Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy vazifalaridan biri 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017–2021 yillarda O'zbekistonni yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi”ning “chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo'nalishlar”i belgilab berilgan 5.2-bandida o'z aksini topgan. Unga ko'ra, tashqi siyosat sohasiga oid quyidagi eng muhim ustuvor yo'nalishlar shakllantiriladi:
– davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning to'laqonli sub'ekti sifatida o'rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O'zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do'stona qo'shnichilik munosabatlar mintaqasini yaratish;
– O'zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, dunyo hamjamiyatiga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida ob'ektiv axborotni yetkazish;
– O'zbekiston tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining me'yoriy-huquqiy bazasini, shuningdek, xalqaro hamkorlikning shartnoma-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
– O'zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini tartibga solish.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, yangi O'zbekiston o'zining ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, samarali va konstruktiv siyosat yuritmoqda. Bu esa global miqyosda shiddatli o'zgarishlar yuz berayotgan hamda xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan hozirgi davrda olib borilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
So'nggi yillarda O'zbekistonning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, aholining barcha muammoli masalalarni yakdillik, o'zaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilishi, mamlakatda mukammal huquqiy poydevorning yaratilishi, dunyo davlatlari bilan muvozanatli va o'zaro manfaatli aloqalar yuritilishi, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi o'zaro hamkorlikka intilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu esa o'zaro diplomatik aloqalarning yangi bosqichiga asos bo'lmoqda.
Shu bilan birga, tashqi siyosatni olib borishdagi asosiy e'tibor siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va boshqa sohalarga, shuningdek, O'zbekiston atrofida tinch, barqaror hamda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari – bizning bevosita qo'shnilarimiz bilan do'stona, yaqin qo'shnichilik va o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
O'tgan qisqa davr mobaynida O'zbekiston “Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo'nalish” hamda “Markaziy Osiyo ruhi” kabi tamoyillar bilan o'z tashqi siyosatini olib bordi.
O'zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida so'nggi besh yilda mintaqaning barcha mamlakatlari bilan oliy darajadagi tashriflar almashinuvi amalga oshirildi. Mintaqa davlatlarining yetakchilari o'rtasidagi o'zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot doimiylik kasb etdi. Bunday aloqalar natijasida Markaziy Osiyo davlatlarini qiziqtiradigan xavfsizlik, chegaraviy masalalar, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sog'liqni saqlash va ekologiyaga oid o'zaro, mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim qo'shma qarorlar qabul qilindi.
Ushbu sa'y-harakatlar samarasi o'laroq, O'zbekistonning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari tubdan yaxshilandi, xususan, o'zaro bordi-keldi rishtalari qaytadan yo'lga qo'yildi hamda chegaralar ochildi. Bu esa qo'shnichilik aloqalarini yanada kuchaytirdi, shuningdek, xalq diplomatiyasi, gumanitar yordam va madaniy hamkorlikning qaytadan jonlanishiga turtki bo'ldi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda. O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasini tahlil qiladigan bo'lsak, 2016 yilda 2,5 mlrd dollar, 2017 yilda 2,7 mlrd dollar, 2018 yilda 4,0 mlrd dollar, 2019 yilda 5,2 mlrd dollar va pandemiya sharoitiga qaramasdan, 2020 yilda 5,0 mlrd dollarni tashkil qilgan. Dinamik jadvalga e'tibor beradigan bo'lsak, 2016 yildan 2020 yilgacha tashqi savdo hajmi ikki barvarga oshdi. Bu esa hukumatning faol tashqi siyosati mahsulidir.
O'zbekiston tashqi siyosatining zamonaviy ustuvor yo'nalishlari haqida gapirganda, mamlakatimizning etakchi xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan strategik aloqalari rivojlanib borayotganiga alohida to'xtalib o'tish lozim.
Xususan, yetakchi davlatlar bilan “Markaziy Osiyo + Rossiya Federatsiyasi”, “Markaziy Osiyo + Xitoy Xalq Respublikasi”, “S5 + 1” (AQSH), Markaziy Osiyo + Hindiston, “Markaziy Osiyo + Yaponiya”, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi” hamkorligi doirasida mintaqaviy muloqotning turli formatlarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoning etakchi xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarining tizimli ravishda olib borilayotganini ko'rsatmoqda.
O'zbekistonning zamonaviy tashqi siyosiy holati dunyoda va mintaqada o'zgarib borayotgan vaziyat hamda mamlakat ichidagi keng ko'lamli o'zgarishlarga asoslanib shakllanmoqda. Bu esa qisqa fursatlarda mamlakatimizning xalqaro indekslardagi mavqei mustahkamlanishiga hissa qo'shmoqda.
O'zbekiston Jahon banki “Biznes yuritish” reytingida 7 ta pozitsiyaga ko'tarildi va biznesni ro'yxatdan o'tkazish ko'rsatkichi bo'yicha 190 ta davlat orasida 8-o'rinni egalladi, eng yaxshi islohotchi mamlakatlar safiga kiritildi.
Xususan, so'nggi yillarda Rossiya bilan strategik sheriklik va hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. 2021 yilning yanvar–sentyabr oylarida Rossiyaning mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi (18,1%) yoki 5,2 mlrd dollarni tashkil qildi. O'zbekiston Rossiyaning turli mintaqalariga to'qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni etkazib berishni keskin oshirdi. Iqtisodiy rivojlanishning ustuvor sohalarida qator yirik loyihalar va dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shuni ta'kidlash lozimki, O'zbekiston bugun o'zining uzoqni ko'zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. BMT, Parlamentlararo Ittifoq, EI, EXHT, ShHT, MDH, IHT kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi.
O'zbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolbo'yi mintaqasida inson xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ko'p tomonlama Trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Ma'rifat va diniy bag'rikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolbo'yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo'yicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi. Ushbu amaliy harakatlar O'zbekistonning yanada shaxdamlik qadamlar bilan oldinga intilishi uchun xizmat qilmoqda.
2017 yildan buyon O'zbekiston va AQSH o'rtasidagi munosabatlar tarixida ilk bor AQSHning yuqori martabali iqtisodiy delegatsiyalari — savdo vaziri U. Ross, Missisipi shtati gubernatori F. Brayant, AQSHning sertifikatlangan savdo missiyasi (2019 yil) tashriflari amalga oshirildi. 2021 yil yanvar–sentyabr oralig'idagi AQSHning mamlakatimiz bilan tashqi savdo aylanmasi 339,4 mln dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun keltirib o'tish mumkinki, 2020 yil yanvar–sentyabr holatiga ko'ra, bu ko'rsatkich 213,0 mln dollarni tashkil qilgan.
O'zbekistonning Yevropa mamlakatlari va Evropa Ittifoqi bilan munosabatlari barcha sohalarda sezilarli darajada rivojlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiya (2018 y.), Germaniya (2019 y.) va Turkiyaga (2017 y. va 2020 y.) samarali rasmiy tashriflari bo'lib o'tdi.
Turkiya bilan aloqalar, an'anaga ko'ra, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Mazkur tashriflar natijasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda natijador kelishuvlarga erishildi. 2021 yil yanvar–sentyabr holatiga ko'ra, Turkiyaning mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 8,6% ni tashkil qildi. Bu esa mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro aloqalarning rivojlanib borayotganidan dalolat beradi, desak, hech mubolag'a bo'lmaydi.
Germaniya Prezidenti F. Shtaynmayer (2019 y.) va Turkiya Prezidenti R. Erdo'g'onning (2018 y.) yurtimizga javob tashriflari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 2019 yil may oyida Yevropa kengashi Prezidenti D. Tusk O'zbekistonga birinchi marotaba tashrif buyurdi. 2017 va 2018 yillarda Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha oliy vakil F. Mogerini yurtimizga keldi. Evropa bilan iqtisodiyot, savdo, innovatsiya, investitsiya, transport, fan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi o'zaro hamkorliklar salmoqli tarzda olib borilmoqda. Pandemiyaga qaramay, 2020 yil yakuni bo'yicha O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o'rtasidagi savdo hajmi 4 milliard dollarni tashkil etdi. O'zbekiston mahsulotlarini Evropaga eksport qilish 420 million dollardan oshdi. Yevropa bilan ko'p tomonlama munosabatlarda ham muhim natijalarga erishildi.
O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi, xususan, Afg'onistondagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni ilgari surish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiruvchi transort yo'lagini barpo etish yo'nalishida dastlabki qadamlar qo'yilganligini ham alohida ta'kidlashimiz mumkin.
Darhaqiqat, O'zbekiston Afg'onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg'oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlik mustahkamlanishida ko'prik bo'lmog'i lozim. Chunki O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan transafg'on transport-kommunikatsiya loyihalari Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga mo'ljallanganligi bilan ahamiyatlidir.
Afg'oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo'lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish nafaqat O'zbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga to'liq mos kelishi bilan e'tiborga molikdir.
Hozirgi vaqtda Afg'onistondagi vaziyatning og'irligi bois donor davlatlarning yordami juda ham muhimdir. Ushbu mamlakat kun sayin og'ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda. Ushbu vaziyatni yumshatish maqsadida xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo'shnilar afg'on xalqiga gumanitar yordam bermog'i lozim. Bu yo'nalishda O'zbekistonning dastlabki qadamlari qo'yilgan, xususan, o'zbek-afg'on chegarasi ochilib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur bo'lgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berilishi qayta tiklandi.
O'zbekiston Afg'onistondagi yangi vaziyatga Preventiv diplomatiya usullari hamda xalqaro miqyosda siyosiy-diplomatik mexanizmlari bilan to'g'ri va samarali hamda tizimli aloqalarni muntazam ravishda olib bormoqda. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, afg'on xalqining tinch va faravon yashashidir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Harakatlar strategiyasi yangi O'zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor vazifalari bajarilishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi, shuningdek, O'zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarda o'z o'rnini yanada mustahkamlab borayotganligi hamda ular tomonidan keng e'tirof etilayotganligi buning yorqin dalilidir.
Iskandar O'roqboyev,
“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi
bosh mutaxassisi