Joriy yil 17-mart kuni Prezidentimiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi marka­zining rasmiy ochilishi hamda iftorlik ma­rosimida ishtirok etdi. Tadbir avvalida dav­latimiz rahbari butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor qutladi. Ho­zirgi gʻoyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulugʻ va bebaho neʼmat ekanini, 38 milliondan ziyod aholimiz yagona xalq, ahil bir oila boʻ­lib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini chuqur his etish zarurligini taʼkidladi.

Ramazon hayiti arafasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo musul­monlari uchun munosib tuhfa boʻldi. Ushbu be­takror va buyuk majmua — mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madani­yati, yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, oʻzining qanday ulugʻ meros egasi ekanini his etib, qalbi gʻurur va iftixorga toʻladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi 2025-yil­ning oʻzidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uygʻotgani, ular orasida qator davlatlar Prezidentlari, parlament va huku­mat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazir­lar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligi eʼtirofga molik. Loyihalash, qurish va zamo­naviy axborot texnologiyalari bilan jihoz­lashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Tur­kiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamla­katlardan malakali mutaxassislar qatnashgani ham inshootning mahobatidan dalolat beradi.

Prezidentimizning Payariq tumani­da qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi ham yurtdoshlarimiz va dunyo musulmonlarining eʼtibori markazida boʻldi. Yangi Oʻzbekistonning durdonasi boʻlgan bu majmuaning qoq markazidan buyuk hadisshu­nos bobomizning tabarruk maqbarasi oʻrin ol­gan. 14 ta moviy gumbaz, 75 metrli 4 ta minora qadamjoga ulugʻvor qiyofa bagʻishlaydi.

Imom Buxoriy majmuasida ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ba­jarilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Natijada ilgari ziyoratgohda bir kunda 12 ming kishiga xiz­mat koʻrsatilgan boʻlsa, hozir kuniga 65 ming ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega boʻldi. Majmua huzurida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infra­tuzilma, shinam mehmonxonalar, xizmat koʻr­satish shoxobchalari barpo etildi. 10 ming kishiga moʻljallangan ulkan masjid, maʼmu­riyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.

Navroʻz bu yil ana shunday buyuk tarixiy voqealar bilan birga muborak Ramazon hayi­ti bilan uygʻun kelgani alohida ahamiyat kasb etdi. Butun yurtimiz boʻylab nishonlangan bayram shodiyonalari “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan ezgu tamoyilga hamohang boʻldi.

Navroʻz tabiatning yangilanishiga mo­nand inson qalbidagi ezgu niyatlar, saxovat va bagʻrikenglik tuygʻulari yanada kuchayadigan qutlugʻ ayyom. Milliy qadriyatlarimizni yorqin ifoda etib, jamiyatda birlik va hamjihatlik­ni mustahkamlaydi, tabiatni asrash, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat qiladi.

Shunday shukuhli kunlarda butun borliq jonlanishiga hamohang odamlar ham faol ha­rakatga keldi. Hududlarda keng miqyosli obo­donlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Zero, Navroʻz falsafasida milliy qadriyatlar, xalqimizga xos fazilatlar bilan birga atrof-muhitni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash gʻoyasi mujassam.

Ona zaminga mehr va ehtirom koʻrsatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash, ekologik madaniyatni yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratish bugun har qachongidan ham muhim.

Bu jihatlar Prezidentimizning shu yil 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muho­faza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻl­jallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishuvida ham alohida qayd etildi. Taqdimotda atmosfe­ra havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Eʼtiborli jihati, poytaxtimizda Mil­liy dendrologiya bogʻini barpo etish konsep­siyasi taqdimoti ham oʻtkazildi. 108 gektar boʻlishi belgilangan ushbu yirik yashil hududda 50 ming tup daraxt koʻchati va 100 ming tup buta ekilishi nazarda tutilmoqda. Tabiiyki, bun­day katta hajmli “tabiat oʻpkasi”ga ega park biologik xilmaxillikni saqlash, havo sifa­tini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Soddaroq aytganda, bogʻ havo haroratini 2-4 daraja pa­saytirib, namlikni 10-15 foiz oshirishi mum­kin.

Qayd etilganidek, Milliy dendrologiya bogʻi faqat koʻkalamzor hudud boʻlmaydi. Bu yer ilmiy, maʼrifiy va jamoatchilik makoni si­fatida ham shakllantiriladi. Bogʻning marka­ziy qismida 1 gektarli sunʼiy koʻl va atrofida sakura bogʻi barpo etiladi. Bu yer universite­timiz uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekotaʼlim markaziga aylanadi.

“Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doi­rasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibot­ni oʻzaro bogʻlagan holda yangi tizim yaratila­di. Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila ola­digan kadrlar taqchilligi munosabati bilan 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 14 hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular ham universitetimiz tizimiga akademik hamkor­lik asosida biriktirilishi belgilandi.

Loyihaga koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028/2029 oʻquv yiliga borib, 10 mingga yetkaziladi. Ba­kalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, “yashil iqtisodiyot”, atrof- muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻlla­nishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻna­lishlar ochiladi. Taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim ti­zimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miq­dorda mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, taqdimotda choʻllanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohi­da koʻrib chiqildi. Ushbu loyihaga alohida toʻx­talayotganimiz boisi shuki, mazkur yoʻnalish boʻyicha universitetimizga katta masʼuliyat yuklandi. Xususan, yurtimiz hududining 70 foizi arid (juda quruq iqlimga ega) zonadan iborat. Yerning 70 foizdan ortigʻi degradatsiya­ga uchragan. Bu iqtisodiyotga har yili 830 mil­lion dollar zarar keltirmoqda. Orol dengi­zining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.

Shu munosabat bilan universitetimiz huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga ay­lanishi kutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yurita­di. Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, GIS va ma­sofadan zondlash texnologiyalari asosida yer holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi. Qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi. Tuproqning kimyoviy va fizikaviy tahlil ti­zimi takomillashtiriladi. Natijada choʻlla­nishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi. Orolboʻyi va qurgʻoqchil hu­dudlarda yashil qoplama hududi kengaytirila­di. Yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.

Kelajakda hamma soha ekologiya bilan hamohang boʻladi. Prezidentimizning 2023-yil 31-maydagi qarori asosida tashkil etilgan Mar­kaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida zamonaviy ekologik yoʻnalishlar qamrab olingan. Mazkur oliy taʼ­lim muassasasi butun faoliyati atrof-muhit­ni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va iqlim oʻzgarishlari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan min­taqadagi ilk ixtisoslashgan universitetdir. Oliygohda atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasi­da ommaviy kommunikatsiyalar yoʻnalishlari ochilgan. Oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Zero, yoshlarimizning ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumot olishi, bilimli, malakali va raqobatbardosh kadrlar boʻlishi tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qi­lish, davlat va jamiyat rivoji uchun muhim aha­miyat kasb etadi.

Baxtiyor POʻLATOV,

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini

oʻrganish universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor