Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – mustaqilligimizning 30 yilligiga ham sanoqli kunlar qoldi. Garchi 30 yil koʻhna tarix oldida bir lahzadek boʻlsa-da, xalqimiz taqdirida va tariximizda tub oʻzgarishlar, yangilanishlar, muhim islohotlar davri sifatida yorqin iz qoldirdi. Oʻtgan yillarda jamiyatimizning barcha yoʻnalishlarida muhim islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, mustaqil davlatimizning huquqiy poydevorini yaratish, milliy qonunchilik tizimini shakllantirish va takomillashtirish yoʻlida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritdik.

Bu boradagi islohotlar soʻnggi yillarda yanada jadallashdi. Milliy qonunchiligimizni zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun va qonunosti hujjatlarda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek DAVLETOV bilan suhbatimiz ayni yoʻnalishda qilingan ishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar xususida boʻldi.

– Mustaqillik va huquq. Bu ikki tushuncha bir-biriga shu qadar bogʻliqki, birini ikkinchisidan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Aslida mustaqillikning oʻzi huquq demakdir, – dedi R.Davletov. – Bundan oʻttiz yil avval xalqimizga nasib etgan ana shunday porloq tole har bir yurtdoshimizning hayotida yangi sahifalarni ochdi. Avvalo, oʻz haq-huquqimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash va davomiyligini taʼminlash yoʻlida muhim ishlar qilindi. Bu jarayonda mustaqil Vatanimizning huquqiy poydevorini mustahkam barpo etish doimiy eʼtiborda boʻldi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda ishlar tubdan takomillashmoqda.

Prezidentimiz yaqinda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida bu xususda toʻxtalib, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, soʻz erkinligi, din va eʼtiqod erkinligi, jamoatchilik nazorati, gender tenglik, xususiy mulk daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat erkinligi singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, erkin va farovon jamiyat barpo etishda muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidladi. Mazkur gʻoya va yoʻnalishlar intervyuda katta oʻrin olgani ushbu institutlarning davlat va jamiyat rivoji uchun dolzarbligidan dalolat beradi.

Iqtisodiy ustuvorlikka yoʻl ochish kerak, albatta. Bunda iqtisodiy, mulkiy huquqlarning ustuvorligini, ularning daxlsizligini taʼminlash huquqiy meʼyorlarga borib taqaladi. Bunda asosiy urgʻu qonuniylik va qonun ustuvorligini taʼminlash, adolatni qaror toptirish orqali aholida davlatga nisbatan ishonchni kuchaytirishga qaratilgan.

Bu yoʻnalishdagi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishda qonunchilik tizimidagi islohotlar yuksak samara berayotir. Zero, har bir ish va harakatimiz kutilgan samara berishi uchun, avvalo, uning huquqiy va tashkiliy asosi mustahkam boʻlishi lozim. Shu maqsadda soʻnggi yillarda qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoʻnalishida erishilgan natijalar hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishda muhim omil boʻlayotganini alohida qayd etish joiz. Bu yoʻnalishda xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan birgalikda mamlakatimiz tarixida ilk bor milliy qonunchilik bazasi yalpi xatlovdan oʻtkazildi. Eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, haddan tashqari tartibga solish yukini, byurokratik toʻsiq va gʻovlar hamda huquqni qoʻllash amaliyotida chalkashliklarni keltirib chiqarayotgan 7000 dan ortiq qonunchilik hujjati bekor qilindi. Davlat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi hamda normativ-huquqiy hujjatlarni qonunchilik tarmoqlari boʻyicha qayta koʻrib chiqish orqali normativ-huquqiy baza keraksiz hujjatlardan “tozalandi”.

– Qonunchilik hujjatlarining mukammal boʻlishi uchun ularni qabul qilishda jamoatchilik fikrini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Bu yoʻnalishda keyingi yillarda qanday ishlar amalga oshirildi?

– Qonun qachon mukammal boʻladi, qachonki uni qabul qilishda xalq fikri inobatga olinsa, chunki aholi qonunlar buyurtmachisi hisoblanadi. Soʻnggi yillarda qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilishda ana shu tamoyil ustuvor mezon etib belgilandi. Hujjat loyihalari axborot-tahliliy materiallar bilan birga ommaviy muhokamaga chiqarila boshlandi. Muhokama qatnashchilari uchun loyihalarni korrupiyaga qarshi ekspertiza, gender ekspertiza va loyihani qabul qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan baholash (soʻrovnoma) imkoniyati yaratildi. Loyihalarni jamoatchilik tomonidan muhokama qilish jarayonida kelib tushgan takliflarni ishlab chiquvchi tashkilotlarga koʻrib chiqish majburiy qilindi. Shu tartibda bugungi kunga qadar regulation.gov.uz portalida 10 000 ga yaqin loyiha jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi.

Norma ijodkorligi boʻyicha ham izchil ish olib borildi. Buning natijasida norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda “paket” prinsipi joriy etildi. Bu prinsip yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni ijro etishga qaratilgan havolaki normalar, ilgari qabul qilingan qonunlarga oʻzgartirish kiritish, idoraviy hujjatlarga bir xil masaladagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bitta hujjat bilan amalga oshirilishini nazarda tutadi. Qonun loyihasi u bilan bogʻliq hujjatlar bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

Yangi tahrirdagi qonun hujjati oʻrniga yangi, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun hujjatini qabul qilish va bir vaqtning oʻzida amaldagi qonun hujjatini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda ijobiy xulosa olingandan soʻng hisobga olinish va kuchga kirish tartibi belgilandi.

Aytish kerakki, soʻnggi yillarda norma ijodkorligi jarayonining takomillashishi va yangi huquqiy institutlarning vujudga kelishi natijasida normativ-huquqiy hujjatlar soni ham ortdi. Jumladan, 2015-yilda 1500 taga yaqin hujjat loyihasi Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2020-yilda qariyb 2500 taga yetdi. 2021-yilning oʻtgan davrida esa 1400 tadan ortiqni tashkil etdi.

Norma ijodkorligi jarayoniga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi yanada katta imkoniyatlar yaratmoqda. Hozirgi kunda loyihalarni ishlab chiqish, ularni manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish hamda koʻrib chiqish (qabul qilish) uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish toʻliq elektron formatga oʻtkazildi. Project.gov.uz, Regulation.gov.uz, E-qaror.gov.uz elektron tizimlari ishga tushishi natijasida qogʻozbozlikka chek qoʻyildi.

– Inson huquq va manfaatlarini himoyalash, jamiyatda ochiqlik va adolatni taʼminlashda korrupsiyaning oldini olish ustuvor vazifaga aylanmoqda. Vazirlik tizimida bu yoʻnalishda qilinayotgan ishlar kutilgan natijalarni beryaptimi?

– Korrupsiyaviy holatlarni minimal darajaga yetkazishda har bir davlat organining qatʼiy vazifalari bor. Buni yaxshi anglagan Adliya vazirligi oʻz tizimida korrupsiyaga qarshi qatʼiy pozitsiyasini bildirib, jiddiy amaliy chora-tadbirlarni qoʻllashga kirishdi. Taʼkidlash joiz, adliya tizimi avvallari ham korrupsiya koʻrsatkichi eng yuqori davlat organlari safida turmas edi. Ammo notariusga ishi tushgan odam borki, bu illatdan azob chekkanini rad etib boʻlmaydi. Bugungi kunda elektron hujjat almashinuvi, “Notarius” billing tizimi, videokuzatuv va barmoq skanerlash tizimi, faol notarius modeli kabi innovatsion yondashuvlar sabab notariat ancha takomillashdi. Natijada xususiy notarial idoralarning faoliyat yuritishiga ham ruxsat berildi.

Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning kompleans nazorat tizimi joriy etildi. Maqsad — sohada pora olish uchun mutlaqo imkon qoldirmaslik. Shu sababli dunyoning yetakchi KPMG kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus loyiha ishga tushirildi. Loyihaning asosiy maqsadi korrupsion xavf-xatarlarni kompleks bartaraf etish orqali adliya tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirishdir.

Bundan tashqari, adliya organlari va muassasalari maʼmuriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning vakillarini qabul qilishda video va audioga yozib olishga ruxsat berildi. Adliya organlari va muassasalaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlar darhol va oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlashga qoʻshimcha imkoniyat yaratish maqsadida telegram ijtimoiy tarmogʻida “@antikorbot” nomli maxsus bot yaratildi. Maksimal darajadagi shaffoflikni taʼminlash maqsadida Adliya vazirligida “Ochiq adliya” dasturi qabul qilindi. Dastur fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlikda ishlash imkonini kuchaytirdi. Eʼtibordan chetda qolayotgan kamchiliklar, qolaversa, oʻz vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash boʻyicha bevosita jamoatchilik yordamiga tayanilmoqda. Vazirlik binosida xizmat xonalarning joylashish tartibi ham ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida qayta koʻrib chiqildi. Xodimlar kunlik faoliyatini bemalol kuzatib boʻladigan darajada joylashtirildi. Bu esa nazoratni, ish unumdorligini oshiradi.

Ochiqlikning eng muhim jihatlaridan biri, shubhasiz, moliyaviy maʼlumotlardir. Mablagʻlarning sarfi, qayerdan kelib qayerga ketayotgani, nima maqsadlarda ajratilayotgani, umuman, Adliya vazirligi va tarkibiy boʻlinmalarining moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar vazirlik veb-saytida eʼlon qilib borilmoqda. Bunda xarajatlar, ularning hisobotlari, xarid qilish boʻyicha shartnomalar roʻyxati bilan tanishish mumkin boʻladi. Adliya organlarining har yil yakuni boʻyicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berish tizimi yaratildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari natijasida xalqaro “SERT International” tashkiloti tomonidan 2020-yil 7-sentyabrda Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb baholanib, vazirlik davlat boshqaruvi organlari orasida birinchilardan boʻlib xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega boʻldi.

 Hayotimizning turli sohalarida huquqiy munosabatlarni rasmiylashtirishda davlat xizmatlariga tez-tez ehtiyoj sezamiz. Soʻnggi yillarda bu tizimda byurokratik toʻsiqlarning tubdan qisqargani qanday samara bermoqda?

– Bu xususda soʻz yuritish uchun, avvalo, Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan xizmat turlari uch yil davomida qariyb 4 barobar ortib, 37 tadan 157 taga yetganini, shundan 45 tasi bepul xizmat ekanini alohida taʼkidlash joiz. Bir kunda oʻrtacha 57 ming aholiga davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Aholiga yengillik yaratish maqsadida ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun toʻlovlar bekor qilindi.

Misol uchun, fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish xizmati uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 20 foizidan (49 000 soʻm) 3 foizga (7350 soʻm) kamaytirildi, xizmat koʻrsatish muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirildi. Shuningdek, sudlanganlik haqida maʼlumotnoma,
manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish xizmatlari uchun toʻlov BHMning 10 foizidan (24 500 soʻmdan) 3 foiziga (7 350 soʻmga) kamaytirildi. Buning natijasida yiliga qariyb 7,6 milliard soʻm mablagʻ aholining oʻzida qolishi taʼminlanadi.

Aholi va tadbirkorlardan 18 turdagi maʼlumot va hujjatlar talab qilinishi bekor qilindi. Vakolatli davlat organlarining elektron tizimlari “Elektron hukumat” platformasiga integratsiya qilindi. Endilikda ushbu hujjatlar faqat elektron dastur orqali olinadi. Buning natijasida yiliga oʻrtacha 20 milliard soʻm mablagʻ aholining oʻzida qolishiga erishiladi.

FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qogʻoz shaklidagi 60 millionga yaqin arxiv maʼlumoti toʻliq raqamlashtirildi. Fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi.

– Sir emas, litsenziyalash va ruxsatnomalar berish boʻyicha tartib-taomillar ilgari tadbirkorlik rivojiga jiddiy toʻgʻanoq boʻlardi. Soʻnggi yillarda bu sohada yaratilgan qulayliklar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

– Bu borada oxirgi yillarda tizimli huquqiy va tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, litsenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yoʻnalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirildi. Qariyb 70 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishi va 34 ta ruxsatnoma bekor qilindi va muqobil shakllarga oʻtkazildi. Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi. Natijada 14 ta litsenziyalanadigan faoliyat yoʻnalishi va 13 turdagi ruxsatnoma xabardor qilish mexanizmiga oʻtkazildi.

Masalan, oilaviy maktabgacha taʼlim, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarni vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin. Shuningdek, “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirilib, joriy yilning 1-avgust holatiga xabardor qilish tartibi boʻyicha 8 mingdan ortiq xabarnoma qabul qilindi. Tasavvur qilib koʻring, bir yil oldin tegishli ruxsatnoma olish uchun 15 kun kutish shart boʻlsa, endi tizim orqali 10 daqiqa ichida tegishli idorani xabardor qilib, tadbirkorlik faoliyatini bemalol boshlash mumkin.

Islohotlarning ikkinchi bosqichida litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi 130 dan ortiq qonun hujjatini tizimlashtirish va kodifikatsiyalash, davlat xizmatlari pasportlarini ishlab chiqish hamda namunaviy maʼmuriy reglamentlarni joriy qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sonini tubdan qisqartirish rejalashtirilgan. Jumladan, yangi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan barcha litsenziyalar, ruxsatnomalar va xabardor qilish tartiblarining yagona roʻyxati tasdiqlandi. Bu orqali tadbirkorlarga katta qulaylik yaratildi.

– Bu jabhadagi ishlarni yanada rivojlantirish boʻyicha qanday rejalaringiz bor?

– Rejalarimiz bisyor. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 5000 ga yaqin qonunchilik hujjatini tizimlashtiruvchi Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish niyatidamiz. Tadbirkorlarga nisbatan maʼmuriy bosimga sabab boʻlayotgan ortiqcha nazorat funksiyalarni maqbullashtirish hamda tekshirishlarni oʻtkazish, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilishni toʻliq elektron ravishda amalga oshirish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimini joriy etishni maqsad qilganmiz. Buning natijasida tartibga solish xususiyatiga ega va huquqni qoʻllashda turli yondashuvlarga sabab boʻlgan haddan tashqari koʻp qonunchilik hujjatlari bekor qilinib, yagona normativ-huquqiy hujjat orqali ish yuritiladi. Maqsadsiz tekshirishlar va nazorat tadbirlarining oldi olinadi.

Yana bir muhim vazifa advokatura sohasi bilan bogʻliq. Oʻtgan davr mobaynida jamiyatda advokatura instituti hamda advokatlarning rolini yanada oshirish maqsadida qonunchilikka muhim normalar kiritildi. Shu bilan birga, amalda advokaturaning mustaqilligini taʼminlash, professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish borasida bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Shu muammolarni bartaraf qilish maqsadida advokatga nisbatan qamoqqa olish, uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash va boshqa sanksiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahri sudi tomonidan qoʻllanilishi, shuningdek, advokat soʻroviga asosan haq evaziga ekspertiza tayinlanishi hamda advokatlarning ish faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga taʼsir qilmagan holda boshqa haq toʻlanadigan faoliyatlar bilan shugʻullanish imkoniyatini joriy qilish lozim. Bu ishlar fuqarolarga malakali huquqiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshiradi.

Aholiga yuridik yordam koʻrsatish tizimida Britaniya tajribasi asosida bepul yuridik yordam koʻrsatuvchi “Madad” NNT faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz. Bu tizim orqali bugungi kunga qadar 300 mingga yaqin bepul huquqiy yordam koʻrsatilgan. Kelgusida ushbu tizimni yanada kengaytirish orqali aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini kuchaytirmoqchimiz.

Mulkiy huquqlarning himoyasi va daxlsizligini kuchaytirish ham dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, xususiy mulkka noqonuniy aralashgan mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikkacha jazoga tortilishi, noqonuniy harakatlar natijasida mulkiy zarar koʻrganda mulkdorga yetkazilgan zarar birinchi navbatda davlat tomonidan qoplab berilishi, keyinchalik aybdor shaxsdan davlat tomonidan undirib olinishi, mulkka tajovuz qilayotgan shaxsga zarar yetkazadigan tajovuz quroli boʻlgan ashyoni olib qoʻyish, yoʻq qilish yoki unga shikast yetkazish qonunga xilof qilmish hisoblanmasligi boʻyicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish lozim.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslarning mulk va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari daxlsizligi taʼminlash yuzasidan huquqiy asoslarni yanada takomilashtirish xalqimizning davlatimizdan rozi boʻlishi yoʻlida yana bir dadil qadam boʻladi hamda iqtisodiy rivojlanishga qulay muhit yaratiladi.

Iyun oyida vazirlik tomonidan “Fermerga madad” huquqiy aksiyasiga ham start berildi. Biz qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq jarayonlarni, fermerni majlisga jalb qilishdan, hosilni sotishgacha boʻlgan davrdagi haqiqiy holatni oʻrganib ulardagi mavjud byurokratiyani, muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqamiz. Hozir rejada qishloq xoʻjaligi sohasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda qishloq xoʻjaligi boʻlimlarida roʻyxatdan oʻtkazish va shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin kuchga kirishni bekor qilish, majburiy boʻlgan namunaviy kontraktatsiya shartnomasidan voz kechish, qishloq xoʻjaligi sohasida tuzilgan barcha shartnomalarning internet tarmogʻida onlayn maʼlumotlar bankini yaratish kabi takliflar mavjud. Bunda eng asosiy eʼtibor davlatning fermer xoʻjaligi faoliyatiga maʼmuriy aralashuvini qisqartirish, fermerlarga koʻproq erkinlik yaratishga qaratilgan.

Xulosa oʻrnida Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan intervyusida keltirib oʻtilgan quyidagi soʻzlarini yodga olish joiz: “Maʼlumki, ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli boʻl, xalq uchun adolat qoʻrgʻonini bunyod et”, deb yosh avlodga yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlar. Biz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik”.

Darhaqiqat, xalq uchun adolat qoʻrgʻonini bunyod etish bugun mamlakatimizda, jumladan, adliya tizimida kechayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylangan. Ishonchimiz komilki, bu yoʻnalishda uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan xayrli ishlar demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqimizning ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishda muhim dasturilamal boʻladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA suhbatlashdi