Poytaxtimizning tobora chiroy ochayotgan so'lim go'shalarining birida o'tgan yili yangi maqsad, yangi marralarni ko'zlab tashkil etilgan Yangihayot tumanida bugun islohotlar avjida. Hududning har burchagida katta-katta inshootlar, baland turarjoylar, yirik savdo va sanoat zonalari qurilib, birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.
Tumanni 2021—2023-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 54 ta yirik investitsion loyihalarning bari aholi turmush darajasini yaxshilash, ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hamda odamlarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan.
Prezident farmoni asosida joriy yilning fevral oyida tamal toshi qo'yilgan “Tashkent Index” savdo va sanoat zonasi ana shunday yirik investitsion loyihalardan biri. Tumanning 71 gektar maydonida qad rostlayotgan majmuaning umumiy qiymati 116,0 million AQSH dollarga teng. Zamonaviy ko'rinishga ega loyiha investor “Mimar group” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
— Yangihayot tumani Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir tumanlari va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo'l va O'rtachirchiq tumanlari hududlaridan yer ajratish hisobiga tashkil etilgan bo'lib, ayni paytda bu joyda 147 540 aholi istiqomat qiladi, — dedi tuman hokimining Investitsiya va tashqi savdo masalalari bo'yicha o'rinbosari Xotam Tashpo'latov. — Hududning investitsion salohiyati yuqori. Bu esa qisqa vaqtda ko'plab ishlarni amalga oshirish imkonini beradi. Xususan, 2021—2023-yillarda umumiy qiymati 8,1 trillion so'mlik 54 loyihaning 41 tasi joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Investitsion loyihalar natijasida tumandagi 14 mingdan ziyod aholining bandligi ta'minlanadi. Bundan tashqari, 2023-yilda qurib bitkazilishi kutilayotgan “Tashkent Index” savdo va sanoat zonasi kabi loyihalar hududdagi 3000 tadan oshiqroq tadbirkorlik sub'ektlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Yirik va zamonaviy sanoat zonasidan 3 mingdan ortiq maishiy xizmat do'konlari, 7500 o'rinli avtoturargoh, 120 ta kichik va o'rta ishlab chiqarish korxonalari o'rin oladi. Keng maydon bo'ylab qad rostlaydigan majmualar ikki qavatdan iborat bo'lib, binoning birinchi qavati savdo do'konlari, ikkinchi qavati esa ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish uchun mo'ljallanmoqda. Loyiha negizida 10 mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Sanoat zonasi faoliyati yo'lga qo'yilgach, yiliga 60-80 milliard so'm soliq tushumlari davlat byudjetiga tushadi.
Sanoat zonasini barpo etishda jahon tajribasi asosida ilg'or texnologiyalarni qo'llashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hudud yurtimiz tajribasida yangilik bo'lgan Turkiyaning “gebzi” formatida tashkil etilyapti. Unga ko'ra, barcha ishlab chiqarish, sotish va xizmat ko'rsatish jarayonlari shu hududning o'zida, logistika xarajatlarisiz amalga oshiriladi. Buning uchun zonada hamma kommunal tarmoqlar, chiqindilarni utilizatsiya qilish, yong'in havfsizligi, qo'riqlash xizmatlari hamda bino yonida Sergeli temir yo'l stansiyasi, bojxona ombori mavjud. Hududning infratuzilmasi ham zarur talablarga javob beradi. SHuningdek, sanoat zonasining o'zida avtovokzal tashkil etilib, viloyat va tumanlararo avtobuslar qatnovi yo'lga qo'yilishi maqsad qilingan.
Joriy yilnnig 8-aprel kuni Prezidentimiz hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mazkur sanoat ob'ekti imkoniyatlariga urg'u berib, infratuzilma mavjud bo'lgan boshqa hududlarda ham 20—50 gektardan maydonda ana shunday savdo va sanoat zonalarini qurish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Boisi, ushbu yo'nalishda Yangihayot tumanida boshlangan yangi tajriba boshqa hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga ham sezilarli hissa qo'shadi.
Ana shunday yirik investitsion loyihalarning ishga tushirilishi avvalo, tumandagi aholi bandligini ta'minlashga xizmat qiladi. Ayni paytda Yangihayot tumanida 1208 ta oila “Temir daftar”, 1393 ta xotin-qiz “Ayollar daftari” hamda 1337 ta fuqaro “Yoshlar daftari” ro'yxatida turishini inobatga olsak, yuqoridagi loyihalar orqali minglab insonlarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash mumkin.
Shu maqsadda tumandagi 210 gektar yer maydonida Industrial Texnopark tashkil etish ishlari ham boshlab yuborilgan. Xo'jauchqun, Jaloyir va Gulzor mahallalari bilan tutashgan yerda barpo etilayotgan Texnoparkda ish boshlash uchun shu kunga qadar qiymati 6 trillion so'mlik 120 dan ortiq loyihalar taklifi kelib tushgan. Bu yerda asosan yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, yigit-qizlarning startap loyihalarini qo'llab-quvvatlash ko'zda tutilmoqda.
Mazkur loyihalar orqali tumanning eksport salohiyatini oshirishga ham alohida e'tibor qaratiladi. Sanoat zonasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 2021-yil uchun belgilangan 6,1 million AQSH dollarlik rejani ortig'i bilan bajarish rejalashtirilgan.
Zamonaviy loyihalar bilan ilg'or hayot tarziga qadam qo'ygan Yangihayot tumani aholisining maqsadlari bisyor. Barcha sohalarda ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan investitsion loyihalar esa ana shu maqsadlar ro'yobiga yo'l ochmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri