Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi (OʻzEOAVMA), “MY5” telekanali, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universiteti, Oʻzbekiston kinematografiya agentligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida joriy yilning 3-7-may kunlari 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston – yangi nigoh” shiori ostida media-haftalik boʻlib oʻtadi.

Mazkur tadbirning ikkinchi kunida “Yoshlar Media studiyalari” loyihasining isteʼdodli yoshlar uchun moʻljallangan seminarlari davom etadi. Unda “Yangi Oʻzbekiston – yangi media. Muvaffaqiyat sirlari” mavzusida mamlakatning taniqli jurnalistlari va ommaviy axborot vositalari mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqotlar, rossiyalik taniqli teleboshlovchi va hujjatli kino ustasi Valdes Pelsh tomonidan bir guruh yosh jurnalistlar uchun trening oʻtkaziladi.

Kechki dasturda Oʻzbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Hilol Nasimovning “Meros” badiiy filmi premyerasi boʻlib oʻtadi. Premyerada film ijodkorlari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

“Meros” kinokartinasi oʻzbek va qozoq xalqlarining qadimiy doʻstligi, anʼana va eʼtiqodlarining birligi haqida hikoya qiladi. Bosh qahramonlar Baxshulla va Aygul personajlarining taqdiri va armonli muhabbati orqali ikki xalqning anʼanaviy liboslari, qadimiy urf-odatlari, odamlardagi sodda va yorqin xarakterlarni koʻrish mumkin.

Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Hilol Nasimov, ikkinchi rejissyor Mashrab Aliqulov, postanovkachi operator Husan Aliyev, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, postanovkachi rassom Fazliddin Turdiyev. Filmda Rustam Karimov, Munavvara Abdullayeva, Gʻayrat Husaynov, Bobur Aytbagambetov, Fotih Nasimov, Oysanam Yusupovalar rol ijro etishgan.