Bu bilan mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida yangi davr boshlab berildi, deyishimiz mumkin. Mazkur qarorlar 2022 yil yanvar oyidan boshlab mamlakatimizdagi eng salohiyatli 35 ta oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishi – bu boradagi vazifalarni sifatli tarzda amalga oshirish va hozirdanoq mustahkam poydevor yaratishni talab etadi. Bu o'z navbatida, oliy ta'lim muassasalari boshqaruvida yangicha tizim asosida yondashuvni ham talab etadi.

Mana shu mas'uliyatli vazifalarni inobatga olgan holda, oliy ta'lim tizimida rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas'ullar uchun o'z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida joriy yil 10-24 yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, oliy ta'lim muassasalari kredit-modul tizimiga to'liq o'tganligi sababli kafedra mudirlari va professor-o'qituvchilari uchun o'quv mashg'ulotlar barcha oliy ta'lim muassasalarida tashkil etilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2021/2022 o'quv yilining ikkinchi yarmini to'liq va puxta tayyorgarlik ko'rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta'lim muassasalari, akademik litsey talaba-o'quvchilari uchun qishki ta'til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi. O'z navbatida, qishki ta'til davrida oliy va professional ta'lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o'quvchilarining vaqtini mazmunli o'tkazish maqsadida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar yo'lga qo'yildi.

Shularni inobatga olgan holda, Urganch davlat universitetida ham ta'til paytlaridan unumli foydalanish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,  2022 yilning  10 yanvaridan Urganch davlat universitetida  pedagog va xodimlar uchun seminar-treninglar o'z ishini boshladi.  Universitet rektorining buyrug'iga asosan, o'quv-uslubiy boshqarma tomonidan fakultetlar kesimida ushbu qisqa muddatli kurslarni olib boruvchi trenerlar ro'yxati va dars jadvali shakllantirildi. Mazkur kurslarni tashkil etishda Oliy ta'lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazining o'quv dasturidan unumli foydalanilmoqda.

Seminar-treninglarda Hemis dasturida ishlash, kredit-modul tizimida o'quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish, kredit-modul tizimida pedagoglar faoliyati va o'zlashtirishni baholash tizimi,  tizimda me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, kredit-modul tizimini raqamlashtirish, kredit-modul tizimida talabalar mustaqil ishi va ARM faoliyatini tashkil etish, kredit-modul tizimida pedagoglar faoliyati va o'zlashtirishni baholash tizimi, xorijiy davlatlardagi ushbu tizimning muhim tamoyillari to'g'risida ma'lumotlar berilmoqda. Seminar-treninglarda tinglovchilar o'zlarining fikr-mulohazalari, savol-javoblari va bahsli jarayonlari bilan faol qatnashmoqda. 22 yanvarga qadar davom etishi rejalashtirilgan ushbu seminar-treninglar pedagog va xodimlar uchun  bilim va ko'nikmalarini yanada mustahkamlashda ayni muddao bo'ldi. Ularning  Hemis  dasturida ishlash va kredit-modul tizimida o'quv jarayonini tashkil etishdagi bilim va tajribalari ta'lim jarayonining samaradorligini oshirishda muhim o'rin tutadi.

Qolaversa, qishki ta'til paytlarida talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish hamda ularning bilim va iqtidorlarini namoyish qilish maqsadida turli onlayn tanlovlar tashkil etildi. Jumladan,  fakultetlar tomonidan “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusidagi she'r, hikoya, maqola, ijodiy matn, insholar tanlovlari o'tkazilmoqda.

Bu boradagi ishlar doirasida “Zakovat” intellektual o'yini doirasida “Rektor kubogi – 2022” turniriga start berildi. Turnir onlayn tarzda 12-22 yanvar kunlari o'tkazilishi belgilangan.

Shu bilan birga, Urganch davlat universiteti talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan xorijlik talaba-yoshlarning qishki ta'tilini mazmunli tashkil etishga alohida e'tibor qaratilgan. Bu borada “Vaqt bu — imkoniyatlar kaliti”, “Kitob — ma'rifat chirog'i”, “Men sevgan asar”,  “Yoshlar kelajak poydevori” kabi qator mavzularda davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida hamkor tashkilotlar, xususan, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Viloyat sport va turizm boshqarmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Xorazm viloyati bo'limi, Viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Besh tashabbus besh imkoiyat” shiori ostida she'riyat kechalari, rasmlar tanlovi, sport musobaqalarini tashkil etish, teatr spektakllari namoyishlarini o'tkazish, talaba-yoshlarni vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida fizika, matematika, o'zbek tili  hamda chet tilli fanlaridan onlayn tanlovlarini tashkil etish, olimpiya va paralimpiya o'yinlari, jahon chempionatlari g'olib va sovrindorlari ishtirokida “Chempion va yoshlar” uchrashuvi tashkil etish rejalashtirilgan.

Urganch davlat universiteti jamoasi yangi 2022 yilga zimmasidagi ulkan mas'uliyat bilan qadam qo'ymoqda. Oliy dargohimizning qariyb 1 ming nafarlik ilmiy-pedagogik jamoasi sohada qabul qilingan muhim qarorlar ijrosini izchil ta'minlash uchun munosib faoliyat olib borishga, bilim va salohiyatini safarbar etishga hamisha shay.

Sanjarbek Davletov,

UrDU Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori, t.f.d.