Yangi Oʻzbekistonda yangi iqtidorlar

    Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi poytaxtimizdagi “Ashxobod” sayilgohida toʻgarak aʼzolarining “Yangi Oʻzbekistonda yangi iqtidorlar” nomli ijodiy koʻrgazmasini tashkil etdi.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, ularning isteʼdod va mahoratini namoyon qilishi uchun sharoit yaratish, yosh avlodning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda maʼnaviy ragʻbatlantirishdan iborat.

    Koʻrgazmada respublikamizning barcha hududidan kelgan vakillar 2 mingga yaqin ijodiy namunasini namoyish etdi. Iqtidorli oʻquvchilar yasagan hunarmandchilik, toʻquvchilik, toʻquvchilik buyumlari, rasmlar ishtirokchilarda katta qiziqish va taassurot uygʻotdi.

    Tadbir doirasida “Besh tashabbus mening uyimda”, “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” shiori ostida tashkil etilgan respublika onlayn tanlovlari hamda Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan XXIII Xalqaro Antaliya bolalar festivali va Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etilgan “Chegara bilmas sanʼat” nomli XXII xalqaro rasmlar koʻrgazmasi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    — “Besh tashabbus mening uyimda” tanlovida oʻquvchilar yuborgan 2300 dan ortiq ijodiy ish koʻrib chiqildi va hakamlar hayʼati tomonidan baholanib, gʻolib va sovrindorlar aniqlandi, — dedi “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi direktori Sevara Mahmudova. — “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” koʻrik-tanlovida esa oʻquvchilarning 900 dan ortiq ijodiy ishi koʻrib chiqildi.

    Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan XXIII Xalqaro Antaliya bolalar festivalida Samarqand viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktablarining toʻgarak aʼzolari birdaniga uchta — doira, milliy raqs va dutor yoʻnalishlarida 1-oʻrinni egalladi.

    Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etilgan “Chegara bilmas sanʼat” nomli XXII xalqaro rasmlar koʻrgazmasida Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak aʼzolari tasviriy sanʼat, liboslar dizayni yoʻnalishlari boʻyicha sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

    Tanlovlarda 3500 dan ortiq oʻquvchi, 2000 ga yaqin pedagog qamrab olindi. Tanlov gʻoliblari munosib taqdirlandi.