sammitda Oʻzbekiston tashabbusi bilan tarixiy hujjat — Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlar oʻrtasida rivojlanib borayotgan koʻp qirrali hamkorlikning yorqin ifodasi boʻldi.
Prezidentimizning Gabala sammitidagi nutqi, tashabbuslari keng jamoatchilikda doimgidek katta taassurot qoldirdi. Orzu-intilishlar sari dadil odimlashga, yanada jipslashishga sabab boʻldi. Negaki ushbu gʻoya va tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki aʼzo davlatlar, Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham har tomonlama manfaatli. Buning yorqin misoliga bugun barchamiz guvohmiz. Dunyoning eng yirik OAVlarida, ijtimoiy tarmoqlarda yangi Oʻzbekiston shijoati xususida fikrlar yangramoqda. Jumladan, yangi Oʻzbekiston kuchli, strategik, markazlashgan va tarixiy haqiqatlarga tayangan holda Uchinchi Renessans poydevorini qurishga intilayotgan davlat ekanini Prezidentimiz sammitdagi nutqida oʻrtaga tashlagan tashabbuslari bilan yana bir karra tasdiqladi.
Mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari boʻyicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlari birinchi qoʻshma uchrashuvini oʻtkazish taklif etildi. Bu aʼzo davlatlarning diplomatik munosabatlarini yanada mustahkamlash va mavjud muammolarni bamaslahat, har tomonlama manfaatli ravishda hal etish imkonini beradi.
Strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish qoʻllab-quvvatlandi. Shu maqsadda Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Yangi Oʻzbekistonning soʻnggi toʻqqiz yillik siyosatida yaxshi qoʻshnichilik va xalqlar oʻrtasida doʻstlik munosabatlari eng asosiy oʻrin va ahamiyat kasb etib kelmoqda. Bu esa qardosh xalqlar oʻrtasida oʻzaro tinchlikni barqarorlashtirish, totuvlik va bagʻrikenglikka asoslangan munosabatlarni oʻrnatish hamda mustahkamlashga zamin yaratyapti. Shu jihatdan olganda, mazkur tashabbus yangi Oʻzbekiston bundan keyin ham ushbu yoʻnalishda qatʼiy siyosat yuritishini anglatadi.
Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tuzish va uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish taklifi ham har tomonlama chuqur oʻylangan, nazariy va amaliy asoslarga ega. Bu asoslar nimalarda namoyon boʻladi? Avvalo, aytish kerakki, ushbu tashkilot ishida Oʻzbekiston eng koʻp amaliy loyihalarni, tashabbuslarni ilgari suradi va uni amalga oshirishni taʼminlaydi. Bu har galgi sammit xulosalarida maʼlum boʻlmoqda. Shuning uchun ham mamlakatimizda ushbu tashkilotning loyiha ofisi boʻlishi mantiqan toʻgʻri.
Turkiy davlatlar sanoat alyansi, “Turkiy yashil yoʻlaklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish takliflarining ham oʻziga xos mohiyati bor. Yangi Oʻzbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayon shiddatli tus olgan. Qardosh davlatlar manfaatlari birlashib, “Turkiy yashil yoʻlaklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumi tashkil etilishi bu boradagi ezgu maqsadlar roʻyobini jadallashtirib, taraqqiyot sari birgalikdagi yirik harakat yuzaga keladi.
Organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqish gʻoyasi oʻta muhim. Albatta, tashkilotga aʼzo davlatlarda milliy brend mahsulotlar mavjud va ular dunyo bozoriga bir davlat nomidan chiqyapti. Umumiy brend ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar esa chegara va tranzit xizmatlari chegirmalari hamda qulay imtiyozlar qoʻllash natijasida jahon bozoriga ham sifatli, ham arzon narxlarda kirib boradi.
Prezidentimiz nutqida oʻrta yoʻlakni rivojlantirish va uni “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli hamda Transafgʻon yoʻlagi loyihalari bilan bogʻlash muhimligini taʼkidladi. Oʻzbekiston transport infratuzilmasi imkoniyati jihatidan mintaqada yetakchi va ilgʻor davlat. Mana shu imkoniyatni aʼzo davlatlar bilan, jumladan, eng kuchli iqtisodiyotlardan biri — Xitoy hamda SHHT hamkorligida amalga oshirish maqsad qilingan.
Turkiy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilish zarurligi aytildi. Buning natijasida tashkilot manfaatlari doirasida yangi moliyaviy qoʻllab- quvvatlovchi institutlar vujudga keladi.
Sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro koʻrgazmasini Oʻzbekistonda oʻtkazish gʻoyasi juda dolzarb. Biz axborot va sunʼiy intellekt insoniyat hayotiga jadal kirib kelayotgan davrda yashayapmiz. Bugun sunʼiy intellekt global tarmoq tarzidan ilgʻor harakatga aylanmoqda. Bu borada jamiyatlarga ijobiy taraqqiyot kirib kelish bilan birga axborot xuruji ham oʻsib borishi tayin. Shunday ekan, turkiy davlatlarning umummanfaatiga xizmat qiluvchi kuchli kadrlarni tayyorlash, bilim va koʻnikmalarini birgalikda rivojlantirish muhim. Oʻzbekistonda qoʻshma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishi bunda qoʻl keladi, albatta.
2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi ham ilgari surildi. Turkiy tilli davlatlar haqida soʻz yuritganda, albatta, Alisher Navoiy koʻz oldimizda gavdalanadi. Uning turk tili rivojidagi yuksak hissasini nafaqat turkiy xalqlar, balki dunyo yaxshi biladi. Bu tashabbus bugungi taʼlim dargohlarida turkiy dunyo ildizlarini bogʻlovchi ulugʻlar hayoti va ijodini chuqur oʻrganish, yoshlarni ajdodlariga munosib avlod boʻlib yetishishga undaydi.
Umuman olganda, Gabala sammitida ilgari surilgan tashabbuslar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, uni mintaqaviy emas, balki global miqyosdagi nufuzli tuzilma sifatida shakllantirish imkonini beradi. Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan yoʻnalishlar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport va logistika salohiyatini oshirish, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, xavfsizlik, taʼlim va maʼrifat sohalaridagi aniq loyihalar orqali oʻzaro bogʻliqlik va taraqqiyot surʼatini mustahkamlaydi.
Tashkilot doirasida “bir ovoz, bir maqsad, bir kelajak” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan bunday saʼy-harakatlar turkiy davlatlarning umumiy tarixiy va maʼnaviy merosiga tayanadi. Eng muhimi, bu tashabbuslar faqat bugungi muammolarni hal etishga emas, balki kelajak avlodlar uchun barqaror, innovatsion va birlashgan turkiy dunyo barpo etishga qaratilgan.
Obidjon HAMIDOV,
Buxoro davlat universiteti rektori, professor