Qonun bilan elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Elektron raqamli imzoning va qoʼlda shaxsan qoʼyilgan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligi eʼtirof etildi.

Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ERIdan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

ERI kalitlarini roʼyxatga olish markazi hamda shaxslar oʼrtasidagi ERIdan foydalanish sohasidagi munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi. 

ERI kalitini berish yoki uning sertifikatini roʼyxatga olish bir ish kunidan oshmasligi kerak.

ERI kalitiga ega boʼlgan shaxslar ERI mavjud boʼlishi talab qilinadigan davlat xizmatlarining barcha turlaridan erkin foydalanish imkoniyatiga ega boʼladi. 

Jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta ERI kalitlariga ega boʼlishi mumkin. Har bir ERI kalitining sertifikatini roʼyxatga olish belgilangan tartibda alohida amalga oshiriladi.

ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati roʼyxatga olingan paytdan eʼtiboran 24 oydan oshmasligi kerak. Bunda ERIning amal qilish muddati ikki martadan koʼp boʼlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. 

Oʼzbekistonning xorijdagi fuqarolari, shuningdek chet el jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʼlmagan shaxslar ERIni konsullik muassasalari, shuningdek diplomatik vakolatxonalarning konsullik boʼlimlari orqali olishi mumkin.

Yangi tahrirdagi qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʼtgach kuchga kiradi.