Forumda 300 dan ortiq soha vakillari ishtirok etib, 2020-yilda qilingan ishlar, yangi 2021-yil uchun amalga oshirilishi koʻzda tutilgan rejalar boʻyicha fikr almashildi.

Forumda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, “Oʻzbekiston kinoarboblar ijodiy uyushmasi” rahbari Matyoqub Matchonov, “Oʻzbekfilm” DUK direktori oʻrinbosari Murod Yoʻldoshev, “Oʻzbekkino” MA jamoatchilik kengashi raisi Hamidulla Hasanov, “Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK direktori Bahodir Odilov va rejissyor Jahongir Axmedovlar soʻzga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekfilm”ning yangi binosiga tashrifi hamda sohada amalga oshirilgan ishlarga qisqacha toʻxtalib oʻtishdi.

Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov oʻz maʼruzasida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekfilm”ga tashrifi, kinosanoatini shakllantirish, yuqori darajadagi sanʼat asarlarini yaratish, yosh ijodkorlarni oʻqitish, tarixiy janrda filmlar suratga olish, milliy seriallar yaratish, eng sara oʻzbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish boʻyicha tavsiyalar berilgani, shuningdek, kino sohasidagi yillik sarhisob, Agentlik tomonidan amalga oshirilgan yangi loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi. Soʻzga chiqqanlar davlat rahbarining kinochilar uchun gʻamxoʻrligi, kinoakademiya barpo etilishi, “Kinochilar uyining tiklanishi”, “Oʻzbekfilm” studiyasining toʻliq rekonstruksiya qilingani, ijodkorlar uchun uy-joy qurilishi va koʻplab yangi tashabbuslari uchun minnatdorchilik bildirishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda oʻzbek kino dargʻalari Malik Qayumovning 110-yilligi, Shuhrat Abbosovning 90 yillik yubileyini keng tarzda nishonlash taklifini bildirdi va 2021-yilda ushbu yubileylarni munosib nishonlash zarurligi taʼkidlandi.

“Oʻzbekiston kinoarboblar ijodiy uyushmasi” rahbari Matyoqub Matchonov uyushma tomonidan “Oltin Humo” milliy mukofotini oʻtkazish, ijodkorlarning gonorarlari miqdori koʻrib chiqilayotganiga toʻxtalib oʻtdi. Forumda Davlat rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar hamda topshiriqlarni bajarish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tuzilishi aytildi.

Tadbir davomida bu yil tavalludining 75, 80, 85 yillik yubileyini nishonlayotgan kinoijodkorlar Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Saʼdiyev, Lutfulla Saʼdullayev, Gulchehra Saʼdullayeva, Isamat Ergashev, Rifqat Ibragimov, Hamidulla Hasanov, Gʻiyos Shermuhammedov, Ahmad Unarboyevlar tabriklandi va ularga maxsus diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati