“Yuksalish” umummilliy harakatining Taraqqiyot strategiyasi ijrosi boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish va uning amalga oshirilishida faol fuqarolik jamiyatini jalb etishga oid taklifi qoʻllab-quvvatlanib kelinyapti.

Shunga muvofiq respublikaning barcha hududlarida nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish ishlari boshlandi.

Joriy yil 28-fevralda “Yuksalish” umummilliy harakati, Samarqand viloyati hokimligi, viloyat hududida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va faollar bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tarkibini tasdiqlash va guruhning tashkiliy yigʻilishini oʻtkazishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, masʼul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik nazorati kabi tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Jumladan, davlat idoralari amalga oshirilgan ishlar boʻyicha “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan tashkil etilgan jamoat guruhlariga doimiy ravishda hisobot berib borishlari va shu orqali Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishilganlik boʻyicha yillik muqobil hisobotlar eʼlon qilishlari qayd etildi. Eʼtiborlisi, ushbu hisobotlar orqali joylardagi mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga baho berilishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir soʻngida Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ijrosini taʼminlashda barcha birdek masʼul ekanligi va belgilangan maqsadlarga bu boradagi saʼy-harakatlarni birlashtirish orqaligina erishish mumkinligi haqida xulosa qilindi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali Samarqand viloyatidagi Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tarkibi maʼlum qilindi.