Yangi Toshkent tumani tashkil etiladi

    Urbanizatsiya 11 Noyabr 2023 1385

    Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan Toshkent shahriga oʻtkaziladigan qariyb 20 ming gektar (shuning qariyb 13 ming gektari qishloq xoʻjaligi yerlari) hududda Yangi Toshkent tumani tashkil etiladi.

    Bu eʼlon qilingan tegishli qaror loyihasida nazarda tutilgan.

    Loyihada taʼkidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralari oʻzgartirilishi; Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar, shu jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidan 17 323,31 gektar (shundan 11 147,29 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari), Oʻrta Chirchiq tumanidan 2 406,1 gektar (shundan 1 758,41 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydonlari Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda.

    Taklifga koʻra, Yangi Toshkent tumaniga quyidagi hududlar kiritiladi:

    Yuqori Chirchiq tumanidan — “Istiqbol”, “Darxon”, “Usmonobod”, “Navoiy”, “Jaloltepa”, “Obodon”, “Guliston”, “Bahor”, “Xvan T.G”, “Yashnobod”, “Uch chinor”, “Nurafshon”, “Mirobod”, “Fayziobod”, “Ahmad Yassaviy”, “Baliqchi”, “Yoshlik”, “Tinchlik”, “Iyik-ota”, “Birlik” MFYlar hududlari;

    “Istiqlol”, “Gulobod”, “Oʻzbekiston”, “Navroʻz”, “Qorasuv”, “Oq ovul”, “Maʼrifat”, “Jumabozor”, “Nurli yoʻl”, “Farovon”, “Yangi hayot”, “Saxovat”, “Qizilsoy” MFYlar hududlarining bir qismi.

    Belgilanishicha, chegarasi oʻzgartirilayotgan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan, Oʻrta Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq tumanlari kengashlari deputatlari xalq deputatlari Yangi Toshkent tuman kengashi deputatlari hisoblanadi.

    Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlari tarkibidan oʻtkazilayotgan yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari oʻzgartirilmagan holda oʻtkaziladi. Mazkur yerlarni bir toifadan boshqasiga oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirilishiga yoki bekor qilinishiga qadar saqlab qolinadi.