Yashirin materiya nima degani?
“Yashirin materiya” atamasi aslida astronomiya va kosmologiyaga bundan yuz yil avval kiritilgan bo'lib, materiyaning qandaydir ko'rinmas shaklini anglatadi. U farazlarga ko'ra, butun koinotning to'rtdan bir qismini tashkil etadi. Bunday yashirin substantsiyaning mavjudligi butun koinotda yuz berayotgan ko'plab jarayonlar mohiyatini, sir-asrorlarini ochib berishga xizmat qiladi. Masalan, galaktikaning tashqi (chekka) hududlari koinotda ularning og'irligi imkon beradigan darajadan tezroq aylanadi.
Yashirin, ko'rinmas materiya mavjudligi haqida fikr havola qilinganidan buyon u ko'p jihatdan jumboqligicha qolayotir. Shu kungacha olimlar yashirin, qorong'u materiyani bilvosita kuzatishga muvaffaq bo'ldi. Ya'ni, uning ko'rinadigan materiyaga ta'siriga oid xulosalarga ega bo'ldi. Jumladan yashirin materiya galaktikani butunlikda tutib turish uchun sayyoralarning bir-birini tortib turuvchi tortishish maydonini yuzaga keltira oladi, deb xabar berdi vokrugsveta.ru.
Uni nima uchun ko'rib bo'lmaydi?
To'g'ridan-to'g'ri sabablaridan biri shundaki, materiyani tashkil etuvchi sanoqsiz ulkan zarralar elektromagnit maydoni orqali bir-biriga ta'sir ko'rsatmaydi, ya'ni qorong'u materiya nurlarni yutmaydi, aks ettirmaydi va nur tarqatmaydi. Shu sabab yaqqol ko'rinmaydi.
Qorong'u materiya nimalardan tashkil topgan?
Bu borada ko'plab nazariya mavjud, biroq ko'pchilik tadqiqotchilar uning o'zaro kuchsiz ta'sir ko'rsatadigan, hajm va og'irligi jihatidan ulkan zarralar (vimplar – inglizcha weakly interacting massive particle, WIMP) iborat deb taxmin qilishadi. Vimplar protondan ko'ra og'irroq, ammo boshqa zarralar bilan kuchsiz ta'sirlashadi.
Bu materiyadagi o'ziga xos gamma-nurlarini astrofiziklar uzoq yillardan buyon qidirishadi. O'rganilayotgan mintaqalardan biri “somon yo'li” galaktikasi markazi sanaladi. Tokio universiteti professori Tomonari Totani oxirgi 15 yillik tadqiqotlari natijasini tahlil etib, qorong'u materiyada gamma-nurlarni topishga muvaffaq bo'ldi. Bu astronomiya va fizika sohasini rivojlantirishda ham o'ziga xos qadam bo'ldi va koinotdagi ko'plab jumboqlar sirini ochishga yordam beradi, deya ta'kidlaydi professor.