Yaponiya Bosh vazirining oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Yanvar 2021 1431

    Joriy yil 15-yanvarda videokonferensiya shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yaponiya Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi masalalari hamda uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 2019-yilning dekabrida Yaponiyaga oliy darajada amalga oshirilgan tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar doirasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy tendensiya kuzatilganligi qayd etildi.

    Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlik qilishning borishi hamda ikki tomonlama yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq qator masalalar alohida muhokama qilindi. Yaponiya tomoni Yaponiyada xususiy biznes vakillarining Oʻzbekistonda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida qoʻshma korxonalar tashkil etishga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.

    Muloqot chogʻida, shuningdek, joriy yilga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar, jumladan, Oʻzbekiston — Yaponiya parlamentlararo forumining 3-yigʻilishi hamda Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Yaponiya va Yaponiya — Oʻzbekiston qoʻmitalarining navbatdagi yigʻilishlarini tashkil etish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlik doirasida keyingi tadbirlarni belgilab oldilar va hamkorlikning asosiy jihatlari boʻyicha aniq kelishuvlarga erishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.