Shu kunlarda xalqimiz milliy taraqqiyotimiz asosi boʻladigan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni referendum orqali qabul qilish arafasida turibdi. Konstitutsiya loyihasi elimiz tinch-osoyishta yashashi, ezgu niyatlari roʻyobga chiqishi kafolatlarini oʻz ichiga qamrab olgan muhim dasturulamal hujjatdir.

Uning hayotiyligi esa koʻp jihatdan yurtimizda hamda chet elda keng tarqalgan institutlar hamda institutsional-huquqiy norma va qoidalar ishlashiga bogʻliq. Oʻzbekistonda tarixan qisqa davr mobaynida jamiyat va davlat rivojlanishini tartibga soluvchi institutlar va shunga mos institutsional muhit shakllantirildi. Ularning asosini xalqimiz turmush tarzini, urf-odatlarini, diniy eʼtiqodlarini hisobga oluvchi Konstitutsiyamiz, qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar tashkil qiladi.

Bu jamiyatda davlat va biznesni boshqarishga, mulkchilik, ishlab chiqarish va taqsimot munosabatlarida bozor iqtisodiyoti chuqurlashuviga, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga kuchli taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, islohotlarning hozirgi bosqichida yangi Oʻzbekistonning taraqqiy etishini taʼminlovchi institutlar va ularning normalarini rivojlantirish yoʻnalishida hal etilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar ham mavjud.

Institutlar hayotning yangi yoʻllarini ochib beradi

Institutlar va institutsional muhit davlat va jamiyat hayotida asosiy oʻrin tutadi. Shu bois, taraqqiyotga intilayotgan har bir davlat va jamiyat institutlar faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Bizda ham bu boradagi vazifalar ijrosiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida institutsional normalar hamda mexanizmlarni takomillashtirish va yangi institutlarni joriy qilishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.

Soʻnggi besh yillikdagi islohotlar natijasida yangi Oʻzbekistonni barpo etish va rivojlantirishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi. Ular hozirgi davrda iqtisodiy barqaror rivojlanishga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 2023-yilda 2000-yildagiga solishtirganda 11,5 million kishiga koʻpaydi. Mamlakatda YAIM ishlab chiqarish hajmi esa shu davrda qariyb 270 baravar oshdi.

Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM esa 190 karra ortdi. Xorijda va mamlakatimizda olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, davlat, jamiyat hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq institutlar va institutsional normalarning YAIMga taʼsiri har 10 yil muddatga 4,5-9 foizga teng. Shularni hisobga olganda, yurtimizda 2022-yilda yaratilgan 888,3 trillion soʻm YAIM hajmining qariyb 80 trillion soʻmi, yaʼni 9 foizi institutlar va institutsional normalar ulushiga toʻgʻri keladi.

Shu bilan bir vaqtda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning 7 ustuvor yoʻnalishidan iborat boʻlgan 100 maqsadni birlashtiruvchi rasmiy qoidalar va normalarni oʻz ichiga oluvchi yangi institutsional muhitni shakllantiruvchi dastur tasdiqlandi.

Dastur yangi institutsional muhitda Oʻzbekiston iqtisodiyotining tarkibiy oʻzgarishlarini belgilovchi umumiy institutsional model sifatida yangicha boshqarish tizimi barpo etilishiga, yer-suv, mehnat va boshqa resurslardan samarali foydalanish bilan birga, iqtisodiy munosabatlarni tezlashtirishga, taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlari taʼminlanishiga shart-sharoitlar yaratmoqda. Bu ham milliy YAIM hajmi oʻsishi va aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy normalar barqaror inklyuziv oʻsishni ragʻbatlantiradi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga xalqimiz eʼtirof etgan oʻzaro mutanosib institutsional normalar va mexanizmlar kiritilishi taraqqiyotga ijobiy taʼsir etuvchi omillar samaradorligini oshirishga, korxona va tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlar jadallashuviga olib keladi. Bu inklyuziv iqtisodiy oʻsishga yanada keng sharoit yaratadi, institutsional muhit jozibadorligini oshirish bilan bogʻliq muammolarni, institutsional cheklovlar yuzaga kelishi yoki institutsional normalar eskirishi jarayonining oldini olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Tahlillar koʻrsatmoqdaki, yaqin, oʻrta va uzoq istiqbolda barqaror iqtisodiy rivojlanish surʼatlarini saqlab qolish hamda aholi turmush sifati yuksalib borishiga ijobiy taʼsir etuvchi iqtisodiy taraqqiyotning yangi jihatlari namoyon boʻlishini koʻra bilish muhimdir.

Shularni hisobga olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya institutsional muhit sifatini iqtisodiy rivojlanishga hamda institutsional oʻzgarishlarning iqtisodiy oʻsishga taʼsirini baholash hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ragʻbatlantiruvchi normalarni takomillashtirish va Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotning rivojlanish nuqtalarini topish va modernizatsiyalashni kengaytirish uchun imkoniyat yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya mavjud institutsional normalar va mexanizmlarning bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqligi, ular oʻrtasida yuzaga kelgan nomutanosibliklar, uzilishlarni aniqlash, yangi yoki tarkibiy jihatdan takomillashgan institutlar, institutsional qoidalar va mexanizmlarni amalga kiritishni taʼminlaydi.

Yangi institut yoki institutsional normalar, qoidalarni tezda amalga kiritish birdan yuz bermaydi. Ayrim institutlar qanchalik jozibali boʻlmasin, ularni amaliyotga kiritish hamisha ham maqsadga muvofiq emas. Chunki bunday harakat rivojlanishga toʻsiq boʻlib, mavjud institutsional mutanosiblikni buzishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish tamoyiliga eʼtibor qilgan holda oʻzini oqlagan samara keltiruvchi institutlar, norma va mexanizmlar rivojlanishning strategik maqsadlariga muvofiq takomillashtirilgan, yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishni belgilab beruvchi yangi institutlar va normalar yaratilgan va ular yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aks etmoqda.

Institutsional muhit jozibadorligini oshirish yoʻllari

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan 155 ta modda hamda 434 ta norma oʻrin olgani, ushbu hujjat doirasida bir-biriga mutanosib va jozibali institutsional muhit shakllangani Konstitutsiya ishlashiga ijobiy baho berish mumkinligini koʻrsatadi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga oʻtishda yangi institutlar paydo boʻlishi va rivojlanishini har tomonlama ragʻbatlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari nufuzini oshirish, ijtimoiy sohani, aholini qoʻllab-quvvatlashni faollashtirish hamda himoya qilishning institutsional-huquqiy normalarining hayotga keng kirib kelishini taʼminlaydi.

Bozorboy Berkinov,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

Institutsional va iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktori,

iqtisodiyot fanlari doktori