Tarixda bu hudud Qovunchi deb nomlangan. Bunga sabab, qadim-qadimdan hududda dehqonchilik rivojlangan, qovunning ko'plab navlari etishtirilgan. Shahardagi Qoraqulduq arig'ining chap sohilida Qovunchitepa xarobasi mavjud. Tadqiqotlarga ko'ra, mazkur tepalik o'rnida miloddan avvalgi VI, milodiy VIII va XV-XVI asrlarda gullab-yashnagan shaharcha bo'lgan.

Ayni paytda salkam 82 ming aholi istiqomat qilayotgan, ko'hna tarix va boy madaniyatga ega bu shahar yangilanish va yasharishning oydin yo'lidan dadil odimlamoqda. Bugun Yangiyo'l tamomila o'zgardi, bunyodkorlik ishlari sabab tobora go'zal qiyofa kasb etib bormoqda, aholining turmush farovonligi, dunyoqarashi yuksalyapti. Bu, avvalo, yurtimizdagi keng ko'lamli va xalqchil islohotlar natijasidir.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 5 yanvar kuni Toshkent viloyatiga tashrifi chog'ida Yangiyo'l shahridagi “Fayzli” mahalla fuqarolar yig'inida ham bo'ldi. Shu yerda shaharning bosh rejasi loyihasi, ko'p qavatli uy-joylarni ta'mirlash dasturi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirishga bog'liq ma'lumotlar bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. Shahardagi ko'p qavatli uylarni to'liq ta'mirlash, yangi ko'p qavatli uy-joylar, zamonaviy bog', bozor, supermarket, ko'prik qurish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

2020 yil 7 dekabrda esa Prezidentimizning “2021-2022 yillarda Yangiyo'l shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori imzolandi.

Bugun mazkur qaror va topshiriqlar hayotda o'z ifodasini topayotgani uchun Yangiyo'l shahrida bunyodkorlik ishlari keng quloch yoygan. Muhimi, bunday yangilanish va o'zgarishlarni odamlar o'z hayotida his etmoqda.

Ta'lim: zamonaviy yondashuv va samara

Ana shunday yangilanish va o'zgarishlarga bevosita guvoh bo'lish uchun Yangiyo'l shahriga yo'l oldik. Shaharga kirib kelar ekanmiz, dastavval “Happy kids” deb nomlangan bog'cha e'tiborimizni tortdi. Boisi, noodatiy me'morlik uslubida qurilgan bog'cha binosi shahar ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi. O'tgan yilning 25 noyabrida o'z faoliyatini boshlagan ikki qavatli bog'cha 100 o'rinli bo'lib, ayni paytda 58 bola tarbiyalanmoqda. Bu yerda 13 ta yangi ish o'rni yaratilgan.

— Bog'chamiz montessori usulida faoliyat yuritadi, — deydi maktabgacha ta'lim muassasasi direktori Nigora Boltaboyeva. — Bu dunyoda keng ommalashayotgan usullardan sanaladi. Bunda bolalar qaysi mashg'ulot bilan shug'ullanishni o'zlari ixtiyoriy tanlaydi. Kimdir rasm chizmoqchi bo'lsa, rasm chizadi, o'yinchoq o'ynayman desa, o'yinchoq o'ynaydi. Xullas, bolalar ortiqcha rasmiyatchiliklardan xoli tarzda xohlasa stulga, xohlasa yerga o'tirib sevgan ishi bilan mashg'ul bo'lishi mumkin. Bu usul bolalarni turli qoliplardan xalos etish, qiziqqan mashg'uloti bilan erkin shug'ullanishi orqali o'z iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan. Muloqot o'zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Rus va arab tillari to'garaklari mavjud. Mental arifmetika bo'yicha mashg'ulotlar o'tkaziladi. Bolalarning jismonan chiniqishi uchun sport mashg'ulotlariga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Bugungi kunda Yangiyo'lda 14 ta davlat, 2 ta nodavlat, 3 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 2 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat ko'rsatmoqda. 2018-2021 yillarda 1 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasi, 1 ta nodavlat, 3 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 2 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi, 12 ta davlat MTT to'liq rekonstruksiya qilindi. 2018 yilda shahardagi bunday muassasalar qamrovi 51 foiz bo'lgan bo'lsa, bugungi kunga kelib bu ko'rsatkich 78,2 foizga yetdi.

Yangiyo'l shahridagi aksariyat maktablar uzoq yillar davomida ta'mirtalab ahvolga kelib qolgandi. Binolar, inventarlar eskirib, talabga javob bermasdi. 2018-2021 yillarda barcha umumiy o'rta ta'lim maktablari kapital ta'mirlandi. Ta'limga qaratilgan e'tibor natijasida 2021 yilning o'zida 300 ga yaqin maktab bitiruvchisi xorijiy va mahalliy oliy ta'lim muassasalari talabasi bo'ldi.

Shahardagi 5-umumiy o'rta ta'lim maktabi ilg'or ta'lim muassasalaridan sanaladi. Bu erda 2030 o'quvchi tahsil olmoqda. 2017 yilda maktab “eng yaxshi dars ishlanmasi” ko'rik-tanlovida chizmachilik yo'nalishida respublikada 1-o'rinni qo'lga kiritgan, “Kenguru” xalqaro matematika tanlovida 2-o'rinni egallagan. 2019 yilda maktab bitiruvchilarining 25 foizi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirgan bo'lsa, o'tgan yili bu ko'rsatkich 46 foizga yetdi.

— 2005 yildan buyon shu maktab rahbariman, — deydi direktor Elvira Osmanova. — Ancha vaqt davomida maktabimiz e'tibordan chetda qolib, uni ta'mirlash, zamon talabiga moslashtirish ortga surilib kelayotgandi. O'tgan yili “Obod mahalla” dasturi doirasida ta'mirlandi, barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi. Yangi inventarlar, o'quv qurollari olib kelindi. Yaqin vaqt ichida maktabimizni STEM modeli asosida dars beradigan ta'lim muassasasiga aylantirish ko'zda tutilgan. Mazkur model matematika, xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, kimyo, biologiya fanlarini yaxlit, bir-biriga uyg'un tarzda o'qitishga asoslangan. Zamon talab qilayotgan muhim sohalar — robototexnika, dasturlash, mental matematika bo'yicha ham darslar o'tiladi.

Bugungi kunda Yangiyo'l shahrida jami 13 ta umumiy o'rta ta'lim maktabi faoliyat yuritib, ularda 15 ming 783 o'quvchi tahsil olmoqda.

Unutilmas siymo xotirasiga ehtirom

1974 yil 24 iyunda Yangiyo'l shahrida davlat arbobi, O'zbekistonni uzoq yillar boshqargan Usmon Yusupov yashagan uyda memorial uy-muzey tashkil etilgan. Bu uy-muzey uzoq yillar e'tibordan chetda qolib keldi. Mazkur dargoh Prezidentimiz tashabbusi ortidan Usmon Yusupovning 120 yilligi munosabati bilan 2020 yilda ta'mirlandi va ko'rkam, obod maskanga aylandi.

Muzeydan jami 4570 ta eksponat joy olgan. Uning memorial qismida Usmon Yusupovning shaxsiy buyumlari, kitoblari, kiyimlari, maishiy va etnografiya ashyolari saqlanadi. Ekspozitsiya qismidan esa davlat arbobining hayoti va faoliyatini yorituvchi fotosuratlar, hujjatlar, xatlar, rasmlar, haykalchalar, buyumlar o'rin olgan.

— Usmon Yusupov asli farg'onalik bo'lib, o'n to'rt–o'n besh yoshlarida oilasi bilan eski Qovunchi, hozirgi Yangiyo'l shahriga ko'chib kelgan, — deydi memorial uy-muzey direktori Sayyora Mamadaliyeva. — Oddiy dehqon oilasida ulg'ayib, davlat arbobi darajasiga ko'tarilgan bu inson sobiq sho'rolar hukmron bo'lgan eng murakkab davrda respublikani boshqargan. El-yurt farovonligi yo'lida sidqidildan mehnat qilgan. 1947 yildan umrining oxirigacha shu uyda yashagan. Bu yerga nafaqat mamlakatimiz, balki chet davlatlardan ham mehmonlar tashrif buyuradi. Uy-muzeyda turli bayramlarga atab ko'rgazmalar tashkil qilinadi. Shuningdek, tariximiz, xususan, Usmon Yusupovning hayoti va faoliyati haqida har oyda ikki marta maktab, kollej o'quvchilari ishtirokida suhbat va uchrashuvlar o'tkaziladi. Zero, bu insonning hayot yo'li, ibratli faoliyati bugungi yoshlar uchun chinakam tarbiya maktabi bo'la oladi.

Tadbirkorlar uchun qulay biznes muhiti

Yangiyo'l shahrida 2017 yilda 154 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritgan bo'lsa, bugungi kunga kelib ular soni 167 taga yetdi. 2017 yilda ular tomonidan 367,2 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich hozirgi kunda ikki barobar oshib, 724,3 milliard so'm mis eritiladigan pech o'rnatilib, kabel ishlab chiqarish uchun yarim tayyor mahsulot tayyorlanadi. Endi buyog'iga ko'proq mis kabellar ishlab chiqarishga e'tibor qaratmoqchimiz. Chunki ayni paytda mis kabellariga ehtiyoj ortib bormoqda. Mis alyuminga nisbatan qayishqoq va egiluvchan metall, elektr o'tkazuvchanligi yuqori. 2021 yilda korxonada 2,5 ming kilometr mis, 2,5 ming kilometr alyumin kabel ishlab chiqarildi. Joriy yilda mazkur ko'rsatkichni uch barobar oshirish ko'zda tutilgan. O'tgan yili 786 million so'm sof foyda ko'rdik. Endi mahsulotni Turkiyaga ham eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Yangiyo'l “Venetsiyasi”

Yangiyo'l shahridagi Qoraqulduq arig'ining ikki qirg'og'i bo'ylab 1,2 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped yo'lakchalari qurilganiga hali ko'p bo'lgani yo'q. Lekin allaqachon bu yer mahalliy aholining sevimli maskaniga aylandi. Uni aholi Yangiyo'l “Venetsiyasi” deb ataydi. Yaqin-yaqingacha ariq atrofi chakalakzor bo'lib, ovloq joyga aylanib qolgan edi.

O'tgan yilgi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida hudud go'zal va obod go'shaga aylandi. Qirg'oq bo'ylab temir panjaralar, tungi yoritkichlar o'rnatildi. Ariq yoqasiga turli manzarali daraxt ko'chatlari ekildi. Muhimi, mazkur maskan aholiga qo'shimcha qulayliklar yaratmoqda, odamlar bu erda sayr qilib, hordiq chiqarmoqda, sport bilan shug'ullanyapti. Piyodalar va velosiped yo'lakchalarini yanada uzaytirish borasida ishlar davom ettirilmoqda.

Shahar hududidan Jo'n kanali ham oqib o'tadi. Kanal bo'ylab avtomobil yo'li o'tgan, uning atrofida panjaralar o'rnatilmagani, chiroqlar ishdan chiqqani tufayli tunda avtomashinalar piyodalar harakatlanishiga xavf tug'dirardi. Aholi xavfsizligini ta'minlash maqsadida ushbu kanal bo'ylab 5,4 kilometr masofaga baland temirpanjaralar, 440 ta tungi yoritkich o'rnatilishi bilan mazkur muammolar hal etildi. Bunday amaliy ishlar shahar infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, aholi farovonligiga xizmat qilmoqda.

Vatan ichra vatanli bo'lish baxti

Yuqorida aytganimizdek, Yangiyo'l shahri uzoq yillar e'tibordan chetda qolib, ko'p qavatli turar joylar bunyod etilmadi. Tabiiyki, aholining yangi, zamonaviy uylarga ehtiyoji ortib boraverdi. Ana shunday talab va ehtiyojdan kelib chiqib, yurtimizning boshqa shahar va qishloqlarida bo'lgani kabi so'nggi yillarda Yangiyo'lda ham keng miqyosli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Natijada shahar qiyofasi tubdan o'zgardi, infratuzilma yaxshilandi.

Xususan, “O‘zshahar qurilish invest” IK tomonidan 2018 yilda 12 ta, 2019 yilda esa 10 ta 7 qavatli uy-joy qurildi. 2020 yil “Qishloq Qurilish Invest” IK tomonidan 1 ta 5 qavatli, 2021 yilda 3 ta 4 qavatli uy-joy barpo etildi.

— Ota-onam yoshligimda vafot etgan, opam bilan uzoq yillar ijara uylarda yashab, rosa qiynaldik, — deydi Sevara Po'latova. — Birinchi guruh nogironiman. Opam ishlab, menga qaraydi. O'zimizning beminnat uyimiz bo'lishini orzu qilardik. Bu orada Yangiyo'l shahrida ko'p qavatli uylar qurila boshlandi. Shu bois, shahar hokimligiga uy so'rab murojaat qildim. Shukrlar bo'lsinki, menga imtiyozli kredit asosida uy berildi. Yillar davomida zulmatga cho'mgan qalbim birdan yorishdi. Judayam xursand bo'ldim. Uyning boshlang'ich badali davlatimiz hisobidan to'lab berildi. Ikki xonali xonadonimizda barcha sharoit yaratilgan. Inson qadrini ana shunday ulug'layotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Hozirgi kunda shaharda zamonaviy loyihalar asosida tadbirkorlar tomonidan ham ko'plab zamonaviy turar joy-lar bunyod etilmoqda. “Sulaymon siti” MCHJ tomonidan qurilayotgan “Sulaymon City” yaqin vaqt ichida shaharning ko'rkam manzillaridan biriga aylanadi. Gap shundaki, mazkur loyiha doirasida shahar markazida o'ziga xos me'moriy echimga ega uchta 14 qavatli osmono'par turar joy binosi qad ko'tarmoqda. Shu choqqacha Yangiyo'l shahrida bunday baland inshootlar bo'lmagan. Uylar 200 ta xonadondan iborat bo'lishi, birinchi qavatida do'konlar, maishiy xizmat ko'rsatish majmualari, 14-qavatida esa restoran o'rin olishi ko'zda tutilgan.

2022 yilda ham turar joylar qurilishi davom ettiriladi. Xususan, shahardagi Fayzobod mahallasida 432 xonadonli 4 ta, Nov mahallasida esa 840 ta xonadonli 20 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.

Qovunchitepada turistik zona tashkil etiladi

— Bir paytlar Yangiyo'l shahri yirik ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo'lgan, — deydi shahar hokimi Farhod Mirzayev. — Bu yerda poyabzal, tipografiya, qandolat fabrikasi, un zavodi, yog'-moy kombinati, konserva zavodi, paxta zavodi, mexanizatsiyalashtirilgan ko'chma qurilish tashkiloti kabi yirik korxonalar faoliyat yuritgan. Mazkur korxonalarning har birida minglab odam ishlagan. O'rtada shunday bir davr bo'ldiki, bu sohalar e'tibordan chetda qoldi, yaxshi mutaxassislar boshqa joylarga ko'chib ketdi, ishlab chiqarish o'z holiga tashlab qo'yildi. Korxonalar faoliyati to'xtagandan so'ng ishsizlik kuchaydi. Prezidentimizning 2018 yil 5 yanvarda Yangiyo'l shahriga tashrifidan so'ng shahar hayotida tom ma'noda yangi davr boshlandi. Davlatimiz rahbari mahallalarga borib, fuqarolarning turmush sharoiti bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qildi. Ularni qiynayotgan muammolarni so'radi. Yangiyo'l shahrini obod qilish, infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush farovonligini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi. Ana shu topshiriqlar, vazifalar asosida shaharda zamonaviy bog'chalar, maktablar qurildi, mukammal ta'mirlandi. Ichimlik suv masalasi, kanalizatsiya tarmog'i, yo'l infratuzilmasini yaxshilash bilan bog'liq keng miqyosli ishlar bajarildi. Yangiyo'l shahri tarixida bo'lmagan ko'lamda ko'p qavatli turar joy binolari bunyod etildi, yangilari qurilmoqda. Aholining uy-joyga bo'lgan ehtiyoji ta'minlanmoqda. Dehqon bozori ta'mirtalab, abgor holatga kelib qolgandi. Mahsulot sotiladigan rastalarda na tartib, na sharoit bor edi. Bozor maydoni ikki gektardan to'rt gektarga kengaytirilib, zamonaviy asosda qayta qurildi. Sotiladigan mahsulot turiga qarab alohida rastalar tashkil etildi. Bozor oldin 630 o'rinli bo'lgan bo'lsa, kengaytirilgandan so'ng 1850 ta ish o'rni yaratildi. Shaharda yangi korxonalar o'z faoliyatini boshlab, yangi ish o'rinlari ochilishi bilan bu yerga odamlar ko'chib kelmoqda, o'z kelajagini shu shaharda ko'rmoqda. Bir so'z bilan aytganda, yangiyo'lliklar yangi hayot nashidasidan mamnun.

Yangiyo'l shahrining turistik salohiyatini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Xususan, Qovunchitepa madaniy meros ob'yekti hududida turistik maskan barpo etish rejalashtirgan.

— Yangiyo'l shahri kengashi deputatlari Qovunchitepa madaniy meros ob'yekti hududida turistik zona tashkil etish tashabbusini ilgari surdi, — deydi tarixshunos olim Orif Norto'rayev. — Mazkur tashabbusni shahar kengashi sessiyasiga olib chiqmoqchimiz. Ilgari surayotgan tashabbusimizga ko'ra, Qovunchitepa hududida turistik infratuzilma yaratish, xususan, bu yerda muzey tashkil etish, unda Yangiyo'l shahri hududidan topilgan tarixiy buyumlar, eksponatlarni joylashtirish, hunarmandlar rastalari ochish orqali xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb etish ko'zda tutilgan. Shu o'rinda, Yangiyo'l shahri tarixi, madaniyati, bugungi hayotidan hikoya qiluvchi “Yangiyo'l shahri taraqqiyot sari” deb nomlangan tarixiy kitob-albom nashrga tayyorlanganini qayd etish kerak. Yaqin orada bu kitob kitobxonlar qo'liga yetib boradi.

Joriy yilda shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi xonadonlarida yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurish, xizmatlar sohasini va boshqalar hisobiga besh mingdan ziyod fuqaroning bandligini ta'minlash, 14 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 9,5 kilometrli suv tarmog'ini, 2 ta suv tarqatish inshootini qurish, Bahor va Nov mahallalarida “Obod mahalla” dasturi asosida qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilishi ko'zda tutilgan.

Albatta, bu hali boshlanishi. Qilinajak ishlar ko'p. Ularning hayotga tatbiq etilishi shahar rivojiga, aholi turmush farovonligining yanada oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Shahzod G'afforov,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri