“Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi doirasida yoshlar uchun misli koʻrilmagan imkoniyatlar yaratilmoqda – bu jarayon ularning jamiyatdagi oʻrniga boʻlgan yuksak eʼtibor va ishonchning yorqin ifodasidir.

Yoshlarni ish bilan taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bunda yangi “mahallabay” tizimi joriy qilinib, har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi taʼsis etildi va shu orqali joylarda yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini hal etish yoʻlga qoʻyildi.

Ayni paytda barcha yoshlar oʻqish yoki mehnat faoliyati holatiga koʻra hisobga olinib, “Yoshlar daftari” orqali zarur yordamlar koʻrsatilmoqda. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida mahallalar kesimida tasdiqlangan “Yoshlar bandligi dasturi” doirasida 200 ming nafardan ziyod ishsiz yosh va 189 ming nafar maktab bitiruvchisi ish bilan taʼminlandi.

Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish borasida ham yangi yondashuvlar qoʻllanilmoqda. Davlat dasturiga muvofiq, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida har bir tajribali tadbirkorga bir nafar ishsiz yosh biriktirilib, uni kasbga va biznesga oʻrgatish vazifasi qoʻyildi. Ushbu tashabbus doirasida koʻngilli tadbirkorlar yoshlarga mentorlik qilib, oʻz ishini boshlashiga koʻmaklashmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda taʼlim tizimi islohotlari rivojlanish strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib, soʻnggi yillarda bu sohada tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Oʻquv jarayonlari sifatini yaxshilash maqsadida ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim metodikasi isloh qilindi. Jumladan, 500 ta pilot maktabda baholashning yangi tizimi joriy qilinib, tahlil va muammo yechishga yoʻnaltirilgan amaliy darslar ulushi 60 foizga yetkazildi. Shuningdek, koʻplab maktablarning yuqori sinflarida uchta yoʻnalish boʻyicha kasb-hunarga oʻrgatish tizimi yoʻlga qoʻyildi va endilikda oʻquvchilar maktabni bitirayotgandayoq maʼlum mutaxassislik koʻnikmasiga ega boʻlishmoqda. Shu bilan birga, pedagog kadrlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berildi, chunki taʼlim sifati ularning malaka va mehnatiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq.

Shu bilan birga Oliy taʼlim tizimida ham salmoqli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Natijalarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2016-yilda yoshlarning atigi 9 foizi oliy taʼlim bilan qamrab olingan edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida bu koʻrsatkich keskin oʻsib, hozirgi kunda oliy taʼlim muassasalari soni 200 dan oshdi, umumiy qamrov darajasi esa 40 foizga yaqinlashdi. Bundan tashqari yoshlarga bepul oliy taʼlim olish imkoni kengaytirilib, taʼlim olishda tenglik va adolat tamoyillarini mustahkamlanmoqda.

Mamlakatimiz yoshlarining xalqaro tajriba orttirishi va dunyo miqyosida bilim olishi uchun ham keng sharoitlar yaratilmoqda. 2018-yil sentyabrda Prezident farmoni bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi buning yaqqol misoli boʻldi. Mazkur jamgʻarma orqali oʻtgan qisqa vaqt mobaynida eng iqtidorli va istiqbolli yoshlarimizdan minglab nafarini xorijning nufuzli universitetlariga oʻqishga yuborish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ularning bir qismi tahsilini yakunlab, hozirda mamlakatga qaytib kelib turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Bugunga kelib jamgʻarma stipendiatlari nafaqat oʻqishda, balki oʻqiyotgan mamlakatlarida Oʻzbekiston madaniyati va yutuqlarini targʻib qilishga ham ulkan hissa qoʻshmoqda. Yurt ichida yoshlarga xalqaro standartlarda taʼlim berish uchun ham koʻplab tashabbuslar amalga oshirildi. Buning yaqqol misoli keyingi yillarda xorijiy universitetlarning Oʻzbekistondagi filiallari sezilarli darajada koʻpaydi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekiston sharoitida yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar tarixiy ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda bandlik, tadbirkorlik, taʼlim, innovatsiya, ijtimoiy himoya va xalqaro aloqalar sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yurtimiz yoshlari oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun keng sharoitlar yaratildi.

Soʻnggi 5-yilning oʻzida yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash sohasida yurtimiz tarixida kuzatilmagan ulkan ishlar amalga oshirildi va bu jarayon demokratik taraqqiyot yoʻlini tanlagan Vatanimiz uchun mutlaqo tabiiy holdir. Zero, fan-texnika jadal rivojlanayotgan, global raqobat kuchayib borayotgan bir davrda har qaysi mamlakatning kelajak taqdiri yoshlarning intellektual salohiyati va isteʼdodiga bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari, jamiyatning oltin tayanchi hisoblanadi. Ulardagi bunyodkorlik quvvati va ijodiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ularga boʻlgan ishonchni amalda namoyon etish maqsadida olib borilayotgan bu saʼy-harakatlar allaqachon oʻz samarasini bera boshladi.

Bugungi oʻzbek yoshlari mazkur eʼtibor va ishonchni oqlab, turli jabhalarda erishishayotgan yutuqlari bilan yurtimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shu maʼnoda, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularga boʻlgan ishonch ramzi boʻlib, yosh avlod bu ishonchni mustahkam bilim, tashabbuskorlik va zafarlar bilan oqlashi shubhasiz.

Rasul Rahmonov,

Toshkent shahridagi Vebster

universiteti Ijrochi direktori

i.f.n, professor