Dunyo miqyosida esa Oʻzbekistonning nufuzi yanada ortib bormoqda. Shu bilan bir qatorda, yoshlarimizning faolligi dunyoqarashi yanada kengayib, hayotga, islohotlarda faol qatnashishga boʻlgan munosabati hamda elu yurtning bugungi farovon kuniga daxldorlik va kamarbastalik hissi yanada yuksalib borayotgani kundek ravshan.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston faol, tashabbuskor yoshlar yurti boʻlib, mamlakatimiz aholisining qariyb 60 foizidan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Albatta bu, davlatimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklab ulkan eʼtibor, gʻamxoʻrlikni talab etadi. Shu bois, ertamiz egalari boʻlmish yoshlarimizning intiluvchan, har tomonlama yetuk, bilimli hamda salohiyatli shaxs sifatida kamol toptirish masalasiga ham davlatimiz tomonidan oʻziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilmoqda, yoshlarning huquq va erkinliklarini yanada taʼminlashda, ularning imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas tarzda takomillashtirilib borilmoqda.

Yoshlarimizga koʻrsatilayotgan bu gʻamxoʻrlik va eʼtibor bugun oʻz samarasini bermoqda. Hozir Oʻzbekiston mehnat resurslarining asosiy qismi yoshlardir. Zotan, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz”.

Oʻtgan juda qisqa vaqt mobaynida fidoyilik, shijoat, faollik hamda bunyodkorlik singari ezgu fazilatlarni yurtdoshlarimizning ongu shuuriga, kundalik turmush tarziga singdirildi, bugun har bir yosh mamlakatimizni rivojlantirishga, taraqqiy etishiga, fuqarolarimizning farovon hayotiga hissa qoʻshaman degan ezgu maqsad bilan yashamoqda, mehnat qilmoqda. Bu yangicha ishchanlik kayfiyati barcha muammo va masalalarning mohiyatiga chuqur kirib borish, yoshlar fikrini inobatga olgan holda ijobiy hal etish jarayoni barchaning alohida eʼtirofini qozonmoqda.

Albatta, hozirgi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning samarali natijalari dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. Mamlakatimizda bu borada ilgari surilayotgan tashabbuslar, jumladan, BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturini qabul qilish va amalga oshirish borasidagi takliflar xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar hamda islohotlar yoshlarining yangidan-yangi choʻqqilarni zabt etishiga, ularning mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishiga asos boʻlmoqda.

Oʻzbekistonning yangicha fikrlaydigan yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir.

Umida BOʻRANOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangihayot tuman boʻlinmasi rahbari,

Oliy Majlis Senati xuzuridagi Yoshlar parlamanti aʼzosi