Yaponiya Oʻzbekistonning istiqbolli loyihalariga qiziqish bildirdi

    Xalqaro hamkorlik 31 Iyul 2020 2245

    Joriy yil 30-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) prezidenti Sh.Kitaoka oʻrtasida videomuloqot oʻtkazildi.

    Muloqot davomida Oʻzbekistonning energetika, qishloq xoʻjaligi hamda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish sohalaridagi loyihalar batafsil oʻrganib chiqildi. Oʻzbekistonda meva va sabzavotchilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya moliya institutining qoʻshimcha mablagʻlarini jalb qilish istiqbollari alohida muhokama etildi.

    Shuningdek, yangi loyihalar doirasidagi mablagʻlar Oʻzbekiston iqtisodiyotini amaliy qoʻllab-quvvatlashga, xususan, mahsulotlari eng koʻp talab qilinadigan tarmoqlarda sanoat ishlab chiqarishini faollashtirishga, kichik va xususiy biznesning faolligini qoʻllab-quvvatlashga hamda tashqi savdoni ragʻbatlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilishi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston tomoni mintaqaviy ahamiyatga ega, xususan, infratuzilmani takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishida Markaziy Osiyo davlatlari va (USDFC) AQSH Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida tashkil etilishi rejalashtirilgan Investitsiya jamgʻarmasi bilan birgalikda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) ham ehtimoliy ishtirokini koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqdi.

    Videomuloqot yakunida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar v tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.