Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, viloyat va tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Foto: Viloyat hokimligi
Foto: Viloyat hokimligi

Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev barchani yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti ishga tushgani munosabati bilan qutlar ekan, tarbiyaning negizi boʻlgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini zamon talablari darajasida yuqori saviyada tashkil etish, zarur anjomlar, malakali kadrlar bilan taʼminlash yetuk, barkamol kelajak avlodni tarbiyalashda muhim omil ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Foto: Viloyat hokimligi
Foto: Viloyat hokimligi

Yangi qurilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida guruh va sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, alohida oshxona, umumiy ovqatlanish zali, oʻyin maydonchalari, yozgi ayvonchalar, mini futbol maydonchasi hamda suzish havzasi barpo etilgan.

Foto: Viloyat hokimligi
Foto: Viloyat hokimligi

Shu bilan bir qatorda, Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan homiylik yordamida bolalar yoshiga mos boʻlgan oʻyinlar va oʻyinchoqlar toʻplamlari, mashgʻulotlar oʻtkazish uchun zarur koʻrgazma, tarqatma va didaktik materiallar, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy texnika, oshxona jihozlari bilan taʼminlandi.

Foto: Viloyat hokimligi
Foto: Viloyat hokimligi

Maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy, aqliy, kognitiv va shaxsiy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar mavjud boʻlgan ushbu tashkilotga 100 nafar bolalar qabul qilinib, belgilangan davlat talablari va dastur asosida, malakali mutaxassislar tomonidan taʼlim-tarbiya beriladi.

Foto: Viloyat hokimligi

Maktabgacha taʼlim tashkilotining tashkil etilishi “Yangi Oʻzbekiston” mahallasiga koʻchib kelgan mirzaobodliklar quvonchiga sabab boʻldi.

– Davlatimiz tomonidan yoshlar tarbiyasiga katta eʼtibor berilayotganidan mamnunmiz, – deydi mehnat faxriysi Maxfirat Joʻraqulova. – Sardoba suv toshqini yuz berguniga qadar mahallamizda bogʻchalar yoʻq edi. Mavjudlari esa uzoqligi tufayli nabiralarimni bogʻchaga berolmaganim armon edi, endi nabiralarim zamonaviy muassasada tarbiyalanadigan boʻldi. Bu yerdagi jajjilarimiz uchun yaratilgan sharoitlarni koʻrib havas qildim. Shunday kunlarga yetganimizga shukr qilaman.

Foto: Viloyat hokimligi

Zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotida yaratilgan sharoitlardan keng foydalangan holda bolalarning yoshi, qiziqishi hamda qobiliyatidan kelib chiqib, sport, musiqa, til oʻrgatish, rasm toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilib, bolajonlarning iqtidorini yana-da rivojlantirishga erishiladi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati