Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (regulation.gov.uz) portaliga takroran joylashtirildi. Mazkur loyiha 2020-yilning oktyabr oyida birinchi marta jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan, davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga yuborilgan boʻlib, kelib tushgan takliflar asosida yana-da takomillashtirildi. Loyiha 2 qism, 71 ta bob va 1190 ta moddadan iborat boʻlib quyidagi mazmundagi oʻzgarishlarni nazarda tutadi:

alohida qonunlar bilan batafsil tartibga solingan munosabatlar (intellektual mulkka oid maxsus qoidalar, yuridik shaxslarning huquqiy maqomi va boshqa) va bir-birini takrorlovchi normalarni chiqarib tashlash, yangi tushunchalarni kiritish hamda mavjudlarini takomillashtirish, huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish;

shaxsiy huquqlarning fuqarolik-huquqiy himoyasini taʼminlash maqsadida fuqaroning tasvirini oshkor qilish va undan foydalanish (fotosurat, videoyozuv va boshqalar) faqat fuqaroning roziligi bilan amalga oshirish mumkinligi, fuqaroning shaxsiy hayoti, shu jumladan uning kelib chiqishi, yashash joyi, shaxsiy va oilaviy hayoti toʻgʻrisidagi har qanday axborotni yigʻish, saqlash, tarqatish va foydalanishga uning roziligisiz yoʻl qoʻyilmasligini belgilash;

mulk huquqining teng himoya qilinishiga erishish maqsadida mulkni xususiy va davlat mulkiga ajratuvchi normalarni (ommaviy mulk, respublika mulki, munitsipal mulk) bekor qilish, koʻchmas mulk davlat reyestriga ishonib bitim tuzgan insofli egallovchidan mulkning qaytarib olinmasligini nazarda tutish, yangi turdagi ashyoviy huquq turlari, yaʼni qurilish qilish huquqi (superfitsiy), uzufrukt (shaxsiy foydalanish va egalik qilish huquqi) kabilarni kiritish.

Tadbirkorlar, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulayliklar yaratish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:

tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini yakka tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan ham amalga oshirish qonun hujjatlari bilan nazarda tutilishi mumkinligi haqidagi qoidani kiritish;

chet el yuridik shaxslariga Oʻzbekistonda oʻz filialini roʻyxatdan oʻtkazib, filial orqali qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday tadbirkorlik (xoʻjalik) faoliyati bilan shugʻullanish huquqini berish;

tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining aniq roʻyxatini belgilab qoʻyish, xoʻjalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona, operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos boʻlmagan tashkiliy-huquqiy shakllardan voz kechish;

yuridik shaxslarni ommaviy huquq va xususiy huquq yuridik shaxslariga ajratish, xususiy huquq yuridik shaxslari barcha turdagi fuqarolik huquq va majburiyatlarga ega boʻlishi mumkinligi, ularning fuqarolik huquq layoqati faqat sudning qarori bilan cheklanishi, davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asoslar esa faqat qonun bilan belgilanishini mustahkamlab qoʻyish;

fuqarolik-huquqiy munosabatlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish maqsadida fuqarolik qonun hujjatlarining virtual makon (internet)da vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish, elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul (kriptovalyuta) muomalasining asosiy qoidalarini belgilash;

shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish, jumladan shartnoma tuzish erkinligini kengaytirish, ularning barqarorligini kuchaytirish, shartnoma tuzishga majburlash tartibini tugatish, yangi shartnoma turlarini (opsion, qaytib sotib olish sharti bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi, turistik xizmatlar koʻrsatish, distribyutorlik shartnomasi, agentlash, eskrou) muomalaga kiritish;

fuqarolik huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, jumladan fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilariga yetkazilgan zarar (haqiqiy zarar va boy berilgan foyda) va maʼnaviy ziyonni qoplash mexanizmlarini aniqlashtirish, bunda halollik va adolatlilik tamoyillarini kuchaytirish;

Oʻzbekistonning fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida nazarda tutilgan boshqa oʻzgartirishlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi quyidagi natijalarga olib kelishi kutilmoqda:

iqtisodiyotni yana-da liberallashtirishning huquqiy asoslarini yaratish;

iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirish;

mulkdorlar huquqlari himoyasining kuchaytirilishi va iqtisodiyotda xususiy mulkning ustuvor rolini taʼminlash;

ishbilarmonlik muhitini va investitsion iqlimni yaxshilash;

mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish;

2017–2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.

Dildora ANVAROVA,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot

instituti masʼul xodimi