Ushbu reglamentga muvofiq, talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab beriladi.
Bunda mablagʻlar 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 mln soʻmdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.
Talabgor quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
- qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
- faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
- sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali Turizm qoʻmitasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
- suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
- shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat nusxalari.
Qoʻmita xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida mablagʻlar talabgorning hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.