баннер
19 Fev 2025
08:15

    Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi

    Mamlakatimizda 20 Noyabr 2020 2248

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat xaridlari sohasida masʼuliyatni oshirish va korrupsiyani bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni talablarini, shu jumladan, xarid qilish tartib-taomillari turlarini belgilash va ijrochini tanlash shartlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish vazifasi yuklatilgan.

    Shuningdek, mazkur farmonda davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda eʼlon qilish, davlat xaridlarini tanlov va tender savdolari orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish tartibini joriy etish zarurligi belgilangan.

    Shu munosabat bilan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

    Loyihada davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xususan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof hamda samarali tizimini yaratish orqali korrupsiyaning oldini olish koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, loyihada korrupsion omillar, huquqni tartibga solishdagi boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida “benefitsiar”, “davlat xaridlarining ijrochisi”, “dastlabki malaka tanlovi”, “zaxira gʻolibi, “ixtisoslashgan tashkilot”, “manfaatlar toʻqnashuvi”, “xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi” kabi tushunchalarga taʼriflar berildi va mazmunan kengaytirildi.

    Korrupsiyaning oldini olish nuqtayi nazaridan oshkoralik, raqobat va qarorlarni qabul qilishning xolisona mezonlariga asoslanadigan xarid tizimlarini yaratish uchun xarid eʼlonlari va tuzilgan shartnomalarni davlat xaridlari portaliga joylashtirish, jamoatchilikka oshkor qilish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarli shart-sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratilgan.

    Xaridlarda savdo gʻoliblarini tanlash va qarorlarni qabul qilish mezonlarini hamda ishtirok etish shartlarini belgilash shartlari oldindan ochiq eʼlon qilinishi koʻrsatib oʻtilgan.

    Eng yaxshi takliflarni tanlash, tender jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazish korrupsiyaning oldini olishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga yordam berib, inson omilini kamaytiradi hamda ushbu jarayonlarni monitoring qilishni osonlashtiradi.

    Bundan tashqari, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan cheklovlar, yaʼni ishtirokchilarning yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash boʻyicha qaror qabul qilish huquqiga ega boʻlgan taqdirda ishtirokchini davlat xaridlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi aks ettirilgan. Bundan tashqari davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning matniga ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritishga taqiq qoʻyilgan.

    Davlat xaridlari doirasida tuzilgan barcha shartnomalar toʻgʻrisida maʼlumotlarni jamlash yagona reyestr orqali amalga oshirilishi haqidagi tartib ham belgilanmoqda. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborot davlat xaridlarining elektron tizimida joylashtirilmagan boʻlsa, ushbu shartnomalar boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilmaydi. Bu oʻz navbatida, shartnomalarni ochiqligini taʼminlaydi va jamoatchilik monitoringini oʻtkazishga imkon yaratadi.

    “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri kelgusida tadbirkorlar orasida halol raqobat muhitini yaratishga, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati

    Telegram kanalimiz
    Text to speech