Dunyo oʻzgarib bormoqda. Insoniyat tamadduni tarixiy oʻzanlari tomon qaytayotgani ham bor gap. Bunday voqealar mintaqalar, qitʼalararo munosabatlarni bir oz shoshirib qoʻyayotgani bugun hech kimga sir emas. Bular — kishini mulohaza yuritishga, fikrlashga undaydigan jihatlar.
Oʻylashimcha, maqolamiz davomida hali bu mavzuga bir-necha bor murojaat qilamiz.
Hozir esa siz — aziz oʻquvchilarimizni milliy jamiyatimizning uzoq vaqt davomida qotib turgan dogmatik qiyofasi qanchalik tez surʼatlarda oʻzgarib borayotgani haqidagi mushohadaga chorlamoqchimiz.
Tarix bitikni yaxshi koʻradi. Uning sahifalari saboq va xulosalarga toʻla. Agar xotira daftarimizni varaqlasak, hali sargʻayib ulgurmagan sahifalarida koʻp yillar mobaynida faqat moddiyat gʻami bilan yashab kelgan jamiyatimiz manzaralari koʻz oldimizdan oʻtaveradi.
Masalan, yaqin-yaqingacha qishloq va shahar hayoti tubdan farqlanardi. Qishloq odamlari shaharga kelishdan choʻchirdi, shaharliklar qishloq hayotiga achinish hissi bilan qarardi. Chunki taraqqiyot qishloqlarni emas, koʻproq shaharlarni qamrab olgan edi. Lekin har ikki tomon ham iqtisodiy imkonlarini oshirish, roʻzgʻorini butlash qaygʻusida yashardi.
Oʻylab koʻrsak, Yevropa yoki Sharqiy Osiyo davlatlari tafakkur nigohini boshqa sayyoralarga qaratib turgan bir paytda, biz hayot tashvishlarini muhokama qilishdan, oʻzaro bahslashishdan nariga oʻtmabmiz.
Ammo keyingi yillarda mamlakatimiz, xalqimiz hayotida kuzatilayotgan tarixiy oʻzgarishlar, katta evrilishlar barchamizni yangi mushohadalar sari chorlamoqda.
Chunki bugun dunyo mafkuraviy xaritasida “Yangi Oʻzbekiston ruhi” paydo boʻldi. Xalqimiz “Yangi Oʻzbekiston orzusi” bilan yashayapti. Dunyoqarashimiz tamomila boshqacha tus oldi, endi maishiy muammolardan qutilib, jamiyatdagi katta-katta masalalarni hal qilish sari ahd qildik. Davlat boshqaruvida ishtirok eta boshladik, haqiqiy maʼnoda fuqarolik jamiyati qurishga kirishdik. Xalqimizda birdamlik ruhi joʻsh urmoqda.
Bu jarayonda bir haqiqatni anglab yetdik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida biz uzoq yillar eʼtiborsiz qoldirgan mukammal hayot haqiqatini ilgari surdi: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”.
Bu egiz tushuncha yangilangan jamiyatimiz va xalqimiz orzu-umidlari, tomirlarimizda joʻsh urib turgan zakolik feʼlining qayta quvvatlanayotgani mujdasi boʻldi.
Konfutsiy hikmatida shunday deyiladi: moddiyatning ortida ezgulik nish urmogʻi uchun besh narsa kifoya: koʻngil kengligi, samimiyat, shiddat, yaxshilik va jiddiylik.
Aytish kerakki, yangi Oʻzbekistonda mana shu besh ehtiyojning hayotiy qiyofasi maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy asoslarda shakllanib bormoqda. Boisi, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani aniq-tiniq belgilab qoʻyildi.
Konstitutsiyamizning mazkur besh tamoyili moddiyat ortida ezgulik unmogʻi bilan bogʻliq besh kifoyaga qanday aloqasi borligi ham qiziq. Endi gapni shundan boshlaymiz.
Maqolamiz avvalida insoniyat tamadduni tarixiy oʻzanlariga qaytayotgani, bu hodisa mintaqalar, qitʼalararo munosabatlariga taʼsir qilayotgani haqida aytgan edik. Mana shu oʻzgarayotgan mezonlar, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, jahon miqyosida ishonch inqiroziga sabab boʻlmoqda.
Eng ayanchlisi, bunday ishonchsizlik kayfiyati ayrim davlatlarning ichki muhitida ham kuzatilayotganidir. Millatlar, dinlararo ziddiyatlar, qurolli mojarolarni koʻrib turibmiz.
Shunday tahlikali vaziyatda xalqaro munosabatlardagi bagʻrikenglik, oʻzaro anglash va birgalikda rivojlanish tendensiyalarini rivojlantirish har qachongidan ham muhim va hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda.
Gap shu haqda ketganida, Markaziy Osiyo mintaqasi qadimdan kenglik diyori boʻlib kelgani, Oʻzbekiston zamini esa bagʻrikenglik oʻlkasi sifatida oʻz tarovatini tobora mustahkamlab borayotganini alohida faxr bilan aytamiz.
Eʼtiborlisi, yangi Oʻzbekiston bugun dunyoga oʻzining tarixiy asosli pozitsiyasi bilan qayta tanilmoqda. Buni Prezidentimizning nufuzli minbarlarda turib bildirayotgan xalqaro miqyosdagi tashabbuslari, bugungi kun va kelajak uchun ahamiyati dolzarb boʻlgan fikr-mulohazalari hamda tashqi siyosatimizning bagʻrikenglik, teng manfaatlilik prinsiplariga asoslanganida ham koʻrishimiz mumkin.
Endilikda bu boradagi saʼy-harakatlarimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan mustahkam siyosiy-huquqiy tus oldi. Unga koʻra, Oʻzbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga asoslandi.
Yoki yana bir misol. Bosh qonunimizda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi belgilangan.
Hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi ham kenglik namunasidir. Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi. Bu, oʻz navbatida, demokratik tamoyillar rang-barangligi va fuqarolar manfaatlarini taʼminlashda huquqiy asoslar mustahkamligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Dunyoviy munosabatlar kun sayin oʻzgarib bormoqda. Insoniyatni yangi xavf-xatarlar va ekologik inqiroz qurshab olgan. Bunday sharoitda, oʻzbekona lutf bilan aytganda, siyosiy munosabatlarda hamjihatlik va keng feʼllilik talab etiladi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosati jamiyatimizdagi tarixiy bagʻrikenglik va kenglik falsafasidan quvvatlanib turganini alohida taʼkidlashni istardik.
Yangilangan Konstitutsiyamizda hayot ohangi bor. U goh farovonlik asosi, goh intellektual boylik, goh inson qadri ulugʻlanishi bilan kishini oʻziga tortadi. Buni hayotimizni oʻzgartirishga qaratilgan maqsadlarda koʻrishimiz mumkin.
Farovonlik asosi. Zamon oʻzgarib turadi. Bu – qonuniyat. Mustaqillikka erishgan ilk yillarni yaxshi eslaymiz: oziq-ovqat zaxirasida jiddiy taqchillik kuzatildi, nonga uzluksiz navbatlar yuzaga keldi, aksariyat aholini roʻzgʻor qaygʻusi qiynab qoʻydi.
U kunlar ham tarixda qoldi. Lekin hozir biz boshqa bir muammo haqida aytmoqchimiz. Yaqin-yaqingacha xalqimizni yana bir jiddiy muammo qiynab keldi. Bu – uy-joy tashvishi. Shaharlarda katalakdek hovlida uch-toʻrt roʻzgʻor yashaganini hali unutganimiz yoʻq.
Keyingi yillarda umummilliy tus olgan bu muammoga ham yechim topildi. Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Arzon uy-joylar, ipoteka taʼminoti, imtiyozli shartlar, bularning bari xalqimiz orzusidagi ish boʻldi.
Quvonarlisi, bu boradagi siyosat ortga qaytmas tus oldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim uy-joy daxlsizligi, uy-joyli boʻlish huquqiga egaligi, davlat uy-joy qurilishini ragʻbatlantirishi va uy-joyga boʻlgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilandi.
Jamiyatdagi farovonlik muhitining yana bir asosi ham konstitutsiyaviy koʻrinish oldi. Yaʼni homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlandi.
Intellektual boylik. Milliy davlatchiligimiz tarixida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy, madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi ilk bor konstitutsiyaviy maqom tusini oldi.
Unga koʻra, endilikda davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy, moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi, bundan tashqari, bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilandi.
Endi oʻzingiz oʻylab koʻring, yaqin yillargacha — bir asr mobaynida millionlab yurtdoshlarimiz majburiy mehnatga jalb qilib kelindi. Har yili erta kuzdan qora qishgacha oʻqituvchilar, shifokorlar, ijtimoiy soha xodimlari, davlat xizmatchilari, talabalar va oʻquvchilar paxta dalasida mehnat qildi, “yashadi”.
Shu tariqa mamlakatda intellektual salohiyat gʻariblik toʻnini kiyishga majbur boʻldi. Buning bir mamlakat, xalq kelajagi uchun qanchalik tahdidli ekanini anglash bugun unchalik qiyin emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida shu haqda gapirar ekan, jumladan, “Qatʼiy irodamiz tufayli endi bularning barchasi oʻtmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod boʻldi. Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qoʻyildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarur, deb hisoblayman. Bizning tajribamiz shuni koʻrsatmoqdaki, bunga chek qoʻyish imkoni bor”, degani bejiz emas, albatta. Ayniqsa, majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarur, deya qaygʻurgani yangi Oʻzbekistonning insonparvarlik siyosati namunasi boʻldi. Chunki qaysi davlatda majburiy mehnat va bolalar mehnati avj olar ekan, u oʻlkada taraqqiyot ortga chekinib turadi, inqirozga yoʻl beradi. Nimaga deganda, bugungi zamon bilimlar, ilgʻor texnologiyalar asri boʻlib qoldi. Hozirgi taraqqiyot va geosiyosiy vaziyat ham shuni taqozo etmoqda.
Inson qadri ulugʻlanishi. Oʻtgan asrda ishlangan “Temir xotin” filmini koʻrmagan yurtdoshimiz yoʻqdir. Qoʻchqor akani eslaysiz. U Alomatning qadr-qimmat haqidagi gapidan soʻng oʻksib yigʻlaganinichi?
Rost aytaylik, paxta dalalaridagi mehnatkashlar qadri yaqin-yaqingacha shunday ediku. Bugun mamlakatimizda inson qadri yuksaldi. “Davlat – inson uchun” tamoyili kuchga kirdi.
Jamiyatda insonlarni qadrlash siyosati boshlanganida, unga ishonchsizlik kayfiyati ham boʻldi. Buni yashirmaymiz. Goh oramizda, goh chetdan turib: “Bu vaqtincha. Ertaga hammasi yana eski qolipga qaytadi”, deguvchilar ham topildi.
Ammo biz tanlagan yoʻl, qanchalik qiyin boʻlmasin, ortga qaytmas ekanini mana bugun oʻz hayotimiz misolida isbotlab turibmiz.
Ha, bu yoʻl endi Konstitutsiya yoʻliga aylandi. Ulardan biri mana shunday ifodalandi: Oʻzbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga majburiy chiqarib yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi, shuningdek, davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qilishi ilk bor Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.
Yoki boshqa misol. Bosh qonunimizda insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlmasligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi qatʼiy taqiqlandi.
Guvohi boʻlib turganimizdek, bugun biz tanlagan va allaqachon ijrosini taʼminlayotgan milliy taraqqiyot yoʻlimizning ortga qaytmasligiga hech shubha yoʻq.
Dunyo oʻzgarib borayapti, dedik. Oʻzgarishlar har doim yangicha qarash va munosabatlarni, talab va ehtiyojlarni yuzaga keltiradi. Bu, oʻz navbatida, insonlar va jamiyat koʻnikkan mezonlarga ham taʼsir koʻrsatadi.
Aytaylik, biz yaqin-yaqingacha dunyodagi geosiyosiy vaziyatning bu qadar keskin tus olishini oʻylamas edik. Iqlim oʻzgarishlarining bugungi va yaqin kelajakdagi taʼsiri haqida ham koʻp qaygʻurmay qoʻygandik. Lekin tiriklik fursati insoniyatni doim kurashga chorlab keladi.
Shu maʼnoda aytish kerakki, yangi Oʻzbekistonning ilgʻor tashabbuslari dunyo miqyosida eʼtirof etilayotgani ham shu kurash yoʻlidagi birdamlik hissini ulgʻaytiradi, shiddat belgisini choʻgʻlantiradi.
Bu jihatlar yangilangan Konstitutsiyamiz ruhida ham ufurib turibdi.
Asosiy qonunimizda davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi koʻzda tutilgan. Shuningdek, inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar hamda noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilangan.
Milliy jamiyatimizda xotin-qizlarga eʼtibor, hurmat va gʻamxoʻrlik hamisha qadriyat sifatida ulugʻlangan. Bu yangi Oʻzbekiston sharoitida oʻzining yuksak bosqichiga chiqdi, deyish mumkin.
Bir qarashda oddiy qaror, lekin uning zamirida millat dahosi ulgʻayishi bilan bogʻliq kelajak taqdirlar turganini anglasak, biz anglagan haqiqatlar naqadar qudratli kuchga ega ekanini bilib olamiz.
Tarix daftarini varaqlasak, daholar erishgan koʻp yutuqlarda ayollarning beqiyos oʻrni borligini bilib olamiz. Shu maʼnoda, oʻzgarayotgan dunyoda, tarixiy haqiqatlarning tiklanayotgani fonida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarga erkaklar bilan teng huquq hamda imkoniyatlar berish maʼnaviy va iqtisodiy yutuqlar kafolati sifatida boʻy koʻrsatadi.
Navbatdagi masala esa, inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlariga doir. Bu ham taraqqiyotning asosiy mezonlaridan biridir. Negaki, qaysiki mamlakatda inson qadriga ustuvor eʼtibor berilar ekan, oʻsha oʻlkada yangi gʻoyalar, tashabbuslar va fikrlar xilma-xilligi kuzatiladi. Taraqqiyot esa fikrlash, deganidir.
Fikr qachon paydo boʻladi? Qachonki, inson erkin va huquqiy-siyosiy kafolatga ega boʻlsagina.
Biz xalq davlat boshqaruvidan uzoqlashtirilgan davrni ham koʻrdik. Uning ogʻriqlari hamon tanamizni zirqiratib turadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda esa xalq hokimiyati tamoyillari mustahkamlandi. Bu birgina “Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” ekanida ham koʻzga tashlanadi.
Prezidentimizning joriy yil 16-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishida Bosh qonunimiz bayramini bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash, yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilishi belgilangan edi.
“Yangi Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining Konstitutsiya bilan bogʻliq jihatlari qanday? Gap shundaki, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish talab etilmoqda.
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha xohish-irodasini roʻyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash maqsadida katta yoʻlga chiqqanmiz.
Bu yoʻlning asosiy gʻoyasi insonlarga yaxshilik qilish, odamlar bugun hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun mavjud imkoniyatlarni safarbar etish, yangi loyihalarni tatbiq etish. Barcha uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratishdir.
Shu bois, “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!», sifatida belgilandi. Mana shu gʻoya zamirida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida taʼkidlanganidek, yagona xalqimizning demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqati namoyon boʻladi. Bu besh gʻoya atrofida jamiyatimizning yangilanayotgan qiyofasi jonlanadi.
Prezidentimizning Konstitutsiya kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigini alohida eʼtibor va katta qiziqish bilan oʻqidik.
“Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyat va qarama-qarshiliklar, qurolli toʻqnashuvlar tobora avj olib bormoqda. Oldimizda yangi-yangi muammolar paydo boʻlmoqda. Hozirgi oʻta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yoʻlimizdan qatʼiy olgʻa borishimiz zarurligini asrlar davomida koʻplab ogʻir sinov va mashaqqatlardan munosib oʻtgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi. Aminmanki, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz uchun bu yoʻlda ulkan ishonch, kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.», dedi davlatimiz rahbari oʻz tabrigida.
Darhaqiqat, bugun dunyo notinch. Insoniyatga har kuni yangi xavf-xatarlar tahdid solmoqda. Bunday vaziyatda har bir davlat va xalqning oʻz tanlagan yoʻli hamda qatʼiy pozitsiyasi boʻlishi kerak. Bu borada asosiy ijodkori xalqimiz boʻlgan yangilangan Konstitutsiyamiz barchamizga joʻshqin qudrat bagʻishlab turishi, shubhasiz.
Bugun biz 8-dekabr sanasini ilk bor yangi tahrirda qabul qilgan Konstitutsiyamiz ruhi bilan nishonlar ekanmiz, bu bayram siyosiy yetukligimiz, ijtimoiy intilishlarimiz, iqtisodiy yuksalishimiz, maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatimiz, umuman olganda, dunyoda hech kimdan kam emasligimiz, balki qudratli xalq ekanimiz, oʻzaro yangilangan tahrirdagi uchrashuvlarimiz bayramidir.
Salim DONIYOROV