Taʼlim tizimini isloh qilish boʻyicha qabul qilingan qarorlar, amalga oshirilgan islohotlar va davlat rahbarining tashabbuslari natijasida butun tizimda tub oʻzgarishlar kuzatildi.
Avvalo maktabgacha taʼlim sohasida soʻnggi yillarda katta surʼatlar bilan oʻsish kuzatildi. Yangi bogʻchalarning qurilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarning yoʻlga qoʻyilishi, mahalliy byudjetlardan ajratilayotgan mablagʻlar bu sohadagi qamrovni sezilarli darajada oshirdi. Umumtaʼlim tizimida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tarbiya-taʼlim jarayonlariga yagona milliy gʻoya asosida yondashish konsepsiyasi qabul qilindi. Bu gʻoya orqali bolalar bogʻchasidan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichda tarbiya va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uzviylikka ega boʻladi. Ortiqcha tadbirlar va formal yondashuvlar qisqartirilib, taʼlim jarayonlari mazmunan samarali faoliyatga yoʻnaltirilmoqda. Maktablarda “Kelajak” markazlarining tashkil etilishi, maslahatchi lavozimlarining kiritilishi oʻquvchilarning qobiliyati va qiziqishlarini aniqlab, ularni toʻgʻri yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Bu orqali har bir oʻquvchidagi salohiyat erta kashf etilib, kerakli koʻnikmalarga aylanishi mumkin.
Yuqori bosqichda esa zamonaviy iqtisodiyot talablariga javob beradigan bilim va koʻnikmalarni shakllantirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Shu maqsadda muhandislik yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda mamlakatning turli hududlarida muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ularda zamonaviy STEM modeli joriy etilib, oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Bu tashabbuslar mamlakatning sanoat va texnologiya salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhandislik sohasi iqtisodiyotning drayveriga aylanishi uchun kadrlar tayyorlash jarayoni avvalo maktab bosqichidan yoʻlga qoʻyilishi lozim hisoblanadi. Oliy taʼlim tizimida soʻnggi yillarda erishilgan natijalar ham diqqatga sazovor. Avvalo qamrovning ortishi va yangi oliy oʻquv yurtlarining ochilishi natijasida abituriyentlar uchun imkoniyatlar ancha kengaydi.
Agar bir necha yil oldin universitetga kirish faqatgina maʼlum bir sonli yoshlarning imkoni boʻlsa, bugungi kunda yoshlarning katta qismi oliy taʼlim olish imkoniga ega boʻlmoqda. Bu bilan bir qatorda, taʼlim sifatini taʼminlash masalasi ham eʼtibor markaziga olinmoqda.
Universitetlarning moliyalashtirilishida natijaga bogʻlangan koʻrsatkichlar joriy etilishi, akkreditatsiya jarayonlarini xalqaro mezonlarga moslashtirish, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini taʼminlash eng muhim vazifalarga aylanmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatda xalqaro hamkorlik alohida surʼatda rivojlanmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro universitetlarning filiallar soni boʻyicha dunyoda yetakchi mamlakatlar qatoriga kirdi. Bu jarayon nafaqat yoshlarimizning xalqaro standartlarda taʼlim olishiga, balki mahalliy akademik muhitning oʻsishiga ham xizmat qilmoqda.
Bu yoʻnalishda Toshkent shahridagi Vebster universiteti ham Oliy taʼlim rivojiga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida salmoqli harakatlarni amalga oshirmoqda. 2019-yilda Prezidentimizning 4245 — qarori asosida ochilgan mazkur taʼlim dargohi qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi eng nufuzli xalqaro kampuslardan biriga aylandi.
Bugungi kunga kelib 6 000 dan ziyod talabalar universitetda 10 dan ortiq yoʻnalishlarda tahsil olishmoqda. Bundan tashqari universitet xalqaro taʼlim dargohlari bilan hamkorlik hamda Respublikada taʼlim rivoji va innovatsiyalar amalga oshirish masalalarida jadal islohotlar olib bormoqda. Shu bilan birga, taʼlim jarayonlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish bosqichma-bosqich yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu esa oʻz navbatida shaffoflikni taʼminlab, tizimdagi turli kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini bermoqda.
Albatta, taʼlimda erishilgan yutuqlar bilan birga, hal etilishi lozim boʻlgan vazifalar ham koʻp. Xalqaro baholash tizimlari, xususan PISA natijalari, mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirish zarurligini koʻrsatdi. Oʻquvchilarning asosiy kompetensiyalar boʻyicha koʻrsatkichlari hali xalqaro meʼyorlardan past ekanligi, oʻqitish metodikasini yangilash va oʻqituvchilar malakasini oshirish zarurligini koʻrsatib turibdi.
Demak, keyingi bosqichda keng qamrovni sifat bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish va ilmiy-tadqiqot bilan taʼlim jarayonini chuqur integratsiya qilish zarur. Kelgusi rejalar taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Maktabgacha taʼlimda sifat koʻrsatkichlarini oshirish, umumtaʼlimda asosiy savodxonlikdan yuqori kompetensiyalarga oʻtish, oliy taʼlimda natijaviy moliyalash tizimini joriy etish, fan va ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish, xalqaro sherikliklarni yangi formatda rivojlantirish rejalashtirilgan. Muhimi, har bir bosqichda oʻsish nafaqat raqamlarda, balki sifat oʻzgarishi asosiy mezonga aylanmogʻi kerak.
Shu tarzda Oʻzbekiston taʼlim tizimi bosqichma-bosqich zamonaviy, inklyuziv va global raqobatbardosh shaklga ega boʻlib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonni qurish jarayonida taʼlim eng asosiy sarmoyadir. Har bir bogʻcha, har bir sinfxona, har bir universitet auditoriyasi va laboratoriyasi mamlakatning kelajagi uchun asosiy investitsiyadir.
Rasul Rahmonov,
Toshkent shahridagi Vebster universiteti
Ijrochi direktori
Iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor
Hamkorlik materiali