Cheklangan imkoniyat bilan ham inson yuksaklikka parvoz etishi, orzulari ushalishi uchun harakat qilishi, shu orqali maqsadlarini amalga oshirishi mumkin. Sanʼat, madaniyat, adabiyot, ilmfan qatorida sport ham bu borada insonga beqiyos kuch beradi: umid bagʼishlaydi, hayotni rangin qiladi. Toʼgʼri, bu oson kechmaydi. Uning ham ortida zahmat, mashaqqatli mashgʼulotlar bor. Bu esa irodani toblaydi, matonat bagʼishlaydi, inson imkoniyatlari benihoya cheksiz ekanini isbotlaydi.
...Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti. Tokiodan uchgan Oʼzbekiston samolyoti aziz zaminimizga yengil qoʼnadi. Bu samolyotda Tokio-2020 Paralimpiya oʼyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimizga yorugʼ yuz bilan qaytgan sportchilarimiz, ularning murabbiylari tantanali kutib olindi.
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda paralimpiya yoʼnalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Hukumat miqyosida hujjatlar qabul qilindi. Bir soʼz bilan aytganda, paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish yaxlit umummilliy harakat kasb etdi. Demak, sportchilar qoʼlga kiritayotgan har bir yutuq zamirida, shubhasiz, mamlakatimizda ular uchun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlarning alohida oʼrni bor. Chunki isteʼdod va qobiliyat eʼtibor tufayli yuzaga chiqadi, harakatga undaydi. Bu esa gʼalabalarga yoʼl demakdir.
Yaponiya poytaxti — Tokio shahrida boʼlib oʼtgan Paralimpiya oʼyinlarida sportchilarimiz Vatan va millat sharafini shahdu shiddat bilan himoya qildi. Yurtdoshlarimiz ularning har bir oʼyinini katta ishtiyoq bilan kuzatib, qoʼllab-quvvatlab turdi.
Sportchilar erishgan natija esa, albatta, quvonarli. Oʼzbekiston umumjamoa hisobida 162 davlat orasida XVI Paralimpiya oʼyinlarini 16-oʼrin bilan yakunladi. Sport delegatsiyasi ushbu Paralimpiya oʼyinlariga 48 sportchi bilan 55 ta yoʼllanmani qoʼlga kiritgan edi. Yakunda esa, Oʼzbekiston jamoasi 8 oltin, 5 kumush va 6 bronza, jami 19 medalga sazovor boʼldi. Mamlakatimiz Osiyo jamoalari va MDH mamlakatlari orasida toʼrtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar orasida birinchi oʼrinni qoʼlga kiritdi.
...Yurtimiz faxri — sportchilarimiz bayramona bezatilgan avtobuslarda Toshkentning markaziy koʼchalari boʼylab gʼolibona
yurishdan soʼng “Yangi Oʼzbekiston” bogʼi tomon yoʼl oldi. Shahar koʼchalari millat qahramonlarini kutib olishga chiqqan yurtdoshlarimiz bilan gavjum. Ularning koʼzi havas, koʼngli hayratga limmo-lim. Kichkintoy farzandlarini yelkasiga oʼtqizib, chempionlarni olqishlayotgan ota-onalar ayni damda oʼz bolasining murgʼak qalbiga Vatan sharafini himoya qilish shunday boʼlishi haqidagi ilk tasavvurlarni ekayotgan boʼlsa, ne ajab?!
Muhtasham “Yangi Oʼzbekiston” bogʼi oʼz qahramonlarini kutib olishga shaylanganday viqor toʼkadi. Bogʼ chempionlarga sovgʼa, chempionlar esa oʼz medallarini Yangi Oʼzbekistonga bagʼishlamoqda. Аna shu uygʼunlik ichra tantanali taqdirlash marosimi boshlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Аripov, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va ota-onalar nomidan soʼz olganlar paralimpiyachilarimizni tarixiy gʼalabalari bilan qutladi.
Sportchilar mamlakatimizda sportga qaratilayotgan eʼtibor, sportchilarga, xususan, para-sportchilarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida mamnuniyat bilan gapirdi.
Soʼng tadbirning eng qizgʼin pallasi boshlandi. Unda paralimpiya oʼyinlari gʼoliblari Prezident sovgʼasi — mashina, uy hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
— Dubayda oʼtgan jahon chempionatida bronza medalni qoʼlga kiritganimda menda biroz hayajon va qoʼrquv bor edi, — deydi para-engil atletikaning nayza uloqtirish turi boʼyicha oltin medalь sohibi Nozimaxon Qayumova. — “Rio-2016”dan oltin medalь bilan qaytgandim. Shundan buyon yurtimizda parasportchilarga misli koʼrilmagan eʼtibor berildi. Bu ishonchni toʼliq oqlash esa, zimmamizga masʼuliyat yukladi. Shukrki, Vatanim, Prezidentim, xalqim oldida yuzim yorugʼ boʼldi. Аslida sport salomatligimiz uchun suv va havoday muhim. Biroq Prezidentimiz bizning gʼalabalarimizni yuksak baholab, qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirladi. Parij olimpiadasida ham Oʼzbekistonimiz sharafini astoydil himoya qilamiz, deb soʼz beraman.
Taqdirlash marosimida Paralimpiya oʼyinlari gʼoliblarining har biriga 200 ming АQSH dollari, uy va avtomobilь, kumush medalь sovrindorlariga 100 ming АQSh dollari, avtomobilь va xonadon, bronza medali sohiblariga esa 50 ming АQSh dollari, xonadon va avtomobilь Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining sovgʼasi sifatida topshirildi.
“Yangi Oʼzbekiston” bogʼidan taralgan rangin mushaklar muzaffar yoʼlimiz ibtidosi, madhiyamiz sadolari esa yana erishajak katta gʼalabalarimiz ramzi sifatida koʼnglimizdan joy oladi.