Oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlar salomatligini saqlash va ularga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga quyish bugungi kunning dolzarb va kechiktirib boʻlmaydigan masalalaridan biri.Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan olib borilayotgan statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻngi yillarda ushbu kasallik sabab “sunʼiy buyrak” apparatiga muhtojlar soni yildan yilga ortib bormoqda.Sirdaryoda ana shu turdagi kasallikka chalingan bemorlarga shu bugungi kungacha bitta muassasada, yaʼni viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida xizmat koʻrsatib kelingan boʻlsa, endi esa ushbu xizmat turi viloyatning Yangiyer shahrida ham yoʻlga qoʻyiladi.
Yil boshida mazkur muassasaga 1 million AQSH dollari qiymatidagi “sunʼiy buyrak” apparati keltirilgandi. Ushbu apparatlarni oʻrnatish va ishga tushirish maqsadida muassasada alohida xona ajratildi. Ayni vaqtda u yerda qurilish, montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish va montaj ishlari nihoyalagach, bir vaqtning oʻzida oʻn nafar, bir yilda 300 ming nafar bemorga xizmat koʻrsata oladigan yangi Nefrologiya boʻlimi ish faoliyatini boshlaydi.
— Mazkur boʻlimning vazifasi nihoyatda ahamiyatli, — deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar Oʻralov. — Boʻlimga keltirilgan va oʻrnatilishi koʻzda tutilgan yangi apparatlarimiz xastalangan buyraklarning chiqaruvini vaqtincha oʻtab qolmay, inson organizmidagi suv-elektrolit va kislota-ishqor balansini, qon tarkibini normal saqlab, moddalar almashinuvini yaxshilanishiga, tanada turli zaharlanishlardan hosil boʻlgan toksinlarni chiqarib tashlashga, inson umrini uzaytirishga yordam beradi.
Qolaversa, ushbu apparatga muhtojlar soni kam emas. Ular shu bugungi kungacha Guliston shahrida davo muolajalarini olib kelishayotgan edi. Endi esa u yerga borishga hojat qolmaydi. Yangi boʻlim ishga tushgach, unda mahalliy mutaxassislar ishlaydi, ular Xovos, Boyovut, Sardoba tumanlari hamda Yangiyer va Shirin shahri aholisiga xizmat koʻrsatadi.
Ayni vaqtda shu yoʻnalishda ishlaydigan 4 nafar shifokor, 5 nafar hamshira Respublika nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, 15 nafar oʻrta tibbiyot xodimi Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida malaka oshirmoqda, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.