Yangi tahrirdagi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 12 May 2022 1049

    Bugun, 12-mayda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining ekspertlar guruhi tomonidan yangi tahrirdagi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

    Muhokamada senator va ekspertlar amaldagi Qonunning ijrosi toʻliq taʼminlanmayotganligi, normalar aniq va tushunarsiz boʻlib qolganligi, maʼmuriy tartib-taomillar yoʻnalishlarini toʻliq qamrab olmaganligi qayd etildi. Bu esa, oʻz navbatida, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga yetarli emasdir.

    Yangi tahrirdagi Qonunning maqsadi, vazifalari hamda qoʻllanilish sohasi yanada kengaytirilib, u oʻzboshimchalikni va vakolatning suiisteʼmol qilinishini taqiqlash, huquqni qoʻllashni rad etishga yoʻl qoʻymasligi kabi yangi prinsiplar bilan boyitilgan.

    Yigʻilishda ushbu Qonun boʻyicha tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar ham muhokama qilindi.

    Jumladan, maʼmuriy tartib-taomillarning prinsiplari, maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilari, shuningdek, maʼmuriy tartib-taomillarning asosiy institutlari, xususan, tegishli tarzda xabardor qilish, manfaatdor shaxslarni tinglash, maʼmuriy hujjat, maʼmuriy shikoyat va maʼmuriy hujjatni ijro qilish bilan bogʻliq normalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ekspertlar qayd etgandek, mazkur Qonunni ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, xususan, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya, Litva, Estoniya, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi chuqur oʻrganilgan.

    Ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan davlat organlari oʻrtasidagi munosabatlarni belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazuvchi davlat organlari xodimlarining ehtimoli boʻlgan noqonuniy xatti-harakatlaridan himoya qilishga, maʼmuriy tartib-taomillarning yagona mexanizmini joriy etishga, maʼmuriy organlar tomonidan maʼmuriy huquqiy faoliyat sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni oʻz vaqtida hal etishga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.