Bekobod shahridagi “Jomiy”, “Bunyodkor” va “Qardoshlik 2” mahallalari qoʻshni Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan anklav hudud hisoblanadi. 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiluvchi ushbu mahalla ahli olib borilayotgan bugungi islohotlardan mamnun. Xususan, mahalliy aholini koʻpdan buyon qiynab kelayotgan muammolari bartaraf etilmoqda.
Mazkur hudud fuqarolari turli davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qishning sovugʻi, yozning jaziramasida 15 chaqirim yoʻl bosib chegaradan oʻtib, shahar markaziga borishlariga toʻgʻri kelardi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi mutaxassislar tomonidan hudud “mahallabay” tizimi orqali oʻrganilib, mavjud muammoni bartaraf etish chorasi koʻrildi.
Yangi yil bayrami arafasida “Jomiy” mahalla fuqarolar yigʻini binosida Bekobod shahar Davlat xizmatlari markazining “Jomiy” filiali aholiga xizmat koʻrsatish uchun oʻz eshiklarini ochdi. Endi davlat xizmatlariga ehtiyoj sezganda ovora boʻlib, chegaradan oʻtib shahar markaziga borishga hojat qolmadi. 160 dan ortiq xizmatlar shu yerning oʻzida koʻrsatiladi.
Filial ochilishi marosimida Xalq deputatlari Bekobod shahar kengashi kotibiyati mudiri Ulugʻbek Abdunazarov barchani bayram bilan qutlab, aholi endilikda shu yerning oʻzida davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlganini alohida taʼkidladi.
Yangi ochilgan filial shu kunning oʻzidayoq 10 ga yaqin fuqaroning mushkulini oson, uzogʻini yaqin boʻlishiga xizmat qildi. Xususan, Nafisa Otaboyeva farzandlarini bogʻchaga joylashtirish, Manzura Holmatova turmush oʻrtogʻining pensiyasi bilan bogʻliq masalada mutaxassisga murojaat qilib, birinchilardan boʻlib filial xizmatidan foydalandi.
Endilikda haftaning payshanba kunida markaz xodimining koʻmagida “Jomiy” va unga yondosh mahallalar aholisi davlat xizmatlarini yashash hududlaridan chiqmagan holda olish imkoniga ega boʻldi.
Toshkent viloyatida Davlat xizmatlari markazi filiallari soni 9 taga yetdi. Joriy yil davomida filiallar tomonidan 9 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati