Loyiha Yangi Toshkent tumanidagi Yuqori Chirchiq tumani “Doʻstlik” massivida 400 gektar yer maydonida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu yoʻnalishda Janubiy Koreyaning « Haehan Architecture» kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan “TMSC” MCHJ asosiy investor sifatida ishtirok etadi.
Hujjat loyihasiga koʻra, umumiy qiymati 5 milliard AQSH dollari boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi. Loyiha doirasida quyidagi zamonaviy obyektlar qurilishi koʻzda tutilgan:
- xalqaro standartlarga javob beradigan yirik tibbiyot muassasasi va shoshilinch tibbiy yordam markazi;
- nufuzli Koreya xalqaro tibbiyot universiteti filiali;
- tibbiyot yoʻnalishidagi maktab va bogʻcha;
- “Koreya kvartali” madaniy va tijorat koʻchasi;
- biznes markazlar, mehmonxonalar va turar-joy majmualari.
Shuningdek, investor zimmasiga shaharcha ichki infratuzilmalarini — elektr, suv, gaz, yoʻl, koʻprik va kommunikatsiya tarmoqlarini toʻliq qurib bitkazish ham yuklatilmoqda. Loyiha 2025–2034-yillar mobaynida bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 7000 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Qaror loyihasiga muvofiq, loyiha ishtirokchilariga “Business City” markazlariga berilgan imtiyozlar uch yil muddatga qoʻllaniladi. Shuningdek, qurilish ishlari “fast-track” uslubida — yaʼni loyihalash, xarid va qurilish bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladigan tizimda olib boriladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish choralari ham belgilangan: har kesilgan daraxt oʻrniga kamida 30 tup yangi koʻchat ekish majburiyati yuklatilmoqda.
Loyihaga xorijiy mutaxassislarni jalb etish uchun ularga vizalarni tezlashtirilgan tartibda berish, mehnat faoliyatiga ruxsatnomalar rasmiylashtirish kabi shartlar ham koʻzda tutilgan.








