Ushbu reglamentga muvofiq, talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab beriladi.

Bunda mablagʻlar 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 mln soʻmdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.

Talabgor quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
  • qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
  • faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
  • sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi.

Talabgor xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali Turizm qoʻmitasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
  • suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
  • shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat nusxalari.

Qoʻmita xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida mablagʻlar talabgorning hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.