Mazkur tadbirda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, taniqli ijodkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari masʼullari, xorijiy mehmonlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Joriy yilgi mukofot bir qator yangiliklari bilan ajralib turdi. Xususan, ilk bor xorijiy davlatlarda oʻzbek madaniyati va sanʼatini faol targʻib etib kelayotgan hamdoʻstlik mamlakatlari vakillari uchun “Yilning eng yaxshi xorijdagi oʻzbek madaniyati targʻibotchisi” nominatsiyasi joriy etildi. Ushbu yangilik milliy mukofotning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Taʼkidlash joizki, tantanali marosimda qator nufuzli xorijiy sanʼat namoyandalari mehmon sifatida qatnashdi. Ular orasida 2025-yilda jahon miqyosida mashhurlikka erishgan “Homay” qoʻshigʻi ijrochilari — Boshqirdistonning “Ay Yola” guruhi ham bor edi. Tadbir davomida guruh aʼzolari bilan suhbatlashib, qoʻshiq orqali erishilgan muvaffaqiyat va uning ijodiy taʼsiri haqida fikrlarini soʻradik.

Ushbu qoʻshiqdan keyin juda katta mashhurlikka erishdingiz. Bu holatga qanday munosabat bildirdingiz?

— Bu qoʻshiq chiqqach, mashhurlik biz uchun kutilmagan hol boʻldi. Ilk kunlardanoq turli mamlakatlardan tinglovchilar juda tez qiziqish bildirib, qoʻshiqni iliq qabul qilayotganini koʻrib, buni darhol anglash qiyin edi. Albatta, bundan juda xursand boʻldik va barcha muxlislarimizga minnatdormiz. Shu bilan birga, bu muvaffaqiyat bizga katta masʼuliyat ham yuklashini his qildik.

Bundan tashqari tadbirda Tojikistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrohimov, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Mamedova tadbir ishtirokchilari boʻldi.

Yangi joriy etilgan “Yilning eng yaxshi xorijdagi oʻzbek madaniyati targʻibotchisi” nominatsiyasi boʻyicha yaponiyalik Mashu Komazaki, ozarbayjonlik Sohib Pashshazade va qozogʻistonlik Arman Nurmaxamatuli nomzod sifatida koʻrsatildi. Ushbu nominatsiya gʻolibi sifatida Arman Nurmaxamatuli eʼtirof etildi.

20 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi

Joriy yilda Milliytanlov.uz platformasi orqali oʻtkazilgan ochiq ovoz berish natijalariga koʻra, madaniyat va sanʼat sohasida 2025-yil davomida yuqori natijalarga erishgan 20 nafar ijodkor va jamoa turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topildi.

Jumladan:

  • “Yilning eng yaxshi erkak va ayol maqom xonandasi”,
  • “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi”,
  • “Yilning eng yaxshi spektakli”,
  • “Yilning eng yaxshi teatr aktyori va aktrisasi”,
  • “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori”,
  • “Yilning eng yaxshi dramaturgi”,
  • “Yilning eng yaxshi badiiy filmi”,
  • “Yilning eng yaxshi sirk artisti”,
  • “Yilning eng yaxshi asqiyachisi”,
  • “Yilning eng yaxshi qiziqchisi”,
  • “Yilning eng yaxshi yosh baxshisi”,
  • “Yilning eng yaxshi folklor jamoasi”,
  • “Yilning eng yaxshi raqssosi”,
  • “Yilning eng yaxshi estrada xonandalari”,
  • “Yilning eng yaxshi madaniyat markazi” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Shuningdek, xalqaro maydonda oʻzbek milliy madaniyati va sanʼati nufuziga oʻzining samarali mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan quyidagi xorijiy sanʼatkorlarning bir guruhiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni taqdim etildi:

  • Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti — Nigina Amonqulova;
  • Ozarbayjon xalq artisti — Mansum Ibrahimov;
  • Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalq artisti — Gulyanaq Mammadova;
  • Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi prodyuseri — Ruslan Shayxitdinov;
  • Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi xonandasi — Adel Shayxitdinova;
  • Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi xonandasi — Rinat Ramazanov.

Gʻoliblarga maxsus statuetka, sertifikat hamda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti topshirildi.

Tantanali marosim davomida tomoshabinlarga mazmunli madaniy dastur taqdim etildi.

Taqdirlash marosimi mamlakat madaniyati va sanʼatini yanada rivojlantirish, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda oʻzbek sanʼatini xalqaro miqyosda targʻib etishga xizmat qilayotgan muhim tadbir sifatida yuksak saviyada boʻlib oʻtdi.

Zulxumor AKBAROVA