Yangiqoʻrgʻon festivali yoshlar hayotida tub burilish yasadi

    Voqea-hodisalar 15 Yanvar 2021 1646

    Viloyat markazidan 60, tuman markazidan 35 kilometr olis masofada va chegara hududida joylashgan Nanay qishlogʻi haqiqiy bayramga guvoh boʻldi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Yoshlari forumida ilgari surilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan festivalda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov hamda sektorlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshligʻi va keng jamoatchilik qatnashdi.

    Sportni sev, sport bilan yasha!

    Tadbir muqaddimasida yaqinda respublika chempioni boʻlgan yangiqoʻrgʻonlik voleybolchi oʻsmir qizlar alohida eʼtirof etildi va ularning bu yutugʻi zamirida mahalliy murabbiy Ilhomjon Turdiyevning hissasi borligi taʼkidlandi. “Chekka joylarda sport shunday fidoyi insonlar sababli rivojlanmoqda. Ularni eʼzozlashimiz va mehnatini qadrlashimiz, qahramon murabbiylar safini kengaytirish harakatida boʻlishimiz kerak”, dedi viloyat rahbari.

    Shundan soʻng sportning ogʻir atletika, voleybol, mini-futbol, stol tennisi, boks kabi turlari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tomosha qilindi. Tumandagi musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilarga tashakkurnomalar va qimmatbaho esdalik sovgʻalari berildi.

    - Bugun biz uchun unutilmas boʻlib tarixga muhrlanadi. Viloyatimiz hokimi Yangiqoʻrgʻon tumanida jismoniy tarbiya va sport tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 100 million soʻmlik sport jihozlari uchun sertifikatni topshirdi. Shu ishonch va ragʻbatni xushxabarlar, yorqin gʻalabalar bilan oqlaymiz, deb vaʼda beraman. Qarang, Namanganning sportsevar birinchi rahbari bilan samimiy muloqot qurgan oʻgʻil-qizlarning koʻzi yonib turibdi, - dedi Yangiqoʻrgʻon tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi Sardorbek Asqarov.

    Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi...

    Festival doirasidagi “Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlar siyosatiga qaratilayotgan eʼtibor sifat va samaradorlik jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishini, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingan 2021-yilda yoshlarning orzu-istaklari roʻyobida tub burilish yili boʻlishini bildirdi.

    Qayd etish joiz, 2020-yilda Toʻraqoʻrgʻon tumanida yoshlar bilan oʻtkazilgan shunday ochiq muloqotda viloyat mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan 33 nafar talabaga jami 463 million soʻmlik shartnoma pullari toʻlab berilgandi. Bunday xayrli anʼana joriy yil boshlanishida ham davom ettirildi. Viloyatdagi ehtiyoj va talab yuqori boʻlgan, mutaxassislar yetishmayotgan sohalarni inobatga olgan holda, oliy taʼlim muassasalarining tibbiyot yoʻnalishlarida oʻqiyotgan 20 nafar talabaga jami 160 million soʻmga teng bir yillik kontrakt pullari oʻtkazib qoʻyilgani haqidagi sertifikatlar taqdim etildi.

    - Iqtidorli, zukko, aʼlochi, tashabbuskor, taʼlim-tarbiya va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan talabalar qatorida ekanligimdan gʻoyat xursandman. Toʻraqoʻrgʻon tumanining Yandama qishlogʻidanman. Hozirda Andijon Davlat tibbiyot instituti, pediatriya fakultetining 3-bosqich talabasiman. Otam - quruvchi usta, onam - hamshira, kenja farzandman. Volidamning kasbi menda havas uygʻotgan. Kelajakda yetuk va jamiyatimizga beminnat nafi tegadigan bolalar shifokori boʻlib yetishmoqchiman, xudo xohlasa. Fursatdan foydalanib, bir yillik toʻlov-shartnoma, yaʼni 8 million 216 ming soʻmlik sertifikat sohibiga aylanishim uchun menga tavsiyanoma yozgan, qoʻllab-quvvatlagan Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi, viloyat boshqarmasi, nomzodimni tasdiqlagan viloyatimiz hokimidan cheksiz minnatdorman. Ota-onam ham behad mamnun, tinmay tashkilotchilarni duo qilishyapti. Sinfdoshlarim, kursdoshlarim, ustozlarim qizgʻin tabriklashyapti, - deya quvonchini oʻrtoqlashdi Abdulaziz Abdulxodiyev.

    Namangan shahridagi 26-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, OʻzMUning amaliy matematika fakulteti talabasi Dilyorbek Abdulhamidovning ham bir yillik kontrakt puli toʻlab berilganidan muassasa direktori Dilorom Abdurahimovaning boshi osmonda.

    Ochiq muloqotda Nanay madaniyat saroyiga 50 million soʻmlik cholgʻu asboblari, kutubxonasiga 1000 dona kitob inʼom etilgani sanʼatga, adabiyotga oshno yoshlar uchun chinakam tuhfa boʻldi. Qolaversa, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan oʻrganishlar natijasida “Temir daftar”ga kiritilgan, mahallalardagi bir qator uyushmagan, yaʼni aniq mashgʻulot turiga ega boʻlmagan yoshlarga eng sara badiiy asarlardan iborat kitoblar toʻplami ulashildi.

    Bundan tashqari, viloyat rahbari Nanay qishlogʻida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga tushgan xonadonlarga kirib, odamlar bilan dildan gaplashdi. Xususan, “Soyboʻyi” mahallasida yashovchi qirgʻiz millatiga mansub Mirzaqayumovlar xonadonidagi uchrashuv hayajonli taassurotlar qoldirdi. Boisi, shu oilaning ikki farzandi Naima va Nodirbeklarga zamonaviy noutbuk hamda kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi. Kollejni tamomlagan bitiruvchi qizni ish bilan taʼminlash yuzasidan tegishli sektor rahbariga aniq vazifa yuklatildi.

    Endi yuzlab yoshlarning ish joyi bor

    Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Beshbuloq” mahallasida yoshlar festivali doirasida “Madina Shohruh tekstil” korxonasining ochilish marosimi boʻldi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi hisobiga 300 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. 130 nafar yoshlar va 50 nafar “Temir daftar”dagi fuqaro bandligi taʼminlandi.

    Korxonaning yillik quvvati 2,5 mln. dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishdan iborat. Ayni paytda korxonani kengaytirish boʻyicha aniq ishlar olib borilmoqda. Natijada tumanda boʻsh yurgan yigit-qizlar uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari paydo boʻlishiga erishiladi.

    — Chekka hududlarda shunday korxonalar ochilishi birinchi galda yoshlar bandligida muhim ahamiyatga ega. Muqim ish oʻrni va raqobatbardosh maosh ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi, chetga ish izlab ketish ham sezilarli kamayadi, — dedi topshirish marosimida ishtirok etgan viloyat rahbari.

    Viloyat hokimi va sektor rahbarlari korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

    Festival davomida Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Vodiy” mahallasida “Yan Med Diagnostika” diagnostika va davolash markazi oʻz faoliyatini boshladi. Binoni barpo etishda jami 6 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanib, Xitoydan 2 mlrd. soʻmlik zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 70 nafar bemorga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati bor. Hozirda markazda 50 nafardan ortiq, jumladan, 35 nafar ayol va 15 nafar yoshlar ishli boʻldi. Tibbiyot markazida ginekologiya, urologiya, kardiologiya va LOR kasalliklarini davolash hamda klinik bioximiya-laboratoriya amaliyotlarini bajarish yoʻlga qoʻyilgan.

    Ochilish tantanasida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tuman ahlini zamonaviy markaz bilan qutladi va jamoaga el salomatligini asrash borasidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyat tiladi.

    Darvoqe, shu kuni ochilgan mehnat yarmarkasida 240 dan ortiq boʻsh ish oʻrni haq toʻlaydigan korxona-tashkilot qidirayotgan yoshlar bilan toʻldi.

    Kim yurtiga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!

    Yoshlar festivalining yakuniy va eng lahzalari harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga toʻgʻri keldi. “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashining avtomobillari va harbiy texnika namoyishi, harbiy ot va itlar, maxsus boʻlinmalarning chiqishlari yigʻilganlarning olqishini qozondi. Xususan, tumanning 10-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan jangovar sahna koʻrinishlari, Qurolli kuchlar salohiyatini oʻzida ifoda etuvchi harbiy texnikalar namoyishi barchaga manzur boʻldi. Ha, bunday festivallarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrni beqiyos. Viloyat hokimining farzandlarimiz dardini tinglashni oʻrganishimiz va qoʻllab-quvvatlashga doim shay turishimiz kerakligi xususidagi chorlovi mutasaddilarga eslatma boʻldi.

    Festivalda viloyat sanʼatkorlari va ijrochi yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarannum qilingan kuy-qoʻshiqlari qalblarda doʻstlik, mardlik, fidoyilik, daxldorlik, shukronalik tuygʻularini joʻsh urdirdi. Shoir bitganidek, “Neki aziz boʻlsa, shartdir himoya!”

    Orifjon JOʻRAYEV,
    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri.