Demokratik davlatning asosiy xususiyatlaridan biri, shubhasiz, unda qonun ustuvorligining ta'minlanganidir. Bu esa mamlakatning asosiy qonunlar to'plami — Konstitutsiyasida aks etadi. Shu kunlarda yurtdoshlarimiz tarixiy jarayon — O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash, ya'ni, uni inson manfaatlariga chin ma'noda xizmat qiladigan qo'shimcha va o'zgartirishlar bilan boyitish arafasida turibdi. E'lon qilingan konstitutsiyaviy qonun loyihasi ayni dam keng muhokamalar markazida. 30-aprel kuni bo'lib o'tadigan referendumda esa fuqarolar Yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo'yicha ovoz berish jarayonlarida ishtirok etadilar.
Loyiha ishlab chiqilishidan tortib, e'lon qilinguniga qadar bo'lgan barcha jarayonlarda, avvalo, xalqning xohish-irodasi, takliflari inobatga olingani bejiz emas. Chunki yangilanayotgan Konstitutsiya har jihatdan inson manfaatlariga xizmat qilishi belgilanmoqda. Ushbu siyosiy jarayonda yurtimiz aholisining faol ishtirok etayotgani esa ularning jamiyatimizda vujudga kelayotgan muammolarga befarq emasligining yaqqol namunasi desak, yanglishmagan bo'lamiz. Turli soha vakillari, mutaxassislar esa o'zgarishlarni tahliliy sharhlash asnosida keng jamoatchilikka tushuntirib bormoqda.
Xo'sh, bugungi davrimizdagi dolzarb masalalardan biri bo'lgan so'z erkinligi, axborot olish va tarqatish huquqlari hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga aralashmaslik, jurnalistlarga qonunga zid muomala qilmaslik, ularning huquqlarini to'liq kafolatlash bo'yicha Konstitutsiyamizga qanday qo'shimchalar kiritilmoqda? Bu borada mutaxassislar fikri bilan qiziqdik.
Beruniy ALIMOV,
Filologiya fanlari doktori:
— Yurtimizda kechayotgan faol demokratik islohotlar jarayonida Konstitutsion islohotlarga alohida e'tibor qaratilayotgani quvonarli hol. Bosh Qomusimizning 65 foizi tubdan yangilanmoqda. Va bu yangilanishda xalqimizning takliflariga jiddiy e'tibor qaratilgan. Muhim jihati, yurtdoshlarimizning o'zi shu demokratik yo'ldan borish tarafdori. Ular demokratik davlatimizni tubdan isloh qilish bo'yicha kerak bo'lsa, siyosiy maydonga chiqdi va o'zining fikrlarini dadil bildirdi.
Tahlil qiladigan bo'lsak, amaldagi Konstitutsiyada ko'p masalalar, xususan, axborot olish va tarqatish, axborotdan foydalanish yoki jurnalistik faoliyat bilan bog'liq bo'ladimi, ayrim savollarga to'liq ma'lumotlar berilmagan edi. Ya'ni, bu borada erkinlik kafolatlanishi aytilganiga qaramay, uning huquqiy asoslari, kafolatlari ochib berilmagan. Shu bois, jurnalistlar o'z faoliyatida ko'plab to'siqlar, qarama-qarshiliklarga duch kelgan.
Qolaversa, hozirgi ommaviy axborot vositalari faoliyati va bundan 30 yil oldingisining o'rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Axborot texnologiyalarining keskin rivojlanishi sohada yangi yo'nalishlar, o'ziga xos yondashuvlar, chellenjlarni yuzaga keltirdi. Shu bilan birga, oldimizga yangi muammolarni ham qo'ydiki, bu o'zgarishlar yangilanayotgan Konstitutsiyamizda o'z aksini topmoqda.
Masalan, 15-bob 81-moddada OAV faoliyatining erkinligi kafolatlanmoqda. Unda OAV o'z faoliyati davomida barcha faoliyat turlarini erkin amalga oshiradi, axborotni erkin izlaydi, uni o'z yo'nalishiga qarab tahlil qiladi, keyin o'z auditoriyasiga qarab erkin tarqatadi, deyiladi. Media tadqiqotchi sifatida e'tiborimni tortgani, jurnalistikaning erkin faoliyat olib borishida davlat garant, ya'ni kafolat berishi aytilyapti. Ya'ni, kafolat beradigan instrument sifatida davlat o'rtaga chiqadi. Bunda siyosiy ma'noda yoki obrazli qilib aytadigan bo'lsak, davlatning richagi juda kuchli va u jurnalistikani qo'llab-quvvatlaydigan bo'lsa, sohamiz bundan ham rivojlanishiga shubha yo'q.
82-moddada esa “Senzuraga yo'l qo'yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi”, deb belgilangan. Amaldagi Konstitutsiyada ham tsenzuraga yo'l qo'yilmasligi bo'yicha modda bor. Ammo amalda har doim ham buning isbotini ko'rmadik. Qonuniy asoslar, huquqiy kafolatlar etarli bo'lmagan yoki amal qilmagan joyda so'z kerakli kuchga ega bo'lmaydi. Shu jihatdan olib qaraganda, soha vakillari uchun bu so'zning qonuniy asoslari muhimroq. YAngilanayotgan Konstitutsiyada ana shu holat bilan bog'liq vaziyatlarda javobgarlikning qat'iy belgilanayotgani boisi ham shunda. Ya'ni, tsenzuraga yo'l qo'yilmaslik talabi qonuniy nazoratga olinsagina, soha vakillari chin ma'noda emin-erkin ishlay oladi.
Umuman, Yangi Konstitutsiyamiz Yangi O'zbekistonning keyingi qadamlarini dadil bosib o'tishiga asosiy zamin bo'ladi, deb hisoblayman. Va OAVga yaratib berilayotgan yangi imkoniyatlar, albatta, o'z mevasini beradi.
Davron MUITOV,
Siyosiy fanlar nomzodi, dotsent:
— Bugun rivojlangan davlatlarning har qanday fuqarosi tele-radio kanallar, internet tarmog'i va boshqa axborot manbalaridan turli xil axborotni olish huquqi va imkoniyatiga ega. Hattoki, ommaviy axborot vositalari orqali u yoki bu mamlakatda olib borilayotgan siyosatga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qilish imkoniyatidan foydalanish holatlariga ham guvoh bo'lyapmiz. Albatta, shunday paytda u siyosatning muhim bir elementi sifatida namoyon bo'ladi.
Istiqbolda, OAV uzoq vaqt turli siyosiy maqsadlarni ilgari surishda muhim ishtirokchi bo'lishi kutilmoqda. Bu zamonaviy siyosatshunoslik oldida ma'rifatli jamiyatga mos keluvchi siyosiy madaniyatning yangi mezonlarini ishlab chiqish vazifasini ham dolzarblashtiradi. Bunday holatda, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, televideniening siyosiy jarayonlarga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir o'tkazishini e'tiborga olish muhim ahamiyatga ega bo'ladi.
Axborotlashgan jamiyatda xavfsiz internet muammosi alohida tadqiq etilishi kerak. Zero, internet ulkan axborot makoni sifatida axboriy jamiyatning eng zamonaviy shakli sifatida tan olinmoqda. Bir tomondan, internet zamonaviy demokratlashtirishning innovatsion omili bo'lsa, boshqa jihatdan, jamiyat internet orqali axborot olish vaqtining tejalishi bilan bog'liq o'zgarishlarni mamnuniyat bilan qabul qila boshladi. Ayniqsa, axboriy jamiyat qurish bo'yicha davlat dasturlarining zudlik bilan joriy etilishi axborot olish darajasini, unga bo'lgan munosabatni o'zgartirdi. Chunki yaqin o'tmishimizda aholiga axborot uzatishni faqat rasmiy tashkilotlar, ijtimoiy-siyosiy institutlar, mahalliy va markaziy hukumatlar tashkillashtirib, boshqarib kelgan.
Internet esa mazkur an'anani o'zgartirib yubordi. Bugun internetda har qanday inson axborotni yaratib-boshqarish imkoniyatiga ega. Interfaol elektron medialar turkumida portallar, saytlar, bloglar va ijtimoiy tarmoqlar faoliyati tezlashib ketdi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga qiziqish darajasi kundan kunga oshib bormoqda.
Bu makonda har kim istalgan axborotni tarqata oladi va bunga to'sqinlik qilishning imkoni yo'q. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham axborot tarqatish erkinligi kafolatlangan. Xususan, 33-moddada “Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega”, deyiladi. Qolaversa, shu modda bilan davlat internet jahon axborot tarmog'idan foydalanishni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda. Demak, maqsad axborot olish erkinligini cheklash emas, aksincha, unga sharoitlar yaratib berish, imkoniyatlarni oshirishdan iborat.
Umuman, yangilanayotgan Bosh Qomusimizda axborotga oid o'zgartirish va qo'shimchalar mohiyatini to'liq anglash axboriy savodxonligimizni oshirish hamda undan o'rinli foydalanishga yo'l ochadi. Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, yurtimizdagi har bir islohot, avvalo, inson va uning manfaatlari uchundir.
Ravshanbek XUDOYBERGANOV,
Talaba va o'quvchilarning ma'naviy yuksalishiga ko'maklashish markazi direktori
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 04.04.23-y, 64-sonida e'lon qilindi.)