– Bilamizki, Kleopatra shaxsiyati jahonda koʻp mualliflarni oʻziga jalb etib kelgan, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq. – Uning hayoti filmlarda, dramalarda, asarlarda keng yoritilgan. Eʼtiroflisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tomonidan oʻzbek nasrida ilk bor “Kleopatra” tarixiy romani yozildi. 

Asar muhokamasiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etgan yozuvchilar, adabiyotshunoslar hamda yoshlar romanning mazmun-mohiyati borasidagi fikrlar, takliflarni bayon qilishdi. Muhokamani Uyushma Nasr kengashi raisi, yozuvchi Isajon Sulton olib bordi.

– Romanda tasvirlangan davr yigirma-yigirma besh yilga yaqin fursatni oʻz ichiga oladi, – deydi yozuvchi Risolat Haydarova. – Asar Kleopatraning oʻsmirlik paytidan boshlanib, uning oʻlimi bilan tugaydi. Ushbu asar voqealarga juda boy. Tarixda Kleopatraning bolaligi haqida maʼlumotlar yoʻq. Lekin Muhammad Ali uning bolaligini ham tasvirlaydi. 

Asarda Kleopatraning koʻpchilikka tanish hayoti tasvirlangan, uning Yuliy Sezar bilan munosabatlari, Mark Antoniyga muhabbati, uning oʻlimi... Lekin malika ayol kishi sifatida qanday boʻlgan, uning xarakteri qanaqa edi? U nimalarni yaxshi koʻrgan, nimalarni yomon koʻrgan? Oʻquvchiga mana shu narsa qiziq. 

– Ushbu roman toʻla-toʻkis tasvirlar asosiga qurilgan, – deydi yozuvchi Jumanazar Beknazar. – Bu esa yozuvchining katta mahoratidan dalolatdir. Asar voqealaridagi har bir tasvir tarixiy asoslangan. Bu esa kitobxonni mutolaa jarayonida romanning boshidan oxirigacha katta qiziqish bilan ushlab turadi. Soʻzlar oʻz oʻrnida qoʻllanilgani bilan oʻquvchini zeriktirmaydi.   

Kleopatra, aytishlaricha, haqiqatan juda zakovatli ayol boʻlgan, uni tarixda qoldirgan ham uning husnidan koʻra koʻproq zakovati desak, toʻgʻri boʻladi. Umuman, adabiyotimizda jahoniy siymolarning yaratilgani juda ijobiy hodisa. Bu bilan oʻzbek nasri jahoniy mavzularga yana ham yaqinlashadi. 

Soʻzga chiqqanlar, Kleopatraning Spitamen avlodiga taalluqli ekanligi koʻp oʻquvchilar uchun yangilik, deya taʼkidlashdi. Chunki bu haqda jahonda koʻp gapirishmagan. Roman shu jihatdan ham ahamiyatli. Oʻquvchi shu roman orqali miloddan avvalgi tarixga kirib boradi. Bobolarimizning jahon tarixidagi oʻrni haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻladi. 

Muhokama davomida adabiyotshunoslar Adhambek Alimbekov, Suvon Meli, Zuhriddin Isomiddinov roman borasida oʻzlarining mulohazalarini, takliflarini bildirishdi.