Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning muallifi tom maʼnoda xalqimiz oʻzi boʻldi, deb aytishga barcha asoslar yetarli. Chunki ikki marotaba xalqimiz va keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasiga fuqarolar tomonidan bildirilgan 220 mingdan ziyod taklifning har toʻrttadan bittasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topgani fikrimiz isbotidir.
Yangi tahrirdagi Konstitutitsiyada “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili mustahkamlandi. Shu oʻrinda ijtimoiy davlat oʻzi nima, degan savol tugʻilishi tabiiy. Ijtimoiy davlat tushunchasi yuzasidan nazariy adabiyotlarda turli fikrlar va qarashlar bildirilgan. Bu tushunchani ilk bor 1850-yilda nemis faylasufi, huquqshunos, iqtisodchi Lorens fon Shtayn qoʻllagan. U davlatning funksiyalari qatoriga “davlatning oʻz hokimiyati orqali fuqarolarning huquqlarda mutlaq tengligini taʼminlash” vazifasini kiritgan. Unga koʻra, davlat oʻz fuqarolarining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga koʻmaklashishga majburdir, chunki yakuniy tahlilda birining rivoji ikkinchisining rivojlanishi uchun shartdir.
Oʻzbekistondagi soʻnggi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va jarayonlarning mohiyatidan kelib chiqqan holda aytish joizki, “ijtimoiy davlat – har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan, sifatli taʼlim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyga ega boʻlish sharoiti mavjud boʻlgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, hech bir fuqaro oʻz muammolari bilan yolgʻiz qolmaydigan adolatli davlat”dir.
Ijtimoiy davlatning asosiy maqsadi quyidagilarda namoyon boʻladi:
birinchi maqsad: davlat har bir fuqaroning maishiy turmush tarzi holatini sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqishi;
ikkinchi maqsad: davlat aholining turmush sharoiti va sifati jihatidan tabaqalanishiga, yaʼni ular oʻrtasidagi yashash uchun talab etiladigan sarf-xarajatlar boʻyicha farqlar kattalashib ketishiga yoʻl qoʻymasligi;
uchinchi maqsad: aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatlar tizimi orqali yordam koʻrsatish amaliyotining muntazam yoʻlga qoʻyilishidir.
Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda ijtimoiy davlatning 15 ta belgisidan quyidagi asosiy 5 tasiga eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi:
birinchi asosiy belgi: ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti mavjudligi;
ikkinchi asosiy belgi: kuchli va taʼsirchan fuqarolik jamiyati shakllangani;
uchinchi asosiy belgi: davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlar ishlab chiqilgani va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi;
toʻrtinchi asosiy belgi: davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy masʼuliyati mavjudligi;
beshinchi asosiy belgi: fuqarolarkundalik turmush sharoitini yuritish uchun boshlangʻich moddiy imkoniyatlarga ega ekani.
Ijtimoiy davlat modeliga ega boʻlgan mamlakatlarning soʻnggi besh yildagi faoliyatini tahlil qilish natijasilariga koʻra, ijtimoiy davlatning asosiy 10 ta funksiyasidan birlamchi ahamiyat kasb etuvchi quyidagi 4 tasi oʻta muhim:
birinchi muhim funksiya: korrupsiya va kambagʻallikka qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor funksiyasi etib belgilanishi;
ikkinchi muhim funksiya: davlat koʻmagida aholining bandligini taʼminlash orqali uning daromadlari oʻsishiga erishish;
uchinchi muhim funksiya: barcha qatlam vakillarining ijtimoiy sugʻurta tizimi bilan qamrab olinishi;
toʻrtinchi muhim funksiya: aholi qatlamlari oʻrtasida iqtisodiy tengsizlik kamaytirilib, imtiyozlar paketi taqdim etilishi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi uchun quyidagi hayotiy zaruriyatlar mavjud boʻlganini aytish joiz:
birinchi hayotiy zaruriyat: Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi xalqimiz xohish-irodasining natijasidir. Konstitutsiyaviy islohotlar davrida xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflarning aksariyatida ijtimoiy huquqlarni taʼminlash masalasi ifoda etilgan;
ikkinchi hayotiy zaruriyat: kambagʻallikka qarshi kurashish borasidagi davlat majburiyatlarini taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy darajada mustahkamlanishi zarurati;
uchinchi hayotiy zaruriyat: “inson qadri”ni yuksaltirishdek ulugʻ maqsadga erishish borasidagi masʼuliyat ham Bosh qonunimizda Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatida belgilanishini taqozo etdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurashish masalasi aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida quyidagi ijobiy jihatlarga eʼtibor qaratish oʻrinli:
birinchi ijobiy jihat: ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni mantiqiy davomiyligini taʼminlash zarurati.
Yurtimizda ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatish maqsadida “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftar”i joriy etilib, ularga kiritilgan fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish, bandligini taʼminlashda manzilli yondashuv joriy etildi va bu boradagi ishlar muntazam takomillashtirilib borilmoqda;
ikkinchi ijobiy jihat: kambagʻallika qarshi kurashish borasidagi ishlarning huquqiy asosini mustahkamlash ijtimoiy davlatni qurishning muhim mezoni sifatida belgilandi. Xususan, 2019-2022-yillarda kambagʻallikka qarshi kurashishning institutsional, tashkiliy va huquqiy asoslarini bevosita belgilab beruvchi 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ayniqsa, bu borada Prezidentning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori alohida ahamiyatga ega boʻlib, unga koʻra, ilk bor nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida taʼlim olgan hamda WorldSkills va boshqa xalqaro standartlar darajasida kasbiy malaka sertifikatini (Skills pasporti) olgan bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish va oʻzini oʻzi band qilganlik uchun ragʻbatlantirish subsidiyalarini ajratish tartibi belgilandi.
uchinchi ijobiy jihat: pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqish boʻyicha aniq mexanizmlar joriy etildi. Natijada 2022-yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. Aytish joizki, 2022-yil dekabr oyi holatiga koʻra, 2 milliondan ortiq oilaga ijtimoiy koʻmak berildi.
Sodda qilib aytganda, ijtimoiy davlat ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, samarali ijtimoiy siyosat yuritishga asoslangan davlat modelidir. Ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish va samarali ijtimoiy ijtimoiy siyosatning tag zamirida inson qadri tushunchasi yotadi. Bu esa, oʻz navbatida, inson qadri va ijtimoiy davlat tushunchalari oʻzaro uzviy bogʻliq ekanini anglatadi.
Shundan kelib chiqqan holda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar 3 barobar koʻpaydi. Bosh qonunimizda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilandi. Bu, oʻz navbatida, 2 million 200 ming ehtiyojmand oila davlatdan kafolatli moddiy yordam olishini anglatadi. Mazkur raqam davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30-40 trillion soʻm ajratish, yuzlab ijtimoiy obyekt – yangi bogʻchalar, maktab va shifoxonalar qurish zarurligiga ishora beradi.
Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat etib belgilanishi yurtimizdagi har bir fuqaroga quyidagi imkoniyatlarni berishi bilan ahamiyatga ega:
birinchidan, davlat tomonidan fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish choralarini koʻrish hamda kasbga tayyorlashning zamonaviy tizimini tashkil etish orqali fuqarolarni ish bilan taʼminlash sharoitlari yaratiladi;
ikkinchidan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha zarur iqtisodiy sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi. Xususan, ijtimoiy uylar qurish, aholining turli qatlamlari iqtisodiy imkoniyatlarini inobatga olgan holda subsidiyalar ajratish kabi;
uchinchidan, tez va shoshilinch tibbiy yordam kafolatlangan hajmining davlat hisobidan koʻrsatilishi belgilanishi tibbiy xizmatning qamrov darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladi;
toʻrtinchidan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim tashkil etilishi natijasida ularning qobiliyati hamda hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatda huquqi hurmat qilinishi prinsipi amalda ishlashi taʼminlanadi;
beshinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga boshqalar bilan teng imkoniyatlar yaratilishi natijasida ularning hayot darajasini oshirishga erishiladi;
oltinchidan, davlat tomonidan iqtidorli va isteʼdodli bolalar va yoshlarni tizimli qoʻllab-quvvatlanishi natijasida ularning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyati yanada ortadi, mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy hayotidagi ishtiroki taʼminlanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy davlat modeli Oʻzbekistonda davlat tomonidan quyidagi majburiyatlar bajarilishini taqozo etadi:
birinchi, aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash hamda aholi ehtiyojmand qatlamlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilishini;
ikkinchi, fuqarolarni kasbiy tayyorlashni tashkil etish, mehnat bozorida ehtiyoj mavjud boʻlgan kasblarga fuqarolarni oʻqitish va ularning malakasini muntazam ravishda oshirib borish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishini;
uchinchi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar va moliyaviy resurslar ajratilishi taʼminlanishini;
toʻrtinchi, ehtiyojmand aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilishini;
beshinchi, ijtimoiy tafovutlar kamayishi hisobidan ijtimoiy-siyosiy barqarorlik taʼminlanishini.
Oʻzbekistonda fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, taʼlim sohasi tubdan isloh etilib, unga yangi va zamonaviy uslublar joriy etildi, maktabgacha taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlimga qamrov darajasi keskin ortdi. Birgina misol: davlatning qoʻllab-quvvatlovi natijasida soʻnggi olti yilda bolalarni bogʻchalarga qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetdi. Bu 2 millionga yaqin bola bogʻchaga borayotganini anglatadi.
Shuningdek, aholining uy-joyga ehtiyoji hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilashiga koʻmak jiddiy kuchaydi. Soʻnggi olti yilda qariyb 300 mingta, yaʼni avvalgi yillardagidan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Birgina 2020-2022-yillarda jami 27 800 fuqaroga boshlangʻich badalning bir qismini qoplash uchun 795,6 milliard soʻm va 38 811 fuqaroga foiz toʻlovlarining bir qismi qoplash uchun 429,4 milliard soʻm subsidiya ajratilgani Oʻzbekistonda ijtimoiy davlat modeli tobora shakllanib, rivojlanib, bu boradagi real imkoniyatlar ortib borayotganidan darakdir.
Bugun Oʻzbekiston aholisining qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularrga munosib sharoit yaratish maqsadida davlat tomonidan har yili 250 ming yangi oʻquvchi oʻrni, kamida 200 mingta yangi uy-joy, 1 million doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha ishlar amalga oshirilayotir.
2023-yil 8-may kuni Prezidentimiz Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda: “Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi”, deya taʼkidlandi. Bu ogʻir va sharafli vazifaning samarali bajarilishi kelgusida xalqimiz turmushi yanada farovon boʻlishi, aholining real daromadi bir necha karra ortishiga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat modelini tanlashi “inson-jamiyat-davlat” munosabatlari tizimining mukammal ishlashi, jamiyatdagi barcha qatlam vakillari uchun birdek imkoniyatlar yaratilishi, fuqarolarga sifatli taʼlim, tez va shoshilinch tibbiy xizmat oʻz vaqtida koʻrsatilishi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji boʻlgan fuqarolarga koʻmak koʻrsatilishi, yosh oilalarning uy-joyli boʻlishi uchun imkoniyatlar ortishi, fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilishning kafolatli tizimi joriy etilishi, eng muhimi, hech kim oʻz muammosi bilan yolgʻiz qolib ketmasligini taʼminlashi shubhasiz.
Akbarshoh TESHABOYEV,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosari, huquqshunos-tahlilchi,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori