Chunki xonadagi harorat ancha issiq. Uyga qaytganda ham shunday, issiq xonalar gaz bosimi yaxshi ekani, isitish tizimlari ishlayotganini bildiradi. Bundan koʻnglimiz xotirjam ham boʻladi.
Ammo kuz-qish mavsumida baribir bir oz xavotirda turamiz. Boisi, havo harorati pasayishi sabab yurtimiz aholisining gaz va elektrga talabi bir necha barobar ortadi. Natijada umumiy tarmoqlarga koʻproq yuklama tushib, gaz yoki elektrda vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Soha egalari mavsumga yil davomida tayyorgarlik koʻrib, taʼminotda uzilishlar boʻlmasligini taʼkidlashiga qaramay, mavsum kelgach, ayrim cheklovlar oʻrnatilishi hamon saqlanib qolmoqda. Bu, ayniqsa, suyultirilgan gaz taʼminotida koʻzga tashlanadi.
Koʻpchilikning yodida, oʻtgan yili sovuq sabab avtomobillarga metan quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtincha cheklovlar oʻrnatilib, ayrim sanoat korxonalarini gazdan uzib qoʻyish holatlari ham kuzatilgandi. Mutasaddilar bu choralarni birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash, ularda gaz bosimi pasayishining oldini olishga qaratilgani bilan izohlagan. Navbatdagi mavsumda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrilgani ham aytilgandi.
Ammo bu yilgi qish mavsumi kirib kelib, havo nisbatan salqinlashishi bilan yana metan shoxobchalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilib, ularning ish vaqtlari boʻyicha har bir hudud uchun alohida reja-grafiklar eʼlon qilindi. Holatni mutasaddilar qoʻshni davlatdagi gaz tarmogʻida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani bilan izohlab, bu vaqtincha ekanini bildirdi. Bunday vaziyatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obʼyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash bosh maqsad ekani bois, ana shunday choralar koʻrilayotgani ham qoʻshimcha qilingan.
Xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, odamlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlgani tushunarli. Ayniqsa, haydovchilik ortidan tirikchilik qiladigan odamlar uchun metan shoxobchalarda soatlab navbat kutish bir muammo boʻlsa, buning ortidan yoʻqotiladigan vaqt, koʻriladigan moddiy zarar yana bir masalaga aylanadi.
Shunday vaqtda odamlarni tabiiy gazning tortilishi xonadonlarni issiqlik bilan taʼminlashda ham muammolarni keltirib chiqarmaydimi, bosim pasaygan vaqtlarda qanday choralar koʻriladi, avvallari boʻlgani kabi qishni sovuq uylarda oʻtkazamizmi, degan haqli savollarga javoblar qiziqtirmoqda.
— Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz aholi ehtiyojini qoplash uchun yetarli, faqat buni toʻgʻri taqsimlash kerak, — deydi “Issiqliktaʼminoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom Toʻrayev. — Boisi, bu yilgi qish mavsumi qanday oʻtishi, havo haroratidagi kutilmagan oʻzgarishlar haqida aniq gap aytolmaymiz, ammo ishonch bilan aytishim mumkinki, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik oʻtgan yillardagidan tubdan farq qiladi va bajarilgan ishlar koʻlami nihoyatda keng. Bu chora-tadbirlar, birinchi navbatda, odamlarning issiqlik taʼminotiga boʻlgan talabini qondirishga qaratilgan. Yurtimiz issiqlik taʼminoti tizimidagi tub islohotlar va sohani zamonaviylashtirish ishlari 2017-yildan keyin boshlangan boʻlsa, shundan beri oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifa aholi ehtiyojini toʻla qondirish boʻlib turibdi. Tegishli qaror bilan 2030-yilgacha qilinishi kerak boʻlgan ishlar avvalida ham shu omil birlamchidir. Buning uchun barcha choralar koʻrilyapti.
Ayni paytda tizimda mavjud 500 dan ortiq qozonxonaning hammasi tabiiy gazda ishlashga moʻljallangan. Oxirgi ikki yilda qurilgan 3 ta qozonxona muqobil yonilgʻida ham ishlashga moslashtirildi. Bunda, asosan, dizel yonilgʻisi nazarda tutilib, favqulodda zarur holatlardagina qoʻllaniladi. Lekin shu kungacha muqobil yoqilgʻi zaxirasiga talab boʻlmadi. Chunki gaz bosimi yetarli va oxirgi yillarda kuzatilayotgan anomal sovuq kunlarda ham aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib berilyapti. Sovuq mavsumning uzayib ketishi kabi turli holatlarda esa “Hududgaztaʼminot” AJ bilan hamkorlikda ishlanib, tabiiy gaz bosimini rostlash yoki koʻtarish choralari koʻriladi.
Ochigʻini aytish kerak, yurtimiz issiqlik taʼminoti tizimiga 2017-yilgacha deyarli eʼtibor qaratilmagani bois, muammolar toʻplanib qolgandi. Eski qurilmalar ortidan boshqaruvda avtomatlashtirish tizimi yoʻq boʻlib ketgan. Ana shu muammolar birin-ketin bartaraf etilyapti. Buning uchun katta mablagʻ ajratilyapti. Muhimi, tizimda bitta narsa oʻzgargan — asosiy maqsad inson isteʼmolchilar ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilyapti. Buni qishning izgʻirinida ham issiqqina uyda oʻtirgan aholining oʻzi-da bilyapti, sezyapti, tan olyapti.
Tizimda yildan yilga ilgʻor, energiyatejamkor texnologiyalarni qoʻllash koʻrsatkichi ortib borayotgani ish samaradorligini oshirmoqda. Xususan, joriy yilgi mavsumga tayyorgarlik davomida nasos qurilmalarga qoʻshimcha uskunalar oʻrnatilib, qozonxonalar toʻliq avtomatlashtirildi, zamonaviy quvurlardan foydalanilyapti. Bunday quvurlar gaz yoʻqotishlarini 7-8 foizdan 3-5 foizga tushirgan. Bu ham issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini yanada oshiradi.
Gaz oʻrniga elektr energiyasi: qachondan amal qiladi?
Xonadon issiq, chiroq doim yoniq boʻlishi ham odamning kun davomidagi kayfiyati, ish samaradorligi, hatto boshqalar bilan muloqotiga taʼsir koʻrsatadi. Uyda chiroq oʻchib qolsa, birdan behalovat boʻlamiz, chunki nafaqat yorugʻlik, balki biz kundalik foydalanadigan aksariyat texnika ishlashi elektr tokiga bogʻliq. Oddiygina telefonni quvvatlantira olmay qolsak, qancha asabiylashamiz. Issiqlik taʼminoti ham shunday, qishning sovuq kunida uyimiz issiq boʻlmasa, mavsumni oʻtkazish haqiqiy azobga aylanadi.
Ammo suyultirilgan gaz tabiiy manba boʻlib, uning zaxirasi abadiy emas. Oqilona, tejamkorlik bilan foydalanilmasa, oxiri koʻrinib qolishi mumkin. Hozircha uning elektr energiyasiniki kabi qayta tiklanuvchi, muqobil manbalari mavjud emas. Ammo uning oʻrnini elektr energiyasi hisobiga toʻldirish mumkin. Gap yaqinda energetika vaziri tilga olgan va ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv hamda muhokamalarga sabab boʻlgan yangi isitish strategiyasi haqida boryapti.
Joriy yilning 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov bundan buyon tabiiy gaz oʻrniga elektr energiyasi hisobidan isitish tizimiga oʻtib borilishi haqida gapirdi.
“Biz bundan buyon koʻproq elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash hisobidan isitish boʻyicha alohida ishlashimiz kerak. Norvegiya gaz boʻyicha eng boy davlat, lekin umuman gazda isitmaydi, toʻliq elektr energiyasi. Ularda sovuq kunlar bizga nisbatan koʻproq. Shuning uchun elektr energiyasida isitish davri uchun imtiyozli tariflar joriy qilish boʻyicha hisob-kitob qildik. Qishki mavsumda toʻliq elektr energiyasida isitish uchun 2 ming kilovatt-soat yetarli boʻlar ekan. Shu boʻyicha hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlayapmiz”, dedi J.Mirzamahmudov.
Vazirning mazkur nutqi jamoatchilik orasida birdaniga turli fikrlarni keltirib chiqardi. Aholi xonadonlari bosqichma-bosqich gazdan elektr energiyasiga oʻtkazilishi haqida gaplar tarqaldi. Internet tarmoqlarida “Endi gaz oʻrniga ham elektr energiyasidan foydalansak, narx-navo yanada oshib, isteʼmol ortishi hisobiga elektr toki uzilishlari koʻpayar ekan-da” mazmunidagi eʼtirozlar avj oldi. Yangi tartib qachondan va kimlar uchun amal qilishi, unga qanday oʻtilishini tushunmaganlar ham koʻp.
Shu kabi ochiq qolgan savollarga javob berish maqsadida Energetika vazirligi strategik islohot yuzasidan qoʻshimcha axborot eʼlon qildi. Unda taʼkidlanishicha, xorijiy mamlakatlarda uy-joylar qurishda isteʼmolni toʻliq elektrlashtirish ommalashib bormoqda. Oʻzbekistonda ham energiya isteʼmoli madaniyatini oshirish, yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylarni toʻliq elektrlashtirish, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan taʼminlash, isitish tizimini elektr energiyasiga oʻtkazish hamda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan koʻp xonadonli uylar, yotoqxonalar va gazlashtirilmagan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish boʻyicha hisob-kitoblarga asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.
Loyihaga koʻra, gazlashmagan koʻp qavatli uylar, yotoqxonalar va hududlarda yashovchi maishiy isteʼmolchilarga oylik isteʼmol hajmiga qarab isitish mavsumida 2000 kilovatt-soatgacha, isitish mavsumidan tashqari esa 1000 kilovatt-soatgacha boʻlgan qismiga amaldagi tarifga nisbatan 50 foizgacha chegirma qoʻllash nazarda tutilmoqda. Bunda aholi subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, koʻmir yoki tabiiy gazdan foydalanmayotgan boʻlishi lozim.
Yaʼni aholi xonadonlaridagi isitish tizimi toʻliq elektr energiyasiga oʻtkazilishi rejalashtirilyapti. Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. “Ayni paytda qilinayotgan hisob-kitoblar va texnik audit yakuniga koʻra umumiy xulosa shakllantiriladi va shundan soʻng takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi taʼminlanadi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ochigʻi, aholining kundalik hayotda gaz plitalari, elektr tokida ishlaydigan isitish qurilmalaridan foydalanishi yangilik emas. Koʻplab foydalanuvchilar elektr plitalar tabiiy gaz bosimichalik katta quvvatga ega emasligi va yuqori hajmdagi elektr energiyasi talab qilishini aytadi. Ammo keyingi yillarda bunday uskunalar oʻrnini ham yuqori quvvatli, energiyatejamkor avlodlari egallayotir. Qolaversa, uyga issiqlik beradigan qurilish materiallari, yangicha uskunalar, masalan, oddiy issiq pol xonadonni yaxshiroq isitmoqda. Xullas, masalaning oʻziga yarasha plyus va minuslari bor.
Lekin ishlab chiqarish jihatidan mamlakatimiz energetika tizimi oxirgi yillarda dunyo eʼtirof etadigan darajadagi koʻrsatkichlarga erishayotganini ham taʼkidlash joiz. Yaʼni Oʻzbekiston muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va ulardan elektr energiyasi olish boʻyicha qisqa vaqtda katta tajriba toʻplab, bu yoʻnalishda yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshildi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yurtimizda umumiy quvvati 5582 megavatt boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 400 megavattli gidroelektr stansiyalar ishlab turibdi.
Mamlakatimiz energetika tizimiga keyingi yillarda 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgan. Natijada yurtimizda elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetgan.
Bu quvvatlar yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmini karrasiga oshirmoqda. Jumladan, joriy yil 8-dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bu raqamlar aholi xonadonlaridagi isitish tizimini elektrlashtirish oʻzini oqlashi mumkinligini koʻrsatadi.
100 megavattli yangi quvvat
Hozirgi kunda sanoat korxonalari ham asta-sekin muqobil energiya manbalaridan foydalanishga oʻtib boryapti. Hatto issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan korxonalar ham bevosita elektr energiyasiga bogʻlanyapti. Masalan, Toshkent shahrida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilmoqda. Ular aholi va iqtisodiyot obyektlarini qish mavsumida issiqlik va elektr energiyasi bilan barqaror hamda uzluksiz taʼminlashga xizmat qiladi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanida shunday yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilning 16-dekabr kuni davlatimiz rahbari Yunusobod tumanida boʻlib, yangi stansiya faoliyati bilan ham tanishdi.
Sal avvalroq bir guruh jurnalistlar ana shu stansiyada boʻlgan edik. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur 4-issiqlik markazini yurtimizda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishning yangi bosqichi deyish mumkin. 100 megavatt quvvatga ega bu loyiha Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda 3,5 gektar maydonda amalga oshirilgan. Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls- Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunasi oʻrnatilgan.
Markazda yiliga 876 million kilovatt- soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Asosiysi, endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir.
Yaʼni bugun aholi soni bilan birga isteʼmol talabi ham tobora ortib borayotgan sharoitda tabiiy gaz yoki elektr energiyasi boʻlishidan qatʼi nazar, isteʼmolchilarga uzluksiz yetkazib berishda eng tejamkor, maqbul yechimlarni qoʻllash zaruratga aylangan. Albatta, bu odamlarning turmush farovonligiga ham, choʻntagiga ham zarar qilmagan holda amalga oshirilishi asosiy mezon boʻlishi kerak.
Elektr energiyasi bilan bogʻliq loyihalar esa dunyo boʻyicha keng ommalashyapti. Ularni muqobil energiya manbalari hisobidan qoplay olayotgan davlatlar esa yanada samarali natijalarga erishmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri