Elchi Yaponiya tomoni vakilini Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, turizmni rivojlantirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan keng qamrovli islohotlar, fuqaro aviatsiyasi bozorini erkinlashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatning mintaqaviy aeroportlarida “ochiq osmon” rejimining joriy etilishiga doir atroflicha maʼlumotlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Muzokaralar chogʻida Yaponiyadan Oʻzbekiston shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish va turizm sohasida loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Samarqandda soatiga 800 nafar yoʻlovchiga va haftasiga 120 tagacha havo qatnoviga xizmat koʻrsata oladigan zamonaviy aeroport terminali hamda yangi sayyohlik markazi ochilganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Yaponiyaning yirik shaharlaridan Oʻzbekistonga charter havo qatnovlarini koʻpaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.